Tezkor-qidiruv tadbirlarini o‘tkazish vaqtida qo‘yiladigan maxsus axloqiy talablar. Ichki ishlar idoralarining xodimlari tezkor-
qidiruv tadbirlarini amalga oshirishda fuqarolar hayotining ko‘plab sohalariga aralashishga majbur bo‘lishadi. Bunday aralashuvlar har doim ham silliq kechmaydi, jamoat tartibining buzilishi, ziddiyatlar, nizolar, ba’zan esa bevosita jismoniy qarshilik ko‘rsatishlar ham yuzaga keladi.
Tezkor-qidiruv faoliyatining axloqiy-ruhiy (psixologik) o‘ziga xosligi nafaqat hayotiy vaziyatlarning rang-barangligidan iborat, balki tezkor- qidiruv apparatlari xodimlarining huquqni qo‘llash faoliyati ko‘pincha keskin kurash xususiyatiga ega, huquqiy tasavvurlar, his-tuyg‘ular va hatto g‘oyalar to‘qnashadigan maydonga aylanadi.
Bunda, bir tomondan, ishning muvaffaqiyatli yakunlanishidan manfaatdor bo‘lgan tezkor-qidiruv apparati xodimining axloqiy yondashuvlari, aql-idroki, irodasi, xarakterini ifodalovchi bunyodkor g‘oyalari, ikkinchi tomondan, ishning salbiy boshlanishidan manfaatdor bo‘lgan har xil ma’naviy buzuq odamlarning e’tiqodi, hayotining mazmunini ifodalovchi buzg‘unchi g‘oyaviy qarashlari mafkuraviy kurash maydonida to‘qnashadi. Bu kurashda muvaffaqiyat birinchi tomonda bo‘lishi lozim, chunki tezkor-qidiruv tadbirlarini o‘tkazishning muhim maqsadi inson va fuqarolarning hayoti, sog‘lig‘i, huquq va erkinliklarini, jamiyat va davlatning xavfsizligini himoya qilish hisoblanadi.
Demak, tezkor-qidiruv ishini favqulodda holatlarda amalga oshiriladigan «nozik» faoliyat turiga kiritish mumkin.
Bu faoliyatga quyidagi bir qator omillar xos:
qaror qabul qilish uchun vaqt tig‘izligi;
harakat usulini tanlash uchun muhim bo‘lgan ma’lumotning yetishmasligi;
vaziyatning noaniqligi va uning tarkibiy qismlari xususiyatining ehtimolligi;
qaror qabul qilinayotganida hissiy zo‘riqishning mavjudligi;
keragidan ortıq ahamiyat berish va mas’uliyatni his etishning kuchliligi va h.k.
Tezkor-qidiruv xodimlarining adolatni qaror toptirish borasida olib borayotgan ishlarida jinoiy guruhlarning doimiy qarshilik ko‘rsatishiga duch kelinadi. Bu esa tezkor-qidiruv faoliyatiga muayyan axloqiy-ruhiy o‘ziga xoslik baxsh etadi. Unga quyidagilar kiradi:
jinoyatchi unsurlar va ularning atrofidagilar ko‘rsatadigan faol qarshiliklar;
aksariyat operativ tadbirlarning nooshkora ekanligi;
tezkor-qidiruv ishlaridagi ko‘pgina muloqot turlarining «qulf-kalit» (shifr)langanligi;
nafaqat muayyan harakatlarni amalga oshirish jarayonida, balki ularni amalga oshiruvchi subyektlarning real ijtimoiy vazifasini shakllantirishda ham konspiratsiya va maxfiylik tartibiga rioya qilish zarurligi.
Bundan tashqari:
tezkor-qidiruv tadbirlari fuqarolarni jinoyat sodir etishga undovchi, ularni jinoyat sodir etishda nohaq ayblovchi, o‘zini o‘zi nohaq ayblashiga olib keluvchi va materiallarni soxtalashtiruvchi unsurlarni bartaraf etishi lozim;
tezkor-qidiruv tadbirlari fuqarolarning ham, ularni o‘tkazadigan shaxslarning ham qonuniy huquq va manfaatlarini buzmasligi kerak va h.k.
