Alisher navoiy nomidagi samarqand davlat universiteti


«Qutlug‘ qon» romani epizodik obrazlari ruhiy dunyosi tasviri va asar badiiy qimmati



Download 253,5 Kb.
bet13/17
Sana12.01.2017
Hajmi253,5 Kb.
#399
1   ...   9   10   11   12   13   14   15   16   17
3.3 «Qutlug‘ qon» romani epizodik obrazlari ruhiy dunyosi tasviri va asar badiiy qimmati

Portret. «Mirzakarimboy ilonning yog‘ini yalagan odam edi: hamma boylar kabi, ayyor, mug‘ambir, puxtapishiq; u yuraksiz emas, balki har ishda ehtiyotkorlikni ma’qul ko‘rar edi. Mana shular orasida u, kamtarin mahalla baqqolining o‘g‘li Karim chittak – kichkina, lekin harakatlari chaqqon va ildam bo‘lganidan, yoshlikda shunday laqabi bor edi – hozir kimsan Mirzakarimboy!...»

Boy o‘z umrida ko‘pni ko‘rgan, ko‘pni tanigan, turli shahar va turli odamlar bilan muomala qilgan, uning qo‘lidan juda ko‘p xizmatkor, qarol chorakor va hokazo o‘tgan. Shuning uchun odamni tez anglab olar edi. O‘zining bu xislatiga chuqur ishonar, bu bilan boshqalarga maqtanmasa ham (maqtanchoqlikni yomon ko‘rar edi), ba’zi vaqt ichidan faxralanardi. Mana hozir uning qarshisida mushtipar jiyanining o‘g‘li. U bilan turli narsalar haqida uzoq suhbatlashdi, lekin yigirma uch yosh yigitning aqlida sira nuqson ko‘rmadi.

Yo‘lchining portreti. «Uning arslonday ko‘rkam gavdasi, keng peshanasi, chuqur samimiyat ifodasi bilan to‘la yirik, hushyor ko‘zlari, kir yaktagi, ichidan qavarib turgan keng ko‘kragi, baquvvat qo‘llari, so‘zlaridagi qishloqcha soddalik va to‘g‘rilik (bu xususiyatning kambag‘al odamlarda katta fazilat deb topar edi boy) unga juda yoqdi». «Obdon chiniqqan yigit; unga berilgan ovqat behuda ketmaydi», deb o‘yladi u. Lekin shu bilan baravar, Mirzakarimboy Yo‘lchining butun siymosida katta jasorat va g‘urur sezdi. Bu sifat unga jilla ma’qul tushmadi. Keyin, uning ehtiyotkorligi «sinamagan otning sirtidan o‘tma» degan xalq maqolini eslatdi, agar yo‘lchi unikida ishlashni orzu qilsa, bir qancha vaqt sinamoqchi bo‘ldi: «Oqibat yaxshi bo‘lsa, qo‘limdan sira chiqarmayman. Yalqov va g‘irrom, yo qo‘li egri bo‘lsa, silliqlik bilan haydayman», - deb o‘yladi.



  • Jiyan, - ohista murojaat qildi Mirzakarimboy, - o‘ylab qarasam, ahvollaring chatoqqa o‘xshaydi. Nima qilasan, yana qishloqqa qaytasanmi?

Boyning savoliga Yo‘lchi qanday javob berishni bilmay qoldi. Qishloqadan chiqarkan boy tog‘asidan, albatta, xizmat so‘rashni onasi uqtirgan edi. Endi u «qaytaman» desa, erta-indin qishloqqa jo‘nashi kerak, u vaqt onasi xafa bo‘ladi; «Shunday katta dargohdan o‘rin topolmay qo‘lingni burninga tiqib qaytdingmi noshud!»

  • Deydi. «Qolaman, biron xizmat topib bering», - deyishga g‘ururi yo‘l qo‘ymadi. Chol takror so‘ragach, u javob berdi:

  • Toshkentda ish topsam, balki qolarman.

Mirzakarimboy soqolining uchini barmoqlari bilan chimdib, kulib qo‘ydi:

  • Shaharda qayoqdan ish topasan? Bizda yura tur. Nonnasibang bizda bo‘lsa; qolarsan, bo‘lmasa, qishlog‘inggami yo boshqa tomongami jo‘narsan. Rizqingni Olloh taolo qayerga sochgan, biz bilamizmi?

  • Xo‘p, ixtiyor sizda, - boshini qimirlatib dedi yo‘lchi.

Voqea rivoji. Mirzakarimboy astagina o‘rnidan turdi. «Yorasulullo» deb ming‘irladi, supadan tushib, kechagina sotib olinganday, yarqiragan chiroyli, ixcham «sodiqi» kavushni oyoqlariga ildi, kavushni g‘ijirlatib, qari bo‘lsa ham xo‘rozday kekkayib, qo‘rg‘on tomonga yurdi. Naq shu pallada darvozadan katta qora sigir shataloq otib, orqasida bir kishini surib kirdi. Boy cho‘chib, o‘zini chetga oldi. Haligi kishi orqaga tashlanib, oriqchandir bo‘ynidagi tomirlari o‘qlog‘day qavarib, sigirni bazo‘r to‘xtatdi: «Hech kuchga bo‘yin bermaydi bu zantaloq, u o...» - boyga qarab dedi u. Keyin birdan Yo‘lchini ko‘rib qolib, ko‘zlarida «u kim?» degan savol javdirar ekan, boy kulib unga gapirdi: «Yormat, bu bola jiyanim bo‘ladi. Tanish, ish o‘rgat» U indamadi, sigirni uzoqda, devor tagidagi bir daraxtga bog‘lab qaytgandan so‘ng, Yo‘lchi bilan ko‘rishar ekan, qo‘rg‘on ichiga kirib ketgan boy bir zumda yana eshikda ko‘rindi:

  • Yormat, shaharga otni tezroq olib tush, Hakimjon kutib qolmasin, bugun mehmonlar bora...

