Sunnat to‘yi yoki Xatna to‘yi. Bu marosim islom dini paydo bo‘lmasidan oldin zardushtiylik davrida Eron va Turonda, keyinchalik esa yahudiylikda ham mavjud edi. Qadimgi yahudiylar o‘z xudolarining ko‘rsatmasiga binoan, o‘g‘il bola tug‘ilgan kundan boshlab 12 kunigacha “qo‘li halollangan”. Markaziy Osiyo mintaqasida bu udum islomdan avval ham mavjud bo‘lsa-da, islom dini kirib kelishi bilan bu yanada mustahkamlanib, musulmonchilikning bosh omillariga aylandi.
Nikoh to‘yi. Payg‘ambarimizning ham bu haqdagi hadisi shariflarida shunday deyiladi: “Nikoh bilan turmush qurib ko‘payinglar. Zero, men qiyomat kuni boshqa ummatlarim oldida sizlarning ko‘pligingiz bilan faxrlanaman”. Ko‘rinib turibdiki, nikoh qurish ham farz, ham sunnat amallardan hisoblanadi.
Lekin nikohdan avval bir qancha marosimlar ham mavjuddir: sovchilik, qiz va kuyov tanlash, sinov udumlari, unashish, fotiha berish, qiz bazmi, nikohdan o‘tish, to‘y marosimi, kelin salom, yuz ochdi, kelin ko‘rdi, kelin charlar, kuyov chaqiriq va yana bir qancha marosimlardan iborat.
Ta’ziya. Ma’lumki, har bir musulmonning ikkinchi musulmon birodariga nisbatan ma’lum haq-huquqlari borligi haqida hadisi sharifda shunday deyiladi: “Har bir musulmonning zimmasida ikkinchi musulmon birodariga nisbatan oltita burchi bordir: uchrashganda salom berish, mehmonga chaqirsa borish, maslahat so‘rasa yaxshi maslahat berish, aksirib hamd aytsa unga duo bilan javob qaytarish, betob bo‘lib qolsa ko‘rgani borish va vafot etsa janoza va dafnida qatnashish”.
Demak, shu huquqlardan biri tanishlaridan biri vafot etsa, uning janozasida qatnashishidir. So‘ngra mayitning qarindoshlariga ta’ziya bildirib, Allohning hukmiga rozi bo‘lish, musibatga sabr qilishlari haqida nasihatlar aytish va marhumning haqqiga rahmat va mag‘firat so‘rab duo qilishdir.
Dafn kunidan boshlab uzog‘i uch kunga qadar aza (motam) tutishga shariatimiz ruxsat beradi. Shu kunlari janozaga kela olmaganlar musibat yetgan oilaga yoki mahallaga marosimlari uchun ajratilgan joylarga kelib mayitning yaqin qarindoshlariga ta’ziya bildirib ketishlari mumkin.
Yaxshi odatlarimizdan biri, musibat yetgan xonadonning qo‘shnilari isrofgarchilikka yo‘l qo‘ymagan holda darhol ovqat qilib chiqarishadi. Bu islom sunnatlariga muvofiq odatdir. Ovqatlar musibat yetgan xonadon ahli va uzoqdan kelgan mehmonlar uchun chiqariladi, zarur bo‘lganda xonadon ahli o‘zlari uchun ovqat tayyorlashlari ham mumkin.
Shuningdek, musibat egalaridan hol-ahvol so‘ralganda, kulish emas balki musibat bu Alloh taoloning irodasi ekani va unga sabr qilish haqida nasihatlar qilinadi. Ta’ziya bildirish har qanday tasalli berguvchi lafz bilan aytsa bo‘ladi. Lekin, ba’zi ulamolarning aytishicha, eng yaxshi ta’ziya lafzi “Alloh vafot qilganlarni mag‘firat qilib o‘z rahmatiga olgan bo‘lsin va sizga sabr-bardosh bersin” – deyishdir.
Ta’ziya bilan bog‘liq marosimlar ba’zan ma’raka ham deyiladi. Ma’raka arabcha so‘z bo‘lib, jangdan so‘ng, jang maydoni ma’nosini bildiradi. Bu so‘z hozirgi paytda xalq marosimlarini anglatuvchi so‘z hisoblanib, asosan ta’ziya marosimlarga nisbatan ishlatiladi.
Do'stlaringiz bilan baham: |