13.3 Ekalogik turizm rivojlanishi bosqichlari
Xalqaro turizmning rivojlanishi uning tarmoqlarga bo‘linib ketishiga olib keldi. Shu singari ekologik turizm ham avvallari xalqaro turizm bilan birga olib borilar va alohida tarmoq sifatida tilga olinmas edi. Endilikda aniqrog‘i Birinchi Jahon urushi tugashi bilan keltirilgan vayronagarchiliklar va tabiatga insonlar ta’sirining ortib borishi kata muammolarni keltirib chiqara boshladi. To‘rt yillik urush tugashi bilan, turizm rivojlanishida Yevropada yangi atama tabbiy turizm tushunchasi paydo bo‘la boshladi. Turistik firma va turagentliklarning faoliyati yana jonlana boshladi. Bunda turistlar xarakati oldingilarga qaraganda bir necha bor tezlashdi. Tabiat qo‘yniga sayohatga chiquvchilar soni ortib bordi. Lekin, turizmning rivojlanish jarayonlari yana sekinlashdi. Bunga ikkinchi jahon urushi boshlanishi sabab bo‘ldi. Ikkinchi jahon urushi tugashi bilan XX asrning 50 yillarida turizm rivojlanishida tub burilish davri, ya’ni bosqich boshlandi. Bu davrda jahon xalq xo‘jaligining barcha sohalarida, shu singari xizmat ko‘rsatishda ham keng qamrovli islohotlar olib borila boshlandi. Bunda mehmonxonalarni oldindan buron qilish, chiptalarga buyurtma berish singari jarayonlar tezlikda rivojlana boshlandi. Texnika va texnolgiyalar rivojlanishida katta o‘zgarishlar vujudga kela boshladi. Kompyuterlarning xalq xo‘jaligining barcha tarmoqlariga joriy qilinishi natijasida iqtisodiy yuksalish tezlashdi. Insoniyat tomonidan kosmosni o‘zlashtirish davri boshlandi. Fan-texnika jadal rivojlana boshlandi natijada axborot kommunikasion jarayonlar tezlashdi.
Ekologik turizm rivojlanishi jarayonidagi asosiy bosqich XX asrning 80 yillariga to‘g‘ri keladi. Bu vaqtga kelib turistik xizmat ko‘rsatishda tabiiy resurslardan keng foydalanila boshlandi. Turizmda tabiat qo‘ynida dam olish asosiy rol o‘ynay boshladi. Natijada turoperatorlar yangicha ko‘rinishdagi ekologik dasturdagi turyo‘nalishlar ishlab chiqa boshladilar. Bu esa Ekalogik turizmning bugungi rivojlanish darajasini belgilab bermoqda.
Turizm yangi turining paydo bo‘lishi, bizning nazarimizda, ikki asosiy muammoni yechish yo‘llarini izlash bilan belgilanadi. Postindustrial jamiyatning rivojlanish tendenstiyalari yangicha tusdagi turistning paydo bo‘lishini belgiladi. Mehnat ta’tili va dam olish kunlarini dengizda o‘tkazish an’anasi o‘rnini tabiatning madaniy yoki tabiiy jihatdan tegilmagan va o‘ziga xos burchaklariga tashrif buyurish egallamoqda. Bunday xulosa chiqarish uchun tashriflarni belgilovchi motivlarni o‘rganishdan kelib chiqadigan asoslar mavjud. Birinchidan, bokira tabiat o‘zining ekzotik xususiyati bilan jalb qiladi. Ikkinchidan, nerv sistemasining zo‘riqishini hatto oliy toifadagi otellar va dengiz plyajlaridagi yuqori darajada xizmat ko‘rsatish ham bartaraf eta olmaydi. Uchinchidan, tabiiy jihatdan boy joylarda bo‘lishdan turistlar rivojlangan turizm markazlarida taklif qilinadigan turistik-rekreastiya xizmatlarining odatdagi to‘plamiga qaraganda ko‘proq emostional, shu jumladan ma’rifiy xususiyatga ega bo‘lgan taassurot oladi.
Bundan tashqari, Ikkinchi jahon urushidan keyingi davrda jahonda alohida muhofaza etiladigan tabiiy hududlar – tabiiy rezervatlar, milliy bog‘lar, tabiat yodgorliklari va shu kabilar tizimini vujudga keltirish jarayoni sezilarli darajada faollashdi. Sayyoramizda turli shakl va maqomga ega bo‘lgan muhofaza etiladigan tabiiy hududlar quruqlikning qariyb 15% ni tashkil qiladi va bu ko‘rsatkichning oshish tendenstiyasi mavjud. Mazkur hududlar faoliyat ko‘rsatishi ularni muhofaza etishning alohida rejimi bilan bog‘liq bo‘lgani bois, ularning resurs imkoniyatlaridan foydalanish muayyan faoliyat turlari bilan cheklangan. Binobarin, alohida muhofaza etiladigan tabiiy hududda iqtisodiy faoliyatning quyidagi ishlab chiqarish omillari: estetik tabiiy landshaftlar, madaniy-etnografik meros va qulay ekologiyadan mumkin qadar samarali foydalanadigan turlarini rivojlantirish muammosi vujudga keladi.
