Raqs sanati. O‘zbek raqs san'ati qadimdan taraqqiy etib kelgan. IV—VIII asrlarda Samarqand, Buxoro, Toshkent raqqosalari xorijiy Sharq mamlakatlarida mashhur bo‘lgan. Zamonaviy o‘zbek raqsining tipologiyasini gavdaning nafis harakatlari, qo‘l, barmoq, yelka, bel harakatlarining uyg‘unligi tashkil qiladi.
O‘zbek raqsi ikki turga bo‘linadi: an'anaviy mumtoz raqs va xalq raqsi. An'anaviy mumtoz raqsi Farg‘ona («Katta o‘yin»), Buxoro («Maqom raqsi»), Xorazm («Maqom ufori») maktablaridan iborat. O‘zbek an'anaviy raqsida lirika, osmon va tabiat hodisalari aks ettiriladi, mehnat mavzulari, o‘lim qashusi, baxt va baxtsizlik ifodalanadi.
Xalq raqsi o‘z rangbarangligi bilan ajralib turadi, u turli janr va mavzularga boy. Xalq raqsi lirik, dramatik yoki kulgili bo‘lishi mumkin. Uning mazmunini inson va tabiatning o‘zaro munosabatlari, mehnat va turmush mavzulari tashkil qiladi. Xalq raqsi 2 turga bo‘linadi: yilning ma'lum davrida ijro etiladigan raqslar (bahorni qarshilash, hosil yig‘ish, birinchi egatni olish va h.k.) va bo‘sh vaqtlarda ijro etiladigan raqslar. Xalq raqslarida musiqa asboblari o‘rniga yog‘och qoshiq, qayroq toshlardan foydalaniladi, imo-ishora, mimika qo‘llaniladi.
1926 yilda birinchi o‘zbek davlat konsert-etnografik ansambli tuzildi. Uning asoschilari yetuk arbob Yusufjon qiziq Shakarjonov, doirachi usta Olim Komilov, shogirdi Tamaraxonim ommaviy raqslar yaratgan.
1936 yilda birinchi o‘zbek ashula va raqs ansabli tuzildi. 1956 yilda u «Shodlik» nomini oldi. Bu ansablning rivojlanishida xoreograflar Usta Olim Komilov, I. Oqilov, L. Petrosova, ye. Baranovskiy, M. Turg‘unboeva, keyinchalik A. Mo‘minov, Q. Mo‘minovlar qatnashgan.
1957 yilda mashhur raqqosa M. Turg‘unboeva tomonidan «Bahor» o‘zbek xalq raqs ansambli tashkil qilindi. Uning baletmesterlari: M. Turg‘unboeva (1957—78), Q. Mirkarimova (1979-88), R. Sharipova (1988-90), M. Ergasheva (1990 yildan) bo‘ldi.
1958 yilda «Lazgi» Xorazm ashula va raqs ansambli tuzildi. Bu raqs ansambllari zamonaviy o‘zbek raqsini rivojlantirdi. An'anaviy raqs shakllari va harakatlari asosida ommaviy va yakka ijro etiladigan raqslarda yevropa klassik va xalq raqsining ayrim usullari qo‘llanildi.
XX asr O‘zbekiston madaniyatiga balet san'ati ham kirib keldi. 1929 yildan O‘zbek Davlat musiqali teatri, uning qoshida tashkil qilingan raqs studiyasida o‘zbek raqqoslari yevropa klassik baleti bilan tanishdi. 1933 yilda respublika balet maktabi ishga tushdi. 1933 yilda birinchi milliy balet-pantomimasi «Paxta» baleti sahnalashtirildi. 1939 yilda Davlat musiqali teatri O‘zbek Davlat opera va balet teatriga aylantirildi. (1947 yildan Alisher Navoiy nomida, 1967 yildan hozirgi nomda).
O‘zbek balet tarixida «Shohida» baleti (baletmeyster A. Tomskiy, Usta Olim Komilov, M. Turg‘unboeva), «Gulandom» (baletmeyster I. Arbatov, Tamaraxonim, Usta Olim Komilov, V. Gubskaya), «Oqbilak» (baletmeyster Usta Olim Komilov, M. Turg‘unboeva) spektakllari ilk qadamlar sifatida tanildi.
1947 yilda Toshkentda xoreografiya bilim yurti tashkil etildi. O‘zbek balet san'atini rivojlantirishda B. Qorieva, B. Zavyalov, V. Proskurina, K.Soatov, I. Yusupov. R. Sultonov, A. Abduraxmonov kabi san'atkorlar katta hissa qo‘shdi.
1964 yilda Samarqandda O‘zbekistonda ikkinchi Davlat opera va balet teatri ishga tushdi.
O‘zbekiston balet teatrlarida ko‘p yillardan beri P. Chaykovskiyning «Oqqush ko‘li», «Uyqudagi go‘zal», A. Adanning «Jizel», «Korsar», Shopen Glazunovlarning «Shopeniana», L. Minkusning «Don Kixot», L. Delibning «Koppeliya» spektakllari yangilanib, qo‘yilib turildi. Shu bilan birga, mahalliy baletmeysterlar tomonidan, jumladan, I. Yusupov «Spartak», «Korsar», «Zolushka», «Romeo va Juletta», G. Izmaylova «Bollero», «Don Kixot», «Sevgi afsonasi», «Boqchasaroy favvorasi», «Esmeralda» baletlarining varianti sahnalashtirildi.
Mustaqillik davrida balet teatrlarida milliy mavzuga e'tibor kuchayib boryapti. Mahalliy bastakor va baletmeysterlar o‘ziga xos milliy baletlarda yevropacha klassik raqsni shakllari bilan boyitmokda. Bu qatorda «Raqqosa», «Orzu», «Suhayl va Mehri», «Sevgi tumori», «Afsonalar vodiysida», «To‘maris» kabi milliy balet spektakllarni aytishimiz mumkin.
Do'stlaringiz bilan baham: |