Bunday xususiyatlarni inobatga olish odamlarning shaxsiy hayotiga aralashishda, ularning konstitutsiyaviy huquqlariga daxl qiluvchi tadbirlarni o‘tkazish jarayonida ayniqsa katta ahamiyat kasb etadi. Masalan, matbuot yoki boshqa ommaviy axborot vositalari bilan muloqotda (jinoiy xatti-harakatlarni xolisona bayon qilish uchun zarur bo‘lgan hollardan tashqari) sodir etgan jinoyatlari uchun ayblangan yoki sudlangan shaxslarning qarindoshlari yoki do‘stlarining ismlarini ochiq aytishdan saqlanish lozim. Shuningdek, jinoyat qurbonlarining ismini aytish yoki matbuot vakillariga bu qurbonlarning shaxsi aniqlanishiga olib keladigan materiallarni berishdan ham saqlanish lozim. Matbuotdagi ma’lumot (axborot) voyaga yetmaganlarning manfaatlariga daxldor bo‘lgan hollarda ushbu normalar alohida qat’iyat bilan amalga oshiriladi. Tezkor-qidiruv xodimi odamlarning millati, irqi, terisining rangi, dini, ijtimoiy kelib chiqishi, jinsi, shuningdek jismoniy nuqsoni yoki kasalligiga nisbatan har qanday ehtiyotsiz ishora yoki sharhlashdan o‘zini tiyishi lozim.
Bunda kim bo‘lishidan qat’i nazar, axborot (ma’lumot)ning notugalligi, noaniqligi yoki operativ ahamiyatini ataylab yashirish orqali, shuningdek ataylab soxta ma’lumotlar tarqatish bilan zarar yetkazishga yo‘l qo‘ymaslik uchun bor kuchini sarf etadi. Shu bois ish jarayonida olingan ma’lumotlarning ishonchliligini tekshirish, qo‘shimcha manbalarni qidirish, hujjat va raqamlarning haqiqiyligini qayta tekshirish operativ xizmat xodimlarining nafaqat xizmat burchi, balki axloqiy majburiyati
hisoblanadi. U yagona axborot manbaini mutlaqo ishonchli deb hisoblashga haqli emas.
Ta’kidlash joizki, tezkor-qidiruv ishlarini olib borish jarayonida ko‘rsatiladigan qarshilik huquqni qo‘llash faoliyatining boshqa turlari, masalan, psixologik xususiyatlari bilan tezkor-qidiruv ishlariga eng yaqin bo‘lgan tergovga nisbatan muayyan xususiyatlarga ega. Tergovchi jinoyat protsessida har doim muayyan protsessual vakolatlarga ega huquqni muhofaza qilish organining vakili sifatida ish yuritadi. Biroq u bevosita jinoyatchi bilan, qoida tariqasida, u ushlanganidan yoki qamoqqa olinganidan keyin, buning ustiga, xodimning nisbatan xavfsizligini ta’minlovchi sharoitlarda aloqaga kirishadi. Tezkor-qidiruv faoliyati subyektlari esa ko‘pincha jinoyatchilar bilan erkinlikda, hayot va sog‘liq uchun bevosita xavf soluvchi doimiy tavakkalchilik, keskinlik, xavf- xatarga to‘liq real hayotiy vaziyatlarda muloqotga kirishadi.
Ma’lumki, tezkor-qidiruv faoliyatiga nooshkoralik, konspiratsiya (maxfiylik), «qulf-kalit»lash (shifrlash) bilan bog‘liq ishlar kiradi. Demak, tezkor-qidiruv xodimlari bir qator tezkor-qidiruv tadbirlarini amalga oshirishda nooshkora usullarni qo‘llarkan, nafaqat o‘z maqsadlarini, balki haqiqiy ijtimoiy vazifasini ham yashirishga, «ikki xil hayot» kechirishga majburdirlar.
Tezkor-qidiruv faoliyatining axloqiy jihati yaqqol namoyon bo‘ladigan uning yana bir qirrasi ikki tomon, ya’ni tezkor-qidiruv xodimi va huquqbuzarning bir-biriga qarshilik ko‘rsatishidir. Bu qarshilik raqib qarshiligining oldini-oluvchi harakatlar qilish, uni chalg‘itish, tasodifiylik omilini qo‘llash va boshqalar sifatidagi tezkor-qidiruv taktikasining asosini tashkil etuvchi usullarni qamrab oladi. Tabiiyki, bunday sharoitda tezkor- qidiruv xodimi hujumkor xususiyatga ega vosita va usullarni qo‘llashga majbur bo‘ladi.
Do'stlaringiz bilan baham: |