Alohida muhofaza etiladigan tabiiy hududlar erlar va suv kengliklarining ustuvor ekologik, tabiatni muhofaza qilish, ilmiy, madaniy, estetik, sanitariya-sog‘lomlashtirish ahamiyatiga molik bo‘lgan, xo‘jalik muomalasidan to‘liq yoki qisman, doimiy yoki vaqtinchalik chiqarilgan va alohida muhofaza etish rejimiga ega qismlaridir. Alohida muhofaza etiladigan tabiiy hududlar tabiat rang-barangligini saqlab qolish va o‘rganish, ekologik muvozanatni saqlab turish, ekologik monitoring va tabiatni muhofaza qilish sohasida ta’lim berishni amalga oshirishga mo‘ljallangan yagona tizimni tashkil etadi.
Shunday qilib, jamiyat tadrijiy rivojlanishiga qarab jahonning turli mamlakatlarida, bir tomondan, ekologik taassurotlarga bo‘lgan yangi ehtiyojni qondirish muammosi, boshqa tomondan esa – alohida muhofaza etiladigan tabiiy hududlarning o‘ziga xos resurslaridan samarali foydalanish muammosi vujudga keladi.
Bu muammolarning echimlaridan biri turizmning ommaviy turlarini Ekalogik turizm bilan almashtirish bo‘lishi mumkin. Jahon amaliyoti shuni ko‘rsatadiki, Ekalogik turizm nafaqat jiddiy ekologik hodisaga, balki turizm industriyasining faol rivojlanayotgan tarmoqlaridan biriga ham aylanmoqda.
JTT baholashlariga ko‘ra (1997), Ekalogik turizm xalqaro turistik xarajatlarning taxminin 7% ni jamlaydi, ya’ni, xalqaro turistlar soni, aytaylik, 663 mlrd. kishi bo‘lsa, xarajatlar summasi 453 mlrd. AQSH dollariga teng deb baholansa, Ekalogik turizm xarajatlari 31,7 mlrd. AQSH dollarini tashkil etadi. Xalqaro resurslar instituti aniqlashicha, turistlar sonining yillik jami o‘sishi taxminan 4% ni tashkil etadi, ekoturistlar soni o‘sishining yillik o‘rtacha sur’ati esa so‘nggi yillarda 10-30% ga etdi. 1998 yilda JTT turizmning ekologiyaga qarab mo‘ljal oluvchi barcha shakllari ulushini xalqaro sayohatlar umumiy miqdorining 20% darajasida baholadi.
Shuningdek JTT Ekalogik turizm bozorining hajmini umumiy turistik statistika yordamida baholagan. Turli xalqaro destinastiyalarga tashriflarning yashirin turistik motivlarini tahlil qilish yo‘li bilan u barcha xalqaro turistlarning 40-60% ni tabiiy floradan taassurotlar olishni mo‘ljallagan ekoturistlar tashkil etishini, 20-40% turistlar fauna bilan tanishishga qarab mo‘ljal olishlarini aniqlagan (1.4-jadval).
Ekalogik turizm faqat uning maqsadlari bilan belgilangani bois, ekoturistlar sonini aniq hisobga olish ancha qiyin ish. Tabiatga qarab mo‘ljal oluvchi turistlarning umumiy miqdorida Ekalogik turizm prinstiplariga muvofiq sayohat qiluvchi turistlar ulushini aniqlashga jiddiy urinishlar hanuzgacha mavjud emas. Ekalogik turizmni “tabiiy” turizm sifatida tushunishga asoslangan yondashuv keng tarqalgan bo‘lib, bu bozorning real hajmi oshirib ko‘rsatilishiga olib keladi. Bunday tadqiqotlar jami turistlarning taxminan 50% tur vaqtida tabiiy hududlarga tashrif buyurishni ma’qul ko‘rishlarini ko‘rsatadi (masalan, butun tur mobaynida milliy boqqa bir kunlik tashrif). Garchi bu sayohatlar bozorning keng segmentiga taalluqli bo‘lsada, lekin ular ekoturistlarning motivlaridan farq qiladi.
Jahon tajribasi shuni ko‘rsatadiki, tabiiy hududlar, ayniqsa alohida muhofaza etiladigan tabiiy hududlar ekoturistlarni jalb qilishning asosiy omili hisoblanadi. 1990-yillardan boshlab o‘tkazilayotgan tadqiqotlar turistlarni jalb qiluvchi omillarda Evropadagi odatdagi destinastiyalardan asosan rivojlanayotgan mamlakatlarda joylashgan tabiiy destinastiyalar tomonga siljish yuz berganligini ko‘rsatadi (1.5-jadval).
Do'stlaringiz bilan baham: |