Ijtimoiy-madaniy faoliyat bilan shug‘ullanuvchilarning hayotiy mo‘ljallari va ta'lim qadriyatlari
Ong va tafakkur o‘zgarishlarini izchil amalga oshirish, ma'naviy hayotning barcha jabhalarini isloh etish xususan, ertangi kun mazmunini nechog‘li boyitish, o‘zgartirish rejalariga bevosita bog‘liqdir. Jamiyatni pozitiv o‘zgartirish jarayonlari esa shaxsning o‘z-o‘zini o‘zgartirish tadbirlaridan boshlanadi. Individual maqsadlar, rejalarning nechog‘li ijtimoiy mazmun kasb etishi esa jamiyat siyosiy, ma'naviy faollik darajasini ifodalaydi. Shu boisdan ham bugungi madaniyat muassasalarida ijodiy faoliyat bilan shug‘ullanuvchilarning yoshlar maqsadlari, orzu-o‘ylarining jamiyatning umumiy maqsadlari bilan nechog‘li uyg‘unlashganligi masalasini maxsus ilmiy o‘rganish dolzarb muammolardan sanaladi. Ijtimoiy mo‘ljal omilining bugungi yoshlar ma'naviyatdagi o‘rni va roliga bag‘ishlab 2005-2006 yillar mobaynida o‘tkazilgan sotsiologik so‘rov natijalari e'tiborga loyiqdir. Mazkur tadqiqot Respublikamizning Farg‘ona hamda Jizzax viloyatlari umumiy o‘rta hamda o‘rta maxsus kasb-xunar muassasalarida o‘tkazildi. Tadqiqot doirasiga 1200 talaba va o‘quvchi jalb etildi.
Tadqiqot natijalari bugungi yoshlarning ijtimoiy hayot o‘zgarishlariga befarq emasliklari, bunyodkorona faoliyatlarga yoshlarning dahldorlik to‘yg‘usi yuqori darajada ekanligini ko‘rsatdi.
Xususan, yoshlar o‘zlari qiziqib o‘rganayotgan kasb hamda bilim to‘garaklarida ta'lim olayotganliklaridan faxr-iftixor to‘yg‘ularini his etishlari, kelajakda puxta egallashni rejalashtirayotgan kasbiy yo‘nalishlarga sadoqatda ekanliklari, o‘zlari shug‘ullanayotgan to‘garaklarni ongli ravishda tanlaganliklarini izhor etdilar. Yoshlarning aksariyat ko‘pchiligi «Siz ushbu to‘garaklarda o‘z hohishingiz bilan shug‘ullanayapsizmi»? degan savolga «o‘zimning qiziqishim orqali» (71%) hamda «ota-onamning maslahati bilan» (24%) degan javob variantlarini belgiladilar. Mazkur savolga javoblar haqqoniyligini o‘rganish maqsadida berilgan «Sizning ushbu to‘garakda shug‘ullanishingizdan maqsad nima»? degan savolga 56% yoshlar «yaxshi mutaxassis bo‘lish» deb javob berdilar. 43% respondentlar “jamiyatda obro‘ topish uchun” deb javob berdilar.
Shuningdek, yoshlar o‘zlari tanlagan kasbiy yo‘nalishlarni hayotiy baht tushunchasi bilan uyg‘un tasavvur etishlarini ham namoyon etdilar. «Siz baht deganda nimani tasavvur qilasiz»? degan savolga ham «odamlarga kerakli bo‘lib yashash» - (41%), «yaxshi mutaxassis bo‘lish»-(32%), «o‘qishni davom ettirish» - (12%) singari pozitiv javob variantlarini belgiladilar. Yoshlar mazkur savolning tayyor javob variantlari bo‘lgan «uylanish, turmushga chiqish» - (6%), «daromadli ishga joylashish» - (3%), «boy-badavlat yashash»-(8%) singari javoblarni nisbatan kam qayd etdilar, shu boisdan mazkur masalalarni muhim deb hisoblamaydilar. Tabiiyki, talaba-qatnashchilar mazkur hayotiy jihatlarni keyingi bosqichda deb bilib, dastavval o‘zlarini hayotga har tomonlama tayyorlash zaruratini muhim deb bilishlari e'tiborga loyiqdir.
Hozirgi yoshlarda ijtimoiy mo‘ljal omilining katta yoshdagi aholi vakillari fikr-qarashlaridan birmuncha farqli jihatlari namoyon bo‘lmoqda, xususan, bunday o‘ziga xoslik ularning hayotga pragmatik yondashuvlarida ham o‘z ifodasini topadi. Xususan, anketa mazmunidan o‘rin olgan «Siz qo‘yidagi xususiyatlardan qaysi biri insonga ko‘proq foydali deb hisoblaysiz» degan savolga so‘rovga jalb etilgan yoshlar «bilimdonlik»-(71%), «chaqqonlik»-(56%), «ishbilarmonlik»-(52%), «o‘z kuchi bilan biror narsaga erishish»-(34%), «g‘ayratchanlik»-(32%), deb javob qaytardilar. Yoshlarning ijtimoiy mo‘ljali mazmunida ma'naviy jihatlarning o‘rni ham ustuvor bo‘lib pozitiv mohiyat ustuvordir. Yoshlarning aksariyat qismi hayotda muvaffaqiyatlarga «to‘g‘ri so‘zlik»-(30%), «odoblilik»-(39%), «insoflilik»-(33%) muhim rol o‘ynashini qayd etdilar. Maqsadga erishish yo‘li «surbet bo‘lish», «yolg‘onchilik», «odobsizlik», «insofsizlik» xislatlarini kerakli deb, birorta ham talaba-o‘quvchi hisoblamasligi shubhasiz, ijobiy hol bo‘lib, bugungi yoshlar ma'naviyati zararli ta'sirlardan holi ekanligini ko‘rsatadi.
