2. Iqtisodiyotni davlat tomonidan tartibga solishning
maqsad va vazifalari.
Iqtisodiyotni davlat tomonidan tartibga solish ob’yektiv tavsif kasb etadi. Ko’plab iqtisodchilar iqtisodiyotni davlat tomonidan tartibga solinishining zarurligini faqat bozorning kamchiliklari, uning ko’plab iqtisodiy muammolarni hal eta olmaslik holati bilan izohlaydilar. Bu ma’lum ma’noda to’g’ri bo’lsada, biroq, iqtisodiyotga davlat ta’sirining ob’ektiv zarurligi eng avvalo ishlab chiqaruvchi kuchlarning rivojlanishi bilan belgilanadi. Iqtisodiyotni davlat tomonidan tartibga solishning ob’ektiv asosi bo’lib ham milliy iqtisodiyot darajasida, ham xalqaro miqyosda ijtimoiy mehnat taqsimotining rivojlanishi negizida ishlab chiqarishning umumlashuvi jarayoni xizmat qiladi.
Bu jarayon quyidagilarda namoyon bo’ladi:
chuqurlashib borayotgan ijtimoiy mehnat taqsimoti asosida ishlab chiqarish ixtisoslashgan tarmoqlarining o’zaro aloqasi va o’zaro bog’liqligi yanada kuchayadi;
ishlab chiqarishning kooperatsiyalashuvi va markazlashuvi natijasida alohida xo’jalik birliklarining mayda bo’laklarga ajralib ketish holatlari barham topadi;
ishlab chiqarishning yirik korxonalarda to’planuvi jarayoni o’sadi;
turli iqtisodiy mintaqalar o’rtasidagi iqtisodiy aloqalar va faoliyat almashuvi jadallashadi.
Ishlab chiqarishning umumlashuvi darajasining oshishi bilan o’zaro muvofiqlashtirilgan holda xo’jalik yuritish, takror ishlab chiqarish nisbatlarini ongli ravishda tartibga solish, yirik ishlab chiqarish majmualari, yaxlit iqtisodiyotni markazlashtirilgan holda boshqarishga ob’ektiv ehtiyoj paydo bo’ladi. Shunga ko’ra, iqtisodiyotni davlat tomonidan tartibga solish ishlab chiqarish munosabatlarining har qanday tizimida ishlab chiqarish umumlashuvining ma’lum darajasida ob’ektiv zaruriyatga aylanadi.
Iqtisodiyotni davlat tomonidan tartibga solish deganda davlatning jamiyat a’zolari ehtiyojlarini qondirish darajasini oshirish uchun cheklangan iqtisodiy resurslaridan yanada samarali foydalanishni ta’minlovchi, umumiy iqtisodiy muvozanatga erishishga yo’naltirilgan, ijtimoiy takror ishlab chiqarish jarayonini tashkil etish bo’yicha faoliyati tushuniladi.
Bozor xo’jaligi sharoitida iqtisodiyotni davlat tomonidan tartibga solish qonunchilik, ijro etish va nazorat qilish xususiyatidagi tadbirlar tizimidan iborat bo’ladi.
Hozirgi sharoitda iqtisodiyotni davlat tomonidan tartibga solish takror ishlab chiqarish jarayoniga tegishli bir qator vazifalarni hal qilishga qaratiladi. Bular jumlasiga iqtisodiy o’sishni rag’batlantirish, bandlikni tartibga solish, tarmoq va mintaqaviy tuzilmalardagi ijobiy siljishlarni qo’llab-quvvatlash, eksportni himoya qilish kabilarni kiritish mumkin.
Iqtisodiyotni davlat tomonidan tartibga solish mexanizmi to’g’risida to’laroq tasavvurga ega bo’lishi uchun uning maqsadi, vazifalari va tartibga solish usullari hamda vosita yoki dastaklarini to’laroq tavsiflash lozim.
Iqtisodiyotni davlat tomonidan tartibga solishning asosiy maqsadi iqtisodiy va ijtimoiy barqarorlikni ta’minlash, mavjud tuzumni mamlakat ichida va xalqaro maydonda mustahkamlash va uni o’zgarib turuvchi sharoitga moslashtirish hisoblanadi.
Bu asosiy maqsaddan bir qator aniq maqsadlar kelib chiqadi. Ular jumlasiga iqtisodiy siklni barqarorlashtirish; milliy xo’jaliklarning tarmoq va mintaqaviy tuzilishini takomillashtirish, atrof-muhit holatini yaxshilash kabilarni kiritish mumkin. Iqtisodiyotni davlat tomonidan tartibga solishning maqsadi uning vazifalarida aniq namoyon bo’ladi. Bozor xo’jaligi sharoitida davlatning iqtisodiy vazifalari asosan bozor tizimining amal qilishini yengillashtirish va himoya qilish maqsadiga ega bo’ladi. Bu sohadagi davlatning iqtisodiy vazifalaridan quyidagi ikki turini ajratib ko’rsatish mumkin:
bozor tizimining samarali amal qilishiga imkon tug’diruvchi huquqiy asos va ijtimoiy muhitni ta’minlash;
raqobatni himoya qilish.
Davlatning boshqa vazifalari iqtisodiyotni tartibga solishning umumiy tamoyillaridan kelib chiqadi. Bu yerda davlatning uchta vazifasi alohida ahamiyatga ega:
daromad va boylikni qayta taqsimlash;
resurslarni qayta taqsimlash;
iqtisodiyotni barqarorlashtirish, ya’ni iqtisodiy tebranishlar vujudga keltiradigan inflyatsiya va bandlilik darajasi ustidan nazorat qilish hamda iqtisodiy o’sishni rag’batlantirish.
