1.1. Emotsional-ekspressivlik jihatdan o’zbek tili leksikasi
Til-umumiy, nutq esa xususiy hodisadir. Nutq ikki shaklda bo’ladi: og’zaki va yozma. Og’zaki nutq bevosita, yozma nutq bavosita amalga oshiriladi.
Xalq tili o’zbek xalqining so’zlashuv nutqidir. Xalq tili tarkibiga adabiy til ham kiradi. Xalqning asosiy til boyligi adabiy til hisoblanadi. Adabiy til xalq tilining fonetik, talaffuz, lug’aviy va grammatik jihatidan me’yorlashtirilgan eng yuqori shaklidir. Adabiy til me’yorlari va qoidalari shu xalq tilida so’zlovchilar uchun umumiy bo’ladi.
Adabiy tilning ham ikki ko’rinishi mavjud: og’zaki adabiy til (radio, televideniye); yozma adabiy til (matbuot tili) .
O’zbek tiliga oid dastlabki yozma yodnomalar (O’rxun-Enasoy yozuvlari) V- VIII asrlarga oiddir.
Tildagi so’zlarning qo’llanishi bir xil darajada emas. Qo’llanish doirasi jihatidan o’zbek tili leksikasi ikki xil bo’ladi: 1.Umumiste’mol leksikasi ( iste’mol doirasi chegaralanmagan leksika) 2. Iste’mol doirasi chegaralangan leksika.
I. Umumiste‘mol leksikasi
O’zbek tili lug’at tarkibini asosan shu tilda so’zlashuvchilar uchun tushunarli bo’lgan va barcha o’rinlarda qo’llanadigan so’zlar tashkil etadi. Bunday so’zlar umumiste’mol leksikasi yoki qo’llanish doirasi chegaralanmagan leksika deyiladi. Masalan: ota,ona, shirin, uch, to’rt, men, kelmoq, bormoq, aytmoq, son, kun, ish, payt, tun, bugun, erta va h.k.
II. Iste‘mol doirasi chegaralangan leksika
Iste’mol (qo’llanish) doirasi chegaralangan leksika uch xil bo’ladi: 1) dialektal leksika; 2) terminologik leksika; 3) jargon va argolar.
Dialektal leksika
Ma’lum hududda qo’llanilib, shu hudud (territoriya) aholisi (vakillari) uchungina tushunarli bo’lgan so’zlar sheva so’zlari yoki dialektal leksika deyiladi. Bunday so’zlar dialektizmlar ham deb yuritiladi.
Sheva so’zlari adabiy tildan uch xususiyatiga ko’ra farqlanadi:
a) fonetik xususiyatiga ko’ra: aka-oka, bola-bala, dada-doda, kovush-govush,edi-jedi. b) leksik xususiyatiga ko’ra: kartoshka-barang, yong’oq-g’o’z, g’isht-karvich, buzoq-o’jak, narvon-shoti. v) grammatik xususiyatiga ko’ra: oshni-oshti, kelyapti-kevotti, boramiz-boravuz, bobomga-boboma.
Ba’zi so’zlar adabiy til va dialekt(sheva) da qo’llangani holda, adabiy tilda shevadagidan o’zgacha ma’noda ishlatiladi. Masalan, irkit; adabiy tilda: “kir, iflos”; shevada: “ayron xalta” ma’nosini bildiradi. Tavoq; adabiy tilda ichi chuqur idish; Farg’ona shevasida “lagan” ma’nosida qo’llanadi.
Bir-biriga yaqin bo’lgan shevalar yig’indisi lahja deyiladi. O’zbek xalq shevalari uchta lahjaga birlashadi.
Qarluq lahjasi. Bu lahjaga Farg’ona, Toshkent tipidagi shahar shevalari kiradi. Bu lahjaga kiruvchi shevalar “y-lashgan” deb ham yuritiladi.
Qipchoq lahjasi. Bu lahjaga kiruvchi shevalar “j- lashgan” ham deyiladi. Negaki, so’z boshidagi y o’rnida asosan j qo’llanadi; yo’ldosh-jo’ldosh, yil-jil, etti-jetti.
Do'stlaringiz bilan baham: |