  • Beda o‘rib qo‘yish kerak ediku, - boshini qashidi Yormat.

  • A, kun ham kechikib qolibdi.

  • Men o‘raman bedani, bedalaring qayerda? – Yormatga qarab dedi Yoo‘lchi.

Mirzakarimboy jiyanining ishga tayyorligidan rozi kabi kuldida, indamasdan ichkari kirib ketdi..

  • Mehmonni ishga solar ekanmizda, - dedi Yo‘lchini birga olib jo‘narkan Yormat, - ha, qari kelsa oshga, yosh kelsa ishga.

Yermat yo‘lchi bilan yonma-yon yurib eski tanish kabi undan-bundan so‘zlashib bordi. U qirq besh yoshlarda, novcha, chayir odam; yuzida siyrak cho‘tir izi qolgan, soqol, mo‘ylovlariga anchagina oq tushgan edi.

Kulminatsiya. Yo‘lchi yakka kift bo‘lib, xalq orasini yorib, oldinga o‘tdi. U bo‘yini cho‘zib, qaynoq asabiy g‘azabli ommani – zulm o‘chog‘ini portlashiga tayyor botir xalqni ko‘zdan kechirdi. Mana ular: dehqonlar, koranda chorakorlar, qarollar, shahar kosiblari, ishchilar, zulm olovida suyaklariga qadar yongan bechoralar va ularning onalari, otalari! Yo‘lchining quloqlarida tovushlar g‘uvilladi: «Urush qursin, qashinishga tirnog‘im ham qolmadi, hammasini Mekalay yedi!». «Jabrning to‘qmog‘iga toqat yo‘q!», «Boyvachchalar jo‘nasin «mardikorlikka, bizga tinchlik kerak», «Yotib o‘lguncha, otib qol, degan gap borku. Nimaga xaloyiq qarab turibdi, axir!»

Yo‘lchi o‘zidan nariroqda, odamlar orasida, temirchi Qoratoyni, eski do‘sti qirg‘iz O‘rozni ko‘rib qoldi. Qay tomonga qarasa yangi-yangi tanishlar uchraydi. U urinib, siqilib temirchi va O‘rozga o‘zini yetkazdi. Ko‘pdan ko‘rmagan O‘rozning yelkasiga qo‘lini tashlab, quchoqladi ikkisining ko‘zlari chuqur mehr va do‘stlik shul’asi bilan bir zum yonib ketdi. Qoratoy yo‘lchini tutib, qo‘li bilan uzoqqa ishora qildi: «Ana Hakimboyvachcha! Joni hiqildog‘iga kelganga o‘xshaydi, ko‘rdingmi?» Yo‘lchi labini mahkam tishlab, kinli ko‘zlarini bir nuqtada tikdi. Hakimboyvachcha ko‘zoynak taqqan, semiz bir rus amaldori bilan xalqdan chetroqda turardi. Uning rangi o‘chgan, ko‘zlari allaqanday notinch; harakatlarida qo‘rquv va asabiyat, g‘azab seziladi. U goh jirkangan nazar bilan xalqqa boqadi, goh rus amaldorlariga bir nimani uqtiradi...

O‘roz Qoratoyga shivirlab, keyin beparvolik bilan, go‘yo o‘z-o‘ziga so‘zlaganday, dedi: «Salim ketgan joyga Hakimni ham jo‘natish kerak!» Yo‘lchi shu onda O‘rozning qo‘lini mahkam siqdi: «Hammasining burnidan ip solib tortamiz. Lekin hozir o‘z to‘yimizdan qolmaylik, yuringlar!»

Politsiya eshigi berk; yashil moy bilan sirlangan yog‘och panjaralar oldida tutaqqan xalq qaynaydi. Yigitlar, xotinlar panjaraga tirmashadi. Yo‘lchi o‘z sheriklari bilan birga panjaralarni buzishga kirishib qoldi. Butun xalq, erkak-ayol, birdan yopirilib, panjaralarni qasir-qusur bilan sindirib tashladi. To‘lqin polisiya hovlisining keng sahniga otildi. Shovqin kuchaydi. Odamlar bir-birlarini itarib, qoqilib, zo‘r suron bilan oldinga yugurdi; hovlining to‘ridagi oq uylarga kelib taqaldi. Uylarning eshiklari, derazalari taqataq yopiq. Derazalar orqali pogonli ko‘ppaklarning g‘azabdan, qo‘quvdan bujmaygan tumshuqlari ko‘rinadi.