Shu o‘rinda 2004 yili Rossiyada chiquvchi «Trud» gazetasida e'lon qilingan Kaliningrad viloyatidagi maktab qatnashchilari o‘rtasida o‘tkazilgan sotsiologik so‘rov natijalarini mamlakatimiz qatnashchilarining ijtimoiy hayotga bo‘lgan yondoshuvlari bilan qiyoslashni joiz, deb hisoblaymiz. Maqolada qayd etilishiga ko‘ra, Rossiyalik qatnashchilarning deyarli 40 foizi (so‘rov 1800 nafar maktab o‘quvchisi o‘rtasida o‘tkazilgan) rahmdillik, vijdonlilik, odob, sabr, halollik singari fazilatlarni bugungi zamona uchun ko‘mak beruvchi omillar emas, balki salbiy holatlar deb baholaydilar. Aksariyat rossiyalik qatnashchilar uchun surbet va hayosiz shaxs obrazini ifodalovchi «Dikiy angel» (Yovvoyi farishta) filmidagi Milagres hamda o‘ta salbiy qiyofaga ega bo‘lgan fohisha Natalya Oreyroni o‘zlari uchun ibratli obrazlar, deb biladilar va ularga taqlid qilishga intiladilar.34
Ta'kidlash joizki, mazkur holat O‘zbekistonlik yoshlar uchun tamoman yot holat ekanligi qanoatlanarli holdir. Mamlakatimiz yoshlari o‘z bo‘sh vaqtlarini mazmunli tashkil etish masalasiga ham jiddiy yondoshadilar. “Ustuvor mashg‘ullik shakllari sifatida kutubxonaga borib ishlash» -(25%), «horijiy til o‘rganish» -(14%), «sport bilan shug‘ullanish» -(21%), «to‘garaklarga (musiqa, raqs, shaxmat va boshqa) borish» -(12%) singari faoliyatlarni qayd etdilar. Ammo, «yoshlarning o‘z qiziqishlariga ko‘ra turli xil klublar ishida qatnashish» –(2%), «kursdoshlari bilan teatrlarga borish» -(9%) singari jamoaviy faoliyat shakllariga ishtiroklari bugungi kun darajasida emas. Bunday hol so‘rovda ishtirok etganlarning o‘z shaxsiy taraqqiyotlarini ta'minlash borasida xorijiy tengdoshlari tajribalar xususida zamonaviy axborot manbalaridan ma'lumot olish masalasida birmuncha sust yondoshuvlarida namoyon bo‘ldi. Yoshlarning makoniy mo‘ljallari, kelajakda qaysi joyda muqim yashashga doir fikrlarini o‘rganish ham muhim ijtimoiy ahamiyatga egadir. «Kelajakda o‘zingiz mo‘ljal qilgan yashash joyingizni qaerda deb bilasiz»? degan savolga mutlaq ko‘pchilik o‘quvchi-talabalar o‘z baxtlarini «kindik qonlari to‘kilgan joyda topishlarini bildirdilar» -(55%), «respublika, viloyat yoki tuman markazida yashash fikriga egalar» -(15%) iborat. Ammo, talaba va qatnashchilarning har uchtadan biri (32%) bu haqda o‘ylab ko‘rmaganlar va kelajakda qaerda yashab faoliyat yuritishlarini aniq tasavvur etmasliklarini bildirdilar.
Talaba va qatnashchilarning diniy e'tiqodi masalasi ham bugungi kunda muhim ahamiyatga egadir.Buning asosiy sababi din omilining halqaro ko‘lamlarda siyosiy mohiyat kasb etib borayotganligi, mazkur jarayonning tobora kengroq ijtimoiylashayotganligi bilan izohlanadi.Sotsiologik so‘rov natijalaridagi pozitiv jihat shundan iborat bo‘ldiki,mamlakatimiz yoshlari diniy e'tiqod masalasida dunyoviy nuqtai nazarlarga ega ekanliklarini bildirdilar. Talaba va qatnashchilarning 90 foizi «xudoga ishonaman, ammo nomoz o‘qimayman» degan javobni qayd etdilar. So‘rovga jalb etilgan 6 foiz so‘ralganlar «diniy e'tiqod har bir kishining o‘z ishi deb bilaman» deb hisoblaydilar.
Do'stlaringiz bilan baham: |