Tirnogʻi bilan yirtib gul sinasini sansiz,
Koʻrkim tani sar to sar xunobu figor oʻlmish. [I. 240]
“Tirnoq” va “sina” so‘zlari inson tana a’zolari bo‘lib, ular o‘simlikka ko‘chirilgan. Ogahiyda “sina” so‘zi fonetik o‘zgarishga uchragan. “Siyna” so‘zidagi y tovushi tushib qolgan va “sina” tarzida qo‘llangan. Uning ko‘krak, ko‘ks; dil, qalb, yurak; quchoq, bag‘ir, og‘ush94 singari ma’nolari bor.
“Yana koʻngulga solib ishqing” va “Sham” radifli g‘azallarda ham kiyim qismini anglatuvchi “yaqo” so‘zi gul va shamga ko‘chirilgan.
Bu gulshan ichra xazon ofatidin aylab vahm,
Yaqoni chok qilur gul bosh irgʻotib har shox. [I. 148]
Ne uchun devonalardek yigʻlabon yirtib yaqo,
Ul parivash ishqida gar xud emastur zor sham? [I. 266]
2.Zoomorfik metafora. Bu hayvonlar va ularning tana a’zolari nomini ifodalagan leksemalar ma’nosining metaforik usulda koʻchishi boʻlib, bu turga boʻri, tulki, ayiq, ilon, it, shox, dum, qanot kabi leksemalarning metaforik ma’no hosil qilishi kiradi.
3.Fitomorfik metafora. Bu daraxt va oʻsimliklar va ularning qismlari nomini anglatgan leksemalar ma’nosining koʻchishi natijasida hosil boʻlgan metafora boʻlib, gʻuncha, gul, chinor, chaqirtikanak, danak kabi leksemalarning metaforik ma’noda qoʻllanishi bunga misol boʻladi.
Shu o‘rinda fitomorfik va fitonomik atamalarni bir biridan farqlash lozim. Fitonimik metafora deganda, faqat o‘simlik nomlari asosidagi nom ko‘chishlari nazarda tutiladi: “chinor” – uzoq umr, “sarv” – qad, “lola” – chiroy kabi. Biroq fitomorfik metaforada o‘simlik nomlari, xususiyatlari, qismlari, hosil, mahsulot nomlarining metaforik qo‘llanilishi nazarda tutiladi95.
Ogahiy g‘azallarida ko‘pincha gulning nargis, sunbul, rayhon, ra’no,sarv kabi turlari nomi tilga olingan.
Ne ajab sarvu sumangʻa boqmasam, ey bogʻbon,
Kim erurman bukun ul sarvi sumanbardin judo. [I. 73]
Baytdagi sarvi suman, sarvi sumanbar kabi birikmalardagi sarv so‘zi qaddi-qomati kelishgan, xushqomat ma’nosida kelgan va mahbubani ifodalagan
Jahon raʼnolarining suhbatin koʻnglum na qilsunkim,
Ango ul dilraboning bazmi vasli ishtiyoqi bas. [I. 234]
Ra’no atirgullar oilasiga mansub ko‘p yillik o‘simlik va uning qizil yoki sariq xushbo‘y guli. Ko‘chma ma’noda esa go‘zal, barno ayol96.Ushbu oshiq yigit uchun jahondagi eng go‘zal, barno ayollarning suhbatidan ko‘ra o‘z ma’shuqasining vasli ortiqroqdir.
4.Kosmomorfik metafora. Osmon jismlari nomi asosida hosil qilingan metafora. Bunday metafora oy, quyosh, qamar, yulduz, osmon, nur, shu’la kabi leksemalar ma’nosini metaforik usul bilan koʻchirish natijasida hosil boʻladi.