Qo‘zg‘olonchi xalqning kin, qahri har lahza kuchaydi, hayqirig‘i ko‘kni tutdi, yigitlar mushtlarini ko‘tardi, keksalar qissalarini havoga qadadi. Xususan, xotinlarning harakati o‘jarroq; haqni talab qilgan, zulmni, zolimlarni la’natlagan ovozlari dadilroq; ular yuzlarini ochib, ko‘ksilarini kerib, tovushlari bilan, qo‘llari bilan zulmga qarshi lan’at yuboradilar.

Xalq tovushi tinimsiz guvillaydi: «Bu yoqqa chiq, itlar!», «Qorinlaringni yoramiz, cho‘chqalar!», «Bitsin, zolim podshoh!»

Bu – ulug‘ xalq isyoni, bu – asrlardan buyon davom etgan jabrga, qullikka, kishanbo‘g‘ov tuzumiga, bosh turmachi Nikolay saltanatiga qarshi mustamlaka kambag‘allarning, kapital qullarning qo‘zg‘oloni, dahshatli zarbasi edi.

Bir rus va bir necha «sart» mirshablar – zulm malaylari ichkaridan yugurib chiqib, so‘kib, quturib, olomnni itarishga, orqaga surishga urunisharkan, Yo‘lchi «Ur!» deb hayqirdida, oviga chang solgan arslondek, mirshablar ustiga tashlandi. Birpasda ikki mirshabni g‘isht ustiga ag‘darib tashladi. Xalq ham zo‘r suron bilan boshqa mirshablarga otildi. Yuzlarcha erkak-ayol mushtlari ostida badanlari dabdala bo‘lgan bu ko‘ppaklar ichkaridan xalq ustiga yog‘ilgan o‘qlarning yordami bilan bazur qochib, mahkama ichiga yashirini bildilar. Xalq mahkama ichlarini, zinani va derazalarni qurshab oldi. Ayollar tosh va g‘isht parchalarini ko‘tarib, eshik va derazalarga hujm qila ketdi. Deraza oynalari maydalanib, qum kabi to‘kildi. Ichkarida qamalib, deraza orqasida to‘pponcha tutib turgan mirshablar, politsiyalar va boshqa to‘ralarning harakatlarida benihoya sarosima, qo‘rquv... Eshik ochilib, shop mo‘ylov, go‘shidor yuzidan zahar tomchilagan Machalov bilan birga, uning kabi pogonli, yarog‘-aslahali ikki to‘ra zinada qaqqaydi. Ularning ranglari o‘chgan, lablari qiyspaygan; ko‘zlarida qo‘rquv ravshan sezilsa ham, lekin «ojiz, yuvosh sartlar» oldida o‘zlarini dadil tutishga, zulm bilan gerdayishga tirishib, qo‘llarining keskin harakati bilan xalqqa tinchlanishni buyurishdi. Ulardan biri oq podshohning «oliy iroda»sini tushuntirish uchun titroq lablari bilan so‘zlashga urindi. Ammo ezilgan xalq bu yerga so‘z tinglash uchun kelmagan edi. Qinli shovqun yana yog‘dira boshladi. Achchig‘i olovlangan bir ayol to‘ralardan biriga yopishib, zinadan pastga siltab tortdi. Olomon uni ag‘darib, xalq ichiga sudrab ketdi. Bosh yalang, ko‘kragi ochiq, ko‘zlari ajoyib chaqchaygan bir yigitcha chaqqonlik bilan uning qilichini qinidan sug‘urdi. Naq shu onda, Maschalov buyrug‘i bilan zinadan, deraza orqalaridan xal boshiga o‘q yog‘ila boshladi. Mana birin-ketin xotinlar yerga yiqildilar. Biri jimgina qotib qoldi. Biri to‘lg‘onib, ozg‘in qo‘llari bilan paranjichachvonini mijg‘alab tortib, g‘isht ustida yumalandi. Sersoqol, o‘rta yashar, juda juldur kiymili bir kishi o‘ng qo‘li bilan chap yelkasini mahkam qisib, og‘riqdan ko‘zlarini yumib, sekingina yerga cho‘kkaladi: uning barmoqlari orasidan qon tomchilari anor suviday siljib oqdi. Olomon bir zumgina cho‘chib orqaga tislandi.

Yo‘lchi, quloqlari ostida o‘q uzilib turarkan, tomirlarida jo‘shqin kuch, yuragida yuksak hislarning, orzularning bo‘ronini sezdi. Kurash zavqi nash’asiga to‘lgan ko‘zlari bilan xalqqa qaradi. U odamlarning ko‘zlarida g‘azab yashinining yana kuchliroq yonganini, otuvchilarga qarshi dahshatli adovat mavjlanganini yaqqol ko‘rdi. Qoratoyning, yang bir ko‘p yigitlarning qo‘llarida pichoqlar sovuq yiltiraydi; ayollarning tosh tutgan qo‘llari havoga g‘olibona ko‘tarilgan. Ular boshlaridan chachvoyalarini yulib: «Ot, o‘ldir! Bola bermaymiz qonxo‘r podshohga! Yer yutsin u zolimni!» deb qichqirishadi.

Yo‘lchi oldingi qatordagi erkak va ayollar bilan birga hayqirib, yana mahkama sari bosib bordi. Bir nafasgina qotgan xalq to‘lqini yana kuchliroq tazyiq va matonat bilan olg‘a sapchidi. Navkarlardan biri lahzada majaqlanib tashlanildi.

