1-guruh - shaxsiy-ruhiy omillar;
2-guruh - tashkiliy omillar;
3-guruh - me’yoriy-huquqiy omillar;
4-guruh - iqtisodiy omillar.
Shaxsiy – ruhiy omillar guruhi o’z ichiga tadbirkorning bilimi, malaka va tajribasi, ruhiy va ma’naviy qiyofasi, ishni tashkil etish va boshqarish qobiliyatlari borasida yuzaga keluvchi faoliyatni to’xtatishga olib keluvchi sabablarni oladi.
Tashkiliy omillar guruhi o’z ichiga xo’jalik yurituvchi sub’ektning tashkiliy tuzilmasida o’z faoliyatini davom ettirishida vujudga keluvchi to’siqlarni bartaraf etish, uni o’zgartirish yoki yanada takomillashtirish maqsadida faoliyatni to’xtatishga olib keluvchi sabablarni oladi.
Me’yoriy-huquqiy omillar guruhi o’z ichiga korxona faoliyatini davom ettirishda ro’y beruvchi amaldagi qonunchilik, me’yoriy qoidalarning buzilishining oldini olish va mavjud tartibbuzarlik holatlarini bartaraf etish maqsadida faoliyatni to’xtatishga olib keluvchi sabablarni oladi.
Iqtisodiy omillar guruhi o’z ichiga xo’jalik yurituvchi sub’ektning iqtisodiy manfaatlariga zid keluvchi holatlarning oldini olish va bartaraf etish maqsadida faoliyatni to’xtatishga olib keluvchi sabablarni oladi.
Korxonalar faoliyatining tugatilishiga ta’sir ko’rsatuvchi sub’ektiv omillarni 10 – chizma orqali ko’rish mumkin.
Tadbirkorlik faoliyati bo’yicha etarli bilim va malakaga ega bo’lmaslik sub’ektiv omillardan biri hisoblanadi. S.G’ulomovning ta’kidlashicha, «kichik shakldagi xo’jalik yurituvchi sub’ektlarning moliyaviy qashshoqligi va bankrot bo’lishi tadbirkorlar, rahbarlar, firmaning menejerlari tomonidan yo’l qo’yiladigan bir qator kamchiliklarga bog’liq.
Umumiy xatolar va kamchiliklar ichidan ish boshlovchi tadbirkorlarning, kichik firma rahbarlarining, etuk yoshdagi korxona menejerlarining o’ziga xos xatolarini ajratib ko’rsatish mumkin.
Ish boshlovchi tadbirkorlarni va etuk firmalarning menejmentlarini xato va kamchiliklarini turkumlash shuni ko’rsatadiki, biznesni tashkil etishda imkoniyatlarni, resurslarni va tavakkalliklarni hayotiy tsiklini barcha bosqichlarida puxta tahlil qilish kerak bo’ladi». Savdo-sanoat palatasi vakillari o’z ish faoliyatlarida tadbirkorlik faoliyatini boshlash uchun korxonani ro’yxatdan o’tkazishning o’zi kifoya, deb hisoblovchilar anchagina ekanligini ta’kidlaydilar. Aslida bunday bo’lmay, «agar etarli darajadagi tayyorgarliklarsiz boshlansa, eng ajoyib biznes – g’oya ham amalga oshmay qolishi mumkin. Ishning muvaffaqiyatli borishi uchun iqtisodiyotning barcha nozik tomonlarini o’rganish lozim. Tadbirkorning etarli bilimga ega bo’lmasligi xususiy korxona faoliyatini hali boshlamay turib to’xtatilishining asosiy sabablaridan biridir».
Shuni tan olish kerakki, tadbirkorlik sub’ekti rahbarlari orasida iqtisodiy islohotlarning jadal sur’atiga ulgurmayotgan, bozorga oid ishbilarmonlik namoyish eta olmayotgan, marketing va menejment bo’yicha eng oddiy tushunchalarni bilmaydigan, eskicha iqtisodiy tafakkurlovchi kishilar oz emas. Shunga ko’ra, eng yuzaki holda tahlil qilib ko’rilgan chog’da ham, iqtisodiy nochorlik belgisiga ega bo’lgan ko’plab korxonalar – bu ishlab chiqarayotgan mahsuloti sifati va narxi bo’yicha raqobatga layoqatsiz bo’lganligi bois sotilmayotgan va oqibatda aylanma mablag’siz qolayotgan korxonalar hisoblanadi.
Do'stlaringiz bilan baham: |