Kosonsoy shahri- Namangan viloyatining Kosonsoy tumanining markaziy shahri, tuman markazi. Yaqin temir yoʻl stansiyasi va viloyat markazi — Namangandan 28 km. Shahar Kosonsoy viloyatning shimoliy qismida, Oʻzbekiston bilan Qirgʻizistonni bogʻlab turuvchi avtomagistral yoqasida, Kosonsoy soyining har ikki sohilida joylashgan. Oʻrtacha 760 m balandlikda. Hozirda aholisi 42 mingga yaqin. Kosonsoy suv omboridan suv oladi. Shaharda shoyi toʻqish, poyabzal fabrikalari, mahalliy sanoat, non kombinatlari, qurilish tashkilotlari, Oʻzbekiston-Italiya, Oʻzbekiston-Turkiya qoʻshma korxonalaridan "Kosonsoy-Tekmen", "Atlasmen" va boshqa yuzlab kichik korxonalar faoliyat koʻrsatmoqda. 12 umumiy taʼlim, musiqa maktablari, pedagogika va tibbiyot bilim yurtlari, iqtisodiyot, maishiy xizmat, transport, aloqa va yengil sanoat kasb-hunar kollejlari mavjud. Madaniyat uyi, "Toʻqimachilar" madaniyat saroyi, markaziy va bolalar kutubxonalari, stadion (25 ming oʻrin), "Doʻstlik" va "Yoshlar" xiyobonlari, madaniyat va istirohat bogʻi, oʻlkashunoslik muzeyi bor.
Do'stlaringiz bilan baham: |