Politsiyalar, mirshablar yana uylarga qamalishdi. Xalq qaynaydi, derazalar orqali ichkariga bosib kirishni ko‘zlasa ham, lekin qurol yo‘qligidan ikkilanib qoldi. Yo‘lchi o‘z do‘stlarini chaqirib, ichkariga bosqin yasash, iloji bo‘lsa, qurol topish uchun tevarakka ko‘z yugurtirdi. Qoratoy odamlarni bir nimaga undaydi. O‘roz tosh yog‘dirish bilan mashg‘ul. Ikkisi ham yo‘lchining tovushini eshitmadi. Yo‘lchi ertalab mahalladan o‘zi boshlab kelgan yigitlarni ko‘rib, sabrsizlik bilan ularga yondashishga tirishdi. Lekin olomon o‘rtasida, ixtiyorsiz ravishda, bir minut to‘xtab qoldi. Hisobsiz xotinlar ichida, tiqilincha ko‘zi bir qizga tushdi. U, bundagi boshqa ayollar kabi, dam chachvonini butunlay ko‘tarib, dam tushirib turadi, bo‘ynini cho‘zib, to‘rt tomonga jovdiraydi. Ko‘zlaridan oqqan tomchilar quyoshda injuday yonadi. Bu yerda kurashgan sanoqsiz onalar, buvilar orasida yagona qiz ehtimol, u edi. Yo‘lchi birinchi boqishdayoq u qizning chehrasida Gulnorning ruhini ko‘rdi; yuz bichimi, ayniqsa ko‘zlarining ichki ma’nosi va jilvasi Gulnorni yodlatdi. Yigit bir on tikildida, ko‘zlarini yumdi: yuragini o‘tkir bir nima chuqur tilib ketdi, go‘yo uning butun o‘zligini Gulnor xayoli quchdi. Ko‘ksida Gulnor qayg‘usi og‘irqalam bilan to‘lqinlandi: «Qani Gulnor? Qani u jononi? Oh, u yo‘q, bunday yigit to‘yida, xalqning to‘yida yo‘q. U yer bag‘rida! Bu bir begona qiz, yo yolg‘iz akasini, yo mehribon onasini qidirib kelgan. Qani mening mehribonim?» Yo‘lchi o‘z ichida o‘ylarkan, har yoqdan qizg‘in, kesik tovushlar eshitdi: «Ana polismeystr! Cho‘chqa Kolesnikov! Ana asarlar... Bo‘sh kelmanglar, yigitlar, uraveringlar, shovvozlar!»

Xalqda harakat, hayajon kuchaydi. Yo‘lchi suqila-suqila oldinga intildi. Polismeystr zinada to‘xtadi; uning basharasi yovuz va quturgan edi. Baland bo‘yli, paxmoq sochli, dov kazak askarlar xalqni urib, niqtab orqaga surishga tirishdi. Xalq to‘lqini, aksincha, olg‘a bosdi. Kolesnikov, jahlidan og‘zini qiyshaytirib, so‘zlashga urindi. U, oq podshohning «oliy farmoni»ga bo‘ysunish kerakligini, aks xolda, «sartlarga» qarshi o‘q va zambarakni sira ayamasligini, onalarning va go‘daklarning ko‘z yoshlaridan Chirchiqlar yasashga tayyorligini baqirib so‘zladi. Ammo, bunga javoban xalqning ovozi gurulladi: «Ur zolimni!» Tort bu yoqqa, yanchamiz uni!» Uni ham o‘z ichiga sudrab, oyoq ostiga olish uchun erkak va ayollar shiddat bilan qo‘llarini cho‘zishdi. Polismeystr sarosimalik bilan to‘pponchasini chiqardi. Uning odamlari ham shiddatli ravishda o‘q yomg‘irini yog‘dira ketdi. Ulgan, yarador bo‘lganlarga qaramay, qo‘zg‘olonchilar katta suron bilan ilgari otilib, «tosh bo‘ron»ni kuchaytirdi. Ichkariga bosib kirishga hujum qildi. Bir xotin naq zinaga chiqqan paytda, o‘q uni yerga uchirdi. Yo‘lchi hayqirib, hansirab kazak askarlariga sapchidi. Sersoqol, dov askar bilan olishib ikki musht bilan uni garanglatdida, chapdastlik bilan qilichni sug‘urib oldi. Bir onda u o‘z kuchining o‘lchovsiz darajada o‘sganini sezdi. Dushman qo‘lidan o‘lja olingan qilichni, quyoshda oq olov singari yongan qurolni havoga baland ko‘tardi. Ichkariga qochayotgan polismeystrning boshini majaqlash uchun shaxdam yugurdi. Faqat deraza orqasidan uzilgan o‘q bilan, u tomiri tortishgan, yoki garanglangan odam kabi, bir lahza qotib qoldi, so‘ng qilichni mahkam ushlab, bukchayib, ohistagina yerga yiqildi. Bir nafasdan so‘ng, ko‘zlarini sekin ochdi. Tiniq zangori samo, azamat quyosh uning ko‘zlariga kirdi. Qarshidagi daraxtga tirmashib, telefon simini qirquvchi qora choponli bir yigitni – do‘sti O‘rozni ko‘rdi... Butun vujudini zirqiratgan dahshatli og‘riqdan tishlarini mahkam qisdi. Ammo o‘lim bilan kurasharkan so‘ngi zarba uchun butun g‘azabini, kuchini, irodasini to‘pladida, bir qo‘lini yerga tirab, boshini yerdan uzdi: qaddini rostlar ekan, ko‘z oldi qorong‘ilashdi, yana sekingina yerga yiqildi.