Ogahiy ijodida Quyosh tushunchasini ifodalovchi Quyosh, Oftob, Shams, Mehr so‘zlari mavjud bo‘lib, ulardan Quyosh, Kun - turkiy, Xurshid, Mehr, Oftob – forsiy, Shams – arabiy qatlamga mansubdir.Bu sinonimik qatorda Quyosh termini dominanta bo‘lib xizmat qiladi97. Mazkur so‘zlar nozik ma’no tafovutlariga ega. Shoir ijodida oy va quyosh kabi leksemalar ko‘p qo‘llanilgan bo‘lib, ular asosan go‘zal yorning, mahbubaning xususiyatlarini ifodalagan.
Ul oy raqibigʻa mehru vafo qilib har dam,
Mango figʻonki bajuz javr ila jafo qilmas. [I. 230]
Ey falak, har kun manga arz etma xurshidingnikim,
Ul quyoshning mehri afzunroq damo-damdur mango.(I.54)
Baytlarda qo‘lanilgan oy va quyosh leksemalari metaforanining kosmomorfik turini hosil qilgan.
5.Abiomorfik metafora. Metaforaning bu turiga yuqorida sanab oʻtilgan turlariga kirmaydigan, tabiatdagi jonsiz narsalarni ifodalovchi leksemalar ma’nosining metaforik koʻchishidan hosil boʻlgan metaforalar (temir, tosh, kishan) kiradi”98.
Ogahiy she’riyatida ham metaforaning bu turini uchratish mumkin:
Har kimki faqr goʻshasi boʻlmish makon ango,
Xotir hamisha dahr gʻamidin amon ango.[I. 60]
Ne ajab shikasta koʻngul ishi tunu kun figʻon ila noladur-
Ki, na gʻam toshiki, falak otor anga lahza-lahza havoladur. [I. 174]
Yuzida chinmudir har sori tushkan sovuq ohimdin,
Bu sarsar birla, yoʻq ersa gʻazab daryosi toshibdur. [I. 173]
Baytlarda tarkibida kelgan dahr gʻami, gʻam toshi va gʻazab daryosi kabi birikmalardagi g‘am, tosh va daryo so‘zlari o‘z ma’nolarida kelmay, ko‘chma ma’no ifodlagan.
Antropotsentrik metafora bevosita insonning ichki va tashqi sifatlari bilan bogʻliq boʻlgan metaforalardir. Bu metaforalar qanchalik rang-barang boʻlmasin, uning markazida inson turadi. Antropotsentrik metafora oʻz ichiga antropomorfik metaforani ham oladi. Insonga xos xususiyatlarning, inson tana a’zolarining, kiyim-boshlari va ular qismlarining metaforik qoʻllanishidan tashqari (biz ularni shartli ravishda “odam→borliq” yoʻnalishidagi metafora deb ataymiz), borliq hodisalarining insonga nisbatan metaforik qoʻllanilishi ham keng uchraydi. Masalan, zoonimlar, fitonimlar, ornitonimlar, abionimlar ham metaforik ma’noda insonga nisbatan istifoda etiladi.
Antropotsentrik metafora teomorfik metafora99 tizimida ham koʻplab uchraydi. Teomorfik metafora –diniy-mifologik obrazlarning ko‘chma ma’noda kelishidir. S.G‘oyibov ham metaforaning bu turi haqida o‘z fikrlarini berib o‘tadi. Olim diniy-afsonaviy tushunchalarni anglatuvchi so‘zlar ham metaforik ma’noda emotsional-ekspressiv bo‘yoq yaratadi100, – deya ta’kidlaydi.
Metaforaga har doim funksional jihatdan qarash kerak. Bunda, bir tomondan, uning shoirga dilidagini ifodalashga, ikkinchi tomondan, sheʼrxonga ularni his qilishga qanchalik yordam berayotganini diqqat markaziga qoʻyish muhim. Zero, metafora ijodiy faoliyat mahsuli ekan, xuddi badiiy asar yoki obraz kabi ikkala tomonni, ijodkor va oʻquvchini birdek nazarda tutishni taqozo etadi. Demak, metaforaning she‘riyatdagi oʻrni va ahamiyatini tasavvur qilish uchun uning she‘riy matnda bajarayotgan funksiyalarini koʻzdan kechirish zarurdir.
Do'stlaringiz bilan baham: |