OGAHIY SHE’RIYATIDA METAFORA TURLARI
Toirova Vazira
Alisher Navoiy nomidagi Toshkent davlat oʻzbek tili va adabiyoti universiteti 2-bosqich magistranti
Annotatsiya: Ushbu maqolada metafora va uning an’anaviy hamda zamonaviy tilshunoslikdagi tasniflari, shuningdek, Ogahiy she’riyatida uchraydigan metaforalar, ularning semantik tasniflari haqida ma’lumotlar berilgan.
Kalit soʻzlar: Ogahiy, metafora, an’anaviy tilshunoslik, zamonaviy tilshunoslik, metafora turalari.
Аннотация: В данной статье представлена информация о метафоре и ее классификациях в традиционной и современной лингвистике, а также о метафорах, встречающихся в поэзии Огахи, и их семантических классификациях.
Ключевые слова: Агахи, метафора, традиционная лингвистика, современная лингвистика, метафорические типы.
Metafora dunyo tilshunosligida ham, oʻzbek tilshunosligida ham yaratilgan barcha tadqiqotlarda soʻz maʼnosining koʻchishi bilan bogʻliq lingvistik hodisalarning markazida turadi. Chunki tildagi koʻchma maʼnodagi soʻzlarning asosiy qismini metaforik usul bilan koʻchganlari tashkil qiladi. Soʻz maʼnosi koʻchishi bilan bogʻliq tadqiqotlarning barchasida asosiy eʼtibor metaforaga qaratiladi.
Oʻzbek tilshunosligida soʻz maʼnolarini tizimli oʻrganish oʻtgan asrning oʻrtalarida boshlandi. Soʻzlarning semantik strukturasi, tarkibi, monosemiya va polisemiya hodisalari dunyo tilshunosligida maʼlum darajada oʻrganilgan, ular oʻzbek semasiologik tadqiqotlari uchun nazariy metadologik asos vazifasini bajardi.
O‘zbek tilida metaforalarni o‘rganishning tarixi asosan Sharq mumtoz adabiyoti va falsafa maktablari bilan uzviy bog‘likligini atroflicha tekshirgan U.S.Qobulova metaforani adabiy istiloh deb baholaydi hamda uni o‘xshatishdan “bamisoli”, “misli”, “kabi”, “singari” so‘zlarining tushib qolishi evaziga farqlaydi86.
Barcha tillarda bo‘lgani kabi, metaforalarni tekshirish o‘zbek tilshunosligida ham XX asrning so‘nggi o‘n yilliklariga kelib o‘zining jiddiy ilmiy-tadqiqiy rivojini topdi.
Oʻzbek anʼanaviy tilshunosligida “M.Mirtojiyev, S. Usmonov, T. Aliqulov, Sh. Rahmatullayev, O.Azizov, Z. Tohirov, zamonaviy tilshunoslikda G. Qobuljonova, D. Rustamova, Sh. Maxmaraimova. A. Xoʻjamqulov”87 kabi olimlarning tadqiqotlarida, asosan, metafora va uning turlari oʻrganilganligini koʻrish mumkin.
Oʻzbek tilshunosligida metafora tadqiqining oʻz anʼanaviy doirasidan chiqib struktur bosqichga koʻtarilganligi oʻzbek metaforologiyasi shakllanishi va rivojlanishi uchun yangi ufqlarni ochdi.
Oʻzbek anʼanaviy tilshunosligi metafora tushunchasini fanga olib kirdi, ularni lisoniy va nutqiy turlarga ajratdi, biroq tilshunoslik nutqiy hodisalarni umumlashtirish bosqichiga qadam qoʻyayotganligi bois lisoniylashgan metaforalarga eʼtibor koʻroq qaratildi.