Yechim. Ko‘krakdan oqqan qonga belanib yotsa ham, u fikran, ruhan jangda – kurashda edi: isyonchi, qahramon xalqning o‘z odamgarchiligini, o‘z haqiqatini tasdiq ettirish uchun zolimlarga ko‘krak kergan, musht ko‘targan minglarcha o‘z og‘ayinilarining, otalari, onalarining gulduros ovozi uning quloqlarida guvillaydi.

Kimdir uni quchoqlab, peshanasini silab qichqirdi:


  • Yo‘lchiboy! Og‘ang o‘lsin! Voy qadrdonim, jigarim.

Yo‘lchi ko‘zini bazur ochib Qoratoyni ko‘rdi. Uning yosh qaynagan ko‘zlariga chuqur do‘stlik sevgisi bilan boqib, «yig‘lamang» degan kabi imo qildi.

Qoratoy bilan O‘roz yigitni avaylab ko‘tarib, ushlanib qolmaslik uchun, jo‘rttaga xalq ichiga sho‘ng‘ishdi. Odamlarni kuch bilan, hayqiriq bilan surib, itarib, ko‘chaga chiqishdi. Ildamlik bilan «Balandmachit» tomonga yugurishdi. «Devonbegi» mahallasiga qayrilib, bu yerda bir tashlandiq hovliga kirishdi. Bir tomoni bosib qolgan kulbaga Yo‘lichini ohista yotqizishdi: «Inim, qalaysan, suv beraymi?» Qoratoyning savoliga hech qanday javob ishorasi bo‘lmadi, Yo‘lchi o‘lgan edi...

Ikki do‘st Yo‘lchining yuzidan, ko‘zlaridan o‘pib, asta quchoqlab, uzoq, lekin tovushsiz, yurakni parchalovchi bir yig‘i bilan yig‘lashdi. Keyin Qoratoy o‘z belbog‘i bilan do‘stining engagini tang‘idi. O‘roz choponini yechib, yerga yoydi, so‘ng jasadni ko‘tarib chopon ustiga olishdi. Qonli ko‘ylakni Qoratoy ehtiyot bilan tilib, yarani ochdi. Yara ko‘krakda, yurakka yaqin, undan quyuq qon hali siljib turar edi...

Ikki do‘st kulbaning eshigini zich bekitib, goh Yo‘lchining fazilatlaridan sekin-sekin so‘zlashib, goh o‘zini tuta olmay, achchiq-achchiq yig‘lab, kun qorayguncha o‘tirishdi.

Xufton vaqtida O‘roz bir tanish aravakashning aravasiga bir necha bog‘ poxol ortib keltirdi. Qorong‘ida Yo‘lchini aravaga yotqizib, ustiga poxol tashlab, qo‘rqinch, tahlika ostida Saodat kampirnikiga jo‘nashdi.

Yurtda katta qo‘zg‘olon, otish-tutish bo‘lganini eshitgan Unsin, akasidan xafalanib, kechga yaqin temirchining bir o‘g‘li bilan birga Taxtapulga kelgan edi. Boshqa ayollar singari qo‘zg‘olonga ancha dadil qatnashib, soat bir-ikkida uyga qaytgan kampir, qizga ko‘rgan voqealarni so‘zlab-so‘zlab bitirolmas edi. Yo‘lchining shu vaqtgacha qaytmaganiga ular tashvishlansalar ham, fojiyadan xabarlari yo‘q va bunday baxtsizlikni esga ham olmagan edilar.

Qoratoy yugurib kirib, shaq-shaq titragan xolda; «Zinxor, bazinxor ovoz chiqarmaysanlar», deb yana eshikka yugurgach, Unsin ham, kampir ham harakatsiz, tilsiz qotib qolishdi. Faqat Yo‘lchini olib kirib, ko‘rpa ustiga yotqizishgach, ular dahshatli haqiqatni anglab, o‘zlarini yigit ustiga tashladilar.

Qoratoy O‘rozni darrov Shokir otaga yubordi. O‘zi ayollar oldidan qimirlamay ularning tovushini o‘chirib turdi.

Chiroq shul’asida, naq tiriklishida qanday bo‘lsa, shunday sokin, mag‘rur, go‘zal yotar edi Yo‘lchi. U go‘yo o‘lmagan: ko‘zlarini ochmoqchiday, lablari so‘zlashga tayyorday. Unsin uchun – bechora qiz uchun, bu qanday falokat, bu qanday mudhish motam! Sochlarini yulib tashlash, yuzlarini qonatib timdalash uning boshiga ag‘darilgan og‘ir qayg‘uni zarracha yengillashtira biladimi? Ko‘z yoshi buloqday qaynagani bilan yurakning haroratini qurita biladimi!