Davlat bozor iqtisodiyotining samarali amal qilishining shart-sharoiti hisoblangan huquqiy asosni ta’minlash vazifalarini o’z zimmasiga oladi. Bozor iqtisodiyoti uchun zarur bo’lgan huquqiy asosni ta’minlash quyidagi tadbirlarning amalga oshirilishini taqozo qiladi: xususiy korxonalarning huquqiy mavqeini mustahkamlash; xususiy mulkchilik huquqini ta’minlash va shartnomalarga amal qilishni kafolatlash; korxonalar, resurslarni yetkazib beruvchilar va iste’molchilar o’rtasidagi munosabatlarni tartibga soluvchi qonuniy bitimlarni ishlab chiqish va boshqalar. O’zbekiston Respublikasining «Korxonalar to’g’risida», «Tadbirkorlik faoliyati to’g’risida» va «Aktsionerlik jamiyatlari to’g’risida»gi qonunlari hamda ularga kiritilgan qo’shimcha va tuzatishlar, mulkni davlat tasarrufidan chiqarish va xususiylashtirish bo’yicha tadbirlari bozor iqtisodiyoti uchun zarur huquqiy asosni ta’minlashga qaratilgan.
Davlat tomonidan ijtimoiy muhitni ta’minlash o’z ichiga ichki tartibni saqlash, mahsulot sifati va og’irligini o’lchash standartlarini belgilash, tovar va xizmatlar ayirboshlashni yengillashtirish uchun milliy pul tizimini muomalaga kiritish kabilarni oladi.
Raqobat bozor iqtisodiyotida asosiy tartibga soluvchi mexanizm bo’lib xizmat qiladi. Bu shunday kuchki, u xaridorlar yoki iste’molchilarning ehtiyojlariga ishlab chiqaruvchi va resurs yetkazib beruvchilarni bo’ysundiradi. Raqobat sharoitida ko’plab xaridorlar tomonidan bildirilgan talab va sotuvchilarning taklifi bozor narxlarini belgilaydi. Bu shuni bildiradiki, ishlab chiqaruvchilar va resurs yetkazib beruvchilar iste’molchilarning faqat bozor orqali hisobga olinadigan xohishlariga moslashishi mumkin. Bozor tizimining irodasiga bo’ysunuvchi, raqobatlashuvchi ishlab chiqaruvchilar foyda olishni va o’z mavqelarining mustahkamlashini kutadi, kim bozor qonunlarini buzsa, zarar ko’radi va oxir oqibatda sinadi. Raqobat sharoitida xaridor – bu xo’jayin, bozor ularning gumashtasi, korxona esa ularning xizmatkori hisoblanadi.
Iqtisodiyotda sotuvchilar o’rtasidagi raqobat o’rnini monopoliyalar egallaganda, ularning bozorga ta’sir ko’rsatish yoki undagi narxlarni o’z manfaatlarini ko’zlab o’zgartirish imkoniyati paydo bo’ladi. Monopoliyalar o’zlarining takliflari umumiy hajmini tartibga solish layoqatidan foydalanib, mahsulot hajmini sun’iy cheklash orqali ularga ancha yuqori narx belgilash va shu orqali ancha barqaror foyda olishi mumkin.
Bozor munosabatlari rivojlangan sharoitda monopoliyalar ustidan ikki usulda nazorat o’rnatiladi. Birinchi usulda, texnologiya va iqtisodiy sharoitlar raqobatli bozor mavjud bo’lish imkoniyatini yo’qqa chiqaradigan tabiiy monopoliyalar deb nomladigan tarmoqlarda davlat narxlarini tartibga soladi va ko’rsatiladigan xizmatlarga standartlarni o’rnatadi. Transport, aloqa, elektr energiyasi ishlab chiqarish va boshqa ijtimoiy foydalanishdagi korxonalar ma’lum darajada shunday tartibga solinadi. Ikkinchi usulda, samarali ishlab chiqarish juda ko’pchilik bozorlarda raqobat rivojining juda yuqori darajasida ta’minlanishi sababli davlat raqobatini kuchaytirish va himoya qilish maqsadida monopoliyalarga qarshi qonunlar qabul qiladi.
Respublikamizda ham monopol faoliyatni cheklash, tovarlar bozorida raqobatni rivojlantirish, iste’molchilar va tadbirkorlar manfaatini himoya qilishga qaratilgan qator qonunlar qabul qilingan.
Bozor tizimi kishilarning tabiiy qobiliyati, orttirgan bilimi va malakasi hamda mulkka egaligini hisobga olib, ularning yuqori daromad olishini ta’minlaydi. Shu bilan birga jamiyatning moddiy vositalarga ega bo’lmagan, bilim va malaka darajasi past, layoqati ham yuqori bo’lmagan a’zolari, qariyalar, nogironlar, ishsizlar yolg’iz va qaramog’ida bolalari bo’lgan ayollar juda kam daromad oladi yoki bozor tizimi doirasida ishsizlar kabi umuman daromadga ega bo’lmaydi. Qisqasi, bozor tizimi pul daromadlarini va milliy mahsulotni jamiyat a’zolari o’rtasida taqsimlashda birmuncha tengsizliklarni keltirib chiqaradi. Shu sababli davlat o’z zimmasiga daromadlar tengsizligini kamaytirish vazifasini oladi. Bu vazifa bir qator tadbir va dasturlarda o’z ifodasini topadi.
Do'stlaringiz bilan baham: |