Metaforologiya sohasida zamonaviy paradigmalar asosida tadqiqot olib borgan “tilshunos Z. Tohirov nutqiy metaforik maʼno, ular vujudga kelishini lisoniy va nolisoniy omillari xususida koʻplab yangi fikrlarni bayon etdi”88. “Oʻzbek tilida nutq jarayonida metafora sodir boʻlar ekan, bu hodisa hosila sememadagi pragmatrik sema hosil boʻlishi bilan xarakterlanadi. Masalan, sher, burgut, lochin, ohu, qashqir leksemalarining kishi aʼzosini bildiruvchi semema, laʼl, charos, bodom, gul leksemalarining kishi aʼzosini bildiruvchi semema hosil qilishi metafora boʻlib, bunda hosila semema pragmatik ma’noga ega boʻladi”89.
Tilshunos G. Qobuljonovaning metafora talqiniga bagʻishlangan ishi oʻzbek tilshunosligini yangi bosqichga koʻtardi. Olima nutqiy metaforani lingvistikaning oʻrganish obyekti ekanligi haqidagi gʻoyasini dadil koʻtarib chiqdi va poetik hamda nutqiy metafora bir hodisaning turli tomondan yondashish asosidagi har xil nomlari ekanligini, bundan narsaning serqirralik tamoyiliga tayanish lozimligini taʼkidlaydi. “Soʻz maʼnosining koʻchishi bilan bogʻliq lisoniy hodisalarni talqin etishda ana shu omillarga asoslangan tamoman yangi va oʻziga xos tadqiqot tilshunos S.Hojiyev tomonidan yaratildi”90.
S.Hojiyev dissertatsiyasida maʼno koʻchishi faqat nominativ vazifa bajaribgina qolmaydi, balki maʼlum ijtimoiy ongda borliqning lisoniy tasvirini berishi vositasi sifatida talqin qilinadi. Maʼlumki, tilshunoslik fani taraqqiyotining hozirgi bosqichi struktural-funksional izlanishlardan tilda inson omili va shunga aloqador masalalar, yaʼni “tilning dunyoni bilishda kognitiv modellarning milliy oʻziga xosligi kabi tushunchalarni talqin qilishga qaratilgan kognitiv-semantik, sotsiolingvistik va kulturologik yoʻnalishlar tomoniga eʼtiborning kuchayishi bilan xarakterlanadi”91. Bu borada tadqiqotchi Sh.Maxmaraimovaning “Olamning milliy lisoniy tasvirida teomorfik metaforaning kognitiv aspekti”92 nomli dissertatsiyasi oʻzbek tilshunosligida yangi hodisa boʻldi.
Zamonaviy tilshunsolikda antroposentrik tasnifga ko‘ra tadqiqotchi A.Xoʻjamqulov metaforalarninig quyidagi turlarini farqlaydi:
1.Antropomorfik metafora. Bu inson va unga tegishli (xos) boʻlgan (tana a’zosi, kiyimi) predmetlar nomi asosida hosil qilingan metafora boʻlib, bosh, oyoq, qoʻl, ogʻiz, til, tish, quloq, yeng, yoqa, tirnoq kabi leksemalar ma’nosining metaforik usulda koʻchishi.
Ogahiy she’riyatida ham metaforaning bu turiga ko‘plab misollar uchraydi.
Charx boshigʻa solib dogʻi ayoqin qildi band,
Toki sarkashlik bila koʻrguzmagay raftor sham. [I. 266]
Baytda “bosh” so‘zi charx so‘ziga bog‘lanib kelgan. Ma’lumki, bosh inson tana a’zosi. “O‘zbek tilining izohli lug‘ati”93 da esa charx so‘zining quyidagi ma’nolari berilgan:
CHARX [f. – gʻildirak; doira, aylana; chigʻir] 1 Ip yigiradigan dukli qoʻl asbobi. 2 Har xil asboblarning, qurilmalarning aylanadigan qismi; parragi. 3 Kesuvchi asboblarning tigʻini oʻtkirlaydigan, qayraydigan asbob. 4 koʻchma. Gardish, aylana. 5 koʻchma poet. Falak; dunyo.
Demak, misradagi charx so‘zi falak, dunyo ma’nosida kelib, falak boshiga birikmasi antromorfik metaforani hosil qilgan.
Do'stlaringiz bilan baham: |