Unsin, sevikli va qayg‘uli yagona do‘sti, hayotda yagona umidi bo‘lgan akasini quchoqlab, qonli yarasiga yuzini, ko‘zini Surib yota berdi. Na kampirning, na Qoratoyning yolvorishlari, yupatishlari kor qildi, na o‘limning sovuq, daf etilmas, mudhish zaruriyati ta’sir qildi. Unsinning o‘z umri Yo‘lchining bir daqiqalik umriga nisbatan «hech» edi.

O‘roz Shokir otani boshlab kelgach, Qoratoy cholni uyda qoldirib, O‘roz bilan birga mozoga, go‘kovga jo‘nadi. Agar go‘rkov hozir qazishni istamasa, qabrini o‘zlari qazish uchun ehtiyotdan bir ketmon ham olishdi.

Asarda makon va zamon. Makon va zamon haqida gap ketganda yana shu narsani ham eslash joizki, qalamga olingan voqea-hodisalar yuz bergan yoxud yuz berishi muqarrar bo‘lgan makon (joy) tarixan aniq (Toshkent, Samraqand, Buxoro, Xiva, Qo‘qon, Marg‘ilon, Andijon, Jizzax...) bo‘lishi, ba’zan to‘qima nom (Shahrixon kabi) bo‘lishi ham mumkin. Agar asarda tasvir etilgan voqea-xodisalar yuz berishi mumkin bo‘lgan makon nomi to‘qima bo‘lsa ham unda baribir konkret bir makon belgilari singdirib yuboriladi...

«Qutlug‘ qon»da 1912-1916-yillarda yuz bergan hodisalar ko‘rsatilgan; «Qullar» romanida esa 1825-1933-yillarda (yuz yildan ortiq) sodir bo‘lgan voqea-xodisalar tasvirlanadi. Yana bir gap. Asarda ta’rif va tavsif. Adabiy asar tilida ta’rif-tavsif (xarakteristika – lot- character – xossa, xususiyat) usuli ham muhim o‘rin tutadi. Muallif tomonidan qahramonga berilgan ta’rif-tavsiflar. Agar yozuvchi asar qahramonining kelib chiqish, faoliyati, xulqatvori, axloqodobi, idroki, qobiliyati, intilishi, tashqi qiyofasi va boshqalar haqida ma’lumot – baho bersa, bu muallif ta’rif-tavsifi deb yuritiladi. Masalan, «Qutlug‘ qon» romanida muallif tomonidan qahramonlarga berilgan quyidagi ta’rif-tavsiflarga e’tibor qilinga, ular qanchalik serma’no: «Mirzakarimboy ilonning yog‘ini yalagan odam edi: hamma boylar kabi ayyor, mug‘ambir, puxtapishiq: u yuraksiz emas, balki har ishda ehtiyotkorlikni ma’qul ko‘rar edi. Mana shular orqasida u, kamtarin mahalla baqqolining o‘g‘li Karim Chittak, - kichkina, lekin xarakterlari chaqqon va ildam bo‘lganidan, yoshlikda shunday laqabi bor edi, - hozir kimsan Mirzakarimboy!... U Toshkentning eng oldingi boylaridan...» Yigirma uch yoshli yigitcha – Yo‘lchi – asar bosh qag‘ramoniga muallif Mirzakarimboy didiga qiyosan shunday baho bergan: «Uning arslonday ko‘rkam gavdasi, keng peshonasi, chuqur samimiyat ifodasi bilan to‘la yirik, hushyor ko‘zlari, kir yaktagi ichida qavarib turgan keng ko‘kragi, baquvvat qo‘llari, so‘zlaridagi qishloqcha soddalik va to‘g‘rilik (bu xususiyatni kambag‘al odamlardan katta fazilat deb topar edi boy) unga juda yoqdi. «Obdon chiniqqan yigit, unga berilgan ovqat behuda ketmaydi», deb o‘yladi u. Lekin shu bilan baravar, Mirzakarimboy Yo‘lchining butun siymosida katta jasorat va g‘urur sezdi. Bu sifat unga jilla ma’qul tushmadi». Adabiyotshunos Abdug‘ofir Rasulov “xaraketr yaratishda turli badiiy vositalardan foydalaniladi... Badiiy adabiyot jonli odamlar xarakteri bilan muhim.” 9

Badiiy asarda tavsiflash vositalari . Adabiy asardagi qahramonlarni ta’rif-tavsif etishda yozuvchilar rang-barang badiiy tasvir vositalaridan foydalanadilarki shulardan ayrimlarini ko‘zdan kechiraylik.

Ichki monologqahramonning o‘z-o‘zi bilan ichdan (ruhan) guplashishi, fikrlashi, his-tuyg‘ularining ichki ifodasi. Ichki monologda qahramon o‘zining sirli, yashirin fikrlarigacha aytadi. Shu boisdan ichki monolog orqali qahramon kitobxon oldida o‘z-o‘zini ochadi. Natijada uning shaxsiyatida hech narsa sirli yoki tushunarsiz bo‘lib qolmaydi. Odatda, ichki monologlarda qahramon hayotining eng keskin momentlari ifodalanadi. Bu o‘rinda, «Qutlug‘ qon»dagi Yo‘lchining quyidagi ichki monologi mag‘zini chaqib ko‘ring.

