Asbobning tuzilishi va ishlash prinsipi
Alanga fotometriyasi usuli bilan ishlaydigan suyuqlik analizatori (bundan keyin alanga-fotometri) (1 - rasm) quyidagi qismlardan tashkil topgan: alanga fotometrining o’zi 1, membranali maxsus kompressor 2, tabiiy gaz bosimini to’g’rilagich 3, tabiiy gaz magistralini asbobga ulaydigan gaz shlangi 4, kompressorni asbobga ulaydigan gaz shlangi 5, tabiiy gaz magistrali 6, propan-butan gaz balloni 7 va gaz ballonining reduktori 8.
Asbobga kompressordan rezin nay orqali havo keladi.
Bu rasmda har xil yonuvchi aralashmalar (propan-butan-havo, tabiiy gaz-havo) bilan ishlash uchun asbobning turli qismlarini ulashning umumiy sxemasi ko’rsatilgan.
Asbobning ishi, tuzi alangaga kiritiladigan elementlarning chiqarish spektri intensivligini o’lchashga asoslangan. Tadqiq qilinayotgan element tuzining eritmasi so’rilib, gorelkada yonayotgan alangaga purkaladi.
Tabiiy gaz-havo alangasida yonayotgan aerozol aralashmasi alangani tegishli element chiqaradigan yorug’likning rangiga bo’yaydi.
Alangada qo’zg’atilgan element atomlari o’zidan ma’lum to’lqin uzunligiga ega bo’lgan yorug’lik chiqaradi.
Shunday qilib, yorug’likning to’lqin uzunligi u yoki bu elementning boshqa elementlar orasida bor yo’qligini xarakterlovchi ko’rsatgich hisoblanadi. Chiziqning intensivligi esa alangada kechayotgan jarayonning miqdoriy tomonini xarakterlaydi. Alangada qo’zg’atilgan atomlar sonining ko’payishi bilan ular chiqarayotgan yorug’likning intensivligi ortib boradi. Analiz qilinayotgan namunalarning eritmalari alangaga bir xil tezlik (ml/vaqt) bilan purkalgani uchun oxir-oqibatda yorug’likning intensivligi eritmaning konsentrasiyasiga bog’liq bo’ladi.
O’lchash kerak bo’lgan spektr chizig’ini ajratib olish uchun asbobda interferension va yutuvchi yorug’lik filtrlari ishlatiladi. Bu filtrlarning o’tkazish maksimumi, aniqlanayotgan element chiqarayotgan yorug’likning to’lqin uzunligiga mos keladi.
Yorug’lik qabul qiluvchi elementlar strelkali mikroampermetr bilan bog’langan. Mikroampermetr strelkasining og’ishi aniqlanayotgan element chiqarayotgan yorug’lik intensivligiga proporsional bo’ladi.
Standart eritmalar bilan o’tkazilgan tajribaning natijalari asosida darajalash grafigi chiziladi. Koordinat sistemasining abssissa o’qiga standart eritmalarning konsentrasiyasi, ordinata o’qiga esa asbobning tegishli ko’rsatgichlari qo’yiladi. Darajalash grafigi orqali tadqiq qilinayotgan eritmaning konsentrasiyasini aniqlash mumkin.
Do'stlaringiz bilan baham: |