«Ajab dunyo ekan! Har yerda dehqonning ishi chatoq. Yeri bo‘lsa, ulovi yo‘q. Ulovi bo‘lsa, yeri yo‘q. Ko‘pida ikkisi ham yo‘q. Mana, men!... Hozir qayoqqa qarasang, menga qarasang, menga o‘xshashlar... Haligi dehqon qovun ekibdi. Qancha mehnat, qancha mashaqqat! Yolg‘iz o‘zi emas, butun uy ichi bilan ishlagan, albatta, dastlabki sotish bu xilda bo‘lib chiqdi. U molini sotmadi – suvga oqizdi. Yo‘q, suvga oqizgandan battar bo‘ldi. Loaqal o‘n besh so‘m turadigan qovunni to‘rt yarim so‘mga sotsin, buni ham birovning aravasini tuzatishga to‘lasin. Foydani tulki baqqol urdi. Voy haromi, noinsof! Men bunday mo‘ltonini sira ko‘rganim yo‘q edi... Endi dehqon o‘z otasining shahardan qaytishini to‘rt ko‘z bilan kutgan bolalari oldiga qanday boradi. Ularga nima deydi? Qipyalang‘och bolalar: kiyim qani desa, nima ko‘rsatadi? To‘y o‘rniga aza!... ».

Xotima. Shokir ota Yo‘lchining boshiga cho‘kka tushib, o‘zining og‘ir dardli, chuqur yarali qalbi bilan uzoq yig‘ladi. So‘ng, Unsinni chetga tortib, boshini silab, butun otalik samimiyati bilan taskin berishga tirishdi.


  • Qizim, jonim qizim, - yig‘i aralash gapirdi chol, - san ko‘p o‘rtanma. Man so‘zlay san aqlli qizsan, hammasini tushunasan. Yo‘lchining o‘limi anchamuncha o‘lim emas. Bu juda katta o‘lim. Akang, Yo‘lchi o‘g‘lim, nima uchun, kim uchun qon to‘kdi? O‘zi uchun emas, xalq uchun, yurt uchun, jamiki alamzadalar, alamdiydalar uchun qon to‘kdi. Bu qon eng qutlug‘, eng muborak, eng sof qon... Bunga gumonim yo‘q. Qizim, akang mard yigit edi, nomusli yigit edi. Nomus bilan, mardlik bilan o‘ldi. U zulm ildiziga bolta urdi. Inshoollo, zulm daraxti quriydi. Yo‘lchining qoni behuda ketmaydi, sira behuda ketmaydi. Bu hikmatli qon, qutlug‘ qon. Unda sir ko‘p. Keyin tushunasan, qizim. Man o‘lib ketsam, bir vaqti o‘zing: «Ha, Shokir otam shunday degan edi», deb yodlarsan. Yo‘lchi o‘g‘limning qoni qutlug‘, uni yuzga, ko‘zga surish kerak... – chuqur xo‘rsinib davom etdi chol, - kuyma, qizim. Mana, man otang, ana kampir onang, qishloqda akang bor, yana Qoratoydek mard og‘ang bor... Hammamiz sanga mehribonmiz. Durust, Yo‘lchiboy yer o‘g‘li – er edi, u boshqa olamdan edi. Lekin o‘limi ham ulug‘ bo‘ldi. Buni yaxshi tushun, qizim!».

Unsin bir vaqtlar Gulnor bergan uzukni akasiga hali topshirmagan edi. Uni cho‘ntagidan chiqarib, o‘pa-o‘pa Yo‘lchining jimjilog‘iga taqdi. Uzuk barmoqning yarmiga ilindi. Qiz bardosh qila olmadi, o‘zini yerga otdi.

Qoq yarim kechada Yo‘lchining tobutga solib, hovlida uch kishi – Shokir ota, Qoratoy, O‘roz – janoza o‘qishdi. Boshqa odam yo‘qligidan va kechasi mahalladan yigitlarni chiqarish ancha xavfli bo‘lganidan, Qoratoy bilan O‘roz o‘z kuchlariga ishonib, tobutni ko‘tardilar.

Xulosa qilib aytganda, asar strukturasi, qahramonlar ruhiyati, syujet unsurlari, tasviriy vositalar, badiiy til va umuman har jihatdan “Qutlug‘ qon” romanini yuksak badiiy qimmatli ekanligini ko‘rsatib turibdi. Asarning yana bir hususiyati shundaki, unda xarakterlar ruhiyati va voqelik o‘rtasidagi bog‘liqlik nihoyatda nazokat bilan uyg‘unlashib ketgan. Asarning badiiy qimmatini ochib berishga xizmat etgan.

XULOSA

Ruhiyat, badiiy psixologizm romanning tasviriy–til vositalaridan tortib, badiiylikning hamma komponentlariga qadar u yoki bu darajada o‘z aksini topadi, personajlar hayoti va ma’naviyatidagi ijtimoiylikni ifodalashga xizmat etadi. Romanda tarixan tarkib topib kelgan milliy an’analar, urf-odat, marosimlar negizida jamiyatning, xalqning olg‘a harakatiga asqotuvchi, ruhiy optimizmiga kuch quvvat bag‘ishlovchi insonparvarlik, ozod mehnat orzusi, axloqiy poklik, chin muhabbat, do‘stlik, o‘zaro yordam tuyg‘ulari kabi ijtimoiy fazilatlar bilan birga milliylik maqsadlarida foydalanish mayllarining yashovchanligi ro‘y-rost ko‘rsatiladi. Milliylik qobig‘i tagida yetila borgan ijtimoiy, oilaviy-maishiy, shaxsiy va ma’naviy-axloqiy, ruhiy ziddiyatlar mag‘zini butun qarama-qarshiliklari bilan ochib berish, xarakterlarning ma’naviy-ichki to‘lqinlarining ko‘tarilishi va pasayishi hamda ularning zohiriy alomatlari – tashqi vajohati, xatti-harakati, tabiiy va ijtimoiy omillar bilan o‘zaro munosabati va to‘qnashuvlarini tasvirlash jarayonida bavosita (ba’zan bevosita) muallif ma’naviy-ruhiy pozitsiyasi – voqelikni badiiy bilishi (haqiqat izlashi), axloqiy (yaxshilik, ezgulikni tasdiqlashi), estetik (nafosatgo‘ylik) nuqtayi nazari singdiriladi.

Oybek romanlari uchun ham «hayotning oddiy obrazini berish» va «eng teran ma’noda g‘oyaviy - ...badiiy ko‘rsatish» xarakterlidir. Bu – adabiyotda realistik metodning tub g‘oyaviy-badiiy tamoyili bo‘lib, ijodning har ikki o‘ziga xos (bir-biridan farqli) aspekti mutassil o‘zaro dialektik bog‘lanishlarda, bir-biriga faol ta’sir ko‘rsatishda butunlik kasb etadi. Zotan, realizm hayot obrazlarining ko‘chirmasi yo ag‘darmasi emas, balki ularning ijtimoiy ma’nolari haqqoniy tahlil etilgan, insoniy-axloqiy va estetik asoslari mukammallashtirilgan, go‘zallashtirilgan, qayta aks ettirilgan quyma durdonalaridir. Hayot obrazlari – hayotni konkret-tarixiy jihatlarini ko‘rsatish romanning obyektiv mazmunini tashkil etsa, g‘oyaviylik uning subyektiv – ichki (ma’naviy-ruhiy) bisotini qamrab oladi.

Oybek odam va olamning o‘zaro murakkab bog‘lanishlarini aks ettirish yo‘lidagi izlanishlarida o‘zbek xalqi va obrazining keng manzarasini chizibgina qolmaydi, balki ularning «ma’no»sini chaqadi, ijtimoiy, milliy va insoniy (ma’naviy) hayotning ziddiyatlari va xilma-xilliklari sabablarini badiiy tahlil etadi. U g‘oyat zo‘r ijodiy fantaziya, badiiy to‘qimalar vositasida ijtimoiy-milliy voqelikning mohiyati va tub haqiqatini jonli obrazlarda aks ettirib, hayot obrazlari ma’nosining ijodiy shuuri, dunyoqarashi, zehniyati va ma’naviyati xususiyatlari bilan boyitib, qabartib ifodalaydi. Lekin badiiy obrazlari ma’nosini chuqur haqqoniy va tarixiy talqin qilish ijodiy jarayonning eng nozik, eng ma’sulyatli paytini tashkil etadi, xalq hayotini, uning tarix yaratuvchi kuchini yozuvchining intellektual, ma’naviy axloqiy, estetik olami, ijodiy individualligi fokusiga to‘plab aks ettirishni taqozo etadi. Negaki, badiiy obrazi tasviri bilan muallif pozitsiyasidan uni talqin qilish o‘rtasida farq (zidlik) bor. Hayot obrazi – reallik (konkretlik, tashqi olam) tasviri o‘z hayotiy rivojlanish qonuniyatlari asosida talqin qilinsa, bu holda «tasvir» bilan «talqin» (moddiylik va ma’naviylik) o‘rtasidagi tafovut (zidlik) dialektik ravishda uyg‘unlashadi, birlashadi, butun bo‘lib uyushadi. Zotan, ijodning realistik tabiati tashqi olami konkret obrazlarda aks ettirish va ularni badiiy anglash jarayonida namoyon bo‘ladi. «Ana shuning uchun g‘oyat boy mazmun eng konkret va eng subyetivdir...»

Voqelikni badiiy «bilish» va aks ettirishning tarkibiy qismi bo‘lgan muallif ijodiy pozitsiyasi ham aktiv, ziddiyatli, olg‘a bosish, o‘zgartishlar yasashga qobil xususiyatlari bilan ko‘zga tashlanadi.

Muallif pozitsiyasi – ma’naviy-estetik sistemalarning ijodda reallashishi esa hayotiy xarakter va sharoitning barcha murakkabliklari, o‘zaro chigil bog‘lanishlari, ziddiyatlari orqali aks ettirish imkoniyatlariga aloqador.

Oybek o‘z romanlari, jumladan, «Qutlug‘ qon»da ma’lum tarixiy bosqichdagi xalq hayotini, uning rivojlanish jarayonini xarakterlari harakatida, ma’naviyati zehniyatiga kuch bag‘ishlagan va shaxsan o‘z hayotiy va ijodiy tajribasida pishitib kelgan g‘oyaviy-psixologik nuqtayi nazaridan yoritib berdi. Uning ijodida realizmning xalqchillik, milliylik va ruhiyat tamoyillari yozuvchi ijodiy pozitsiyasi – dunyoqarashi va ichki dunyo deb atalgan ma’naviyati – ruhiy olamining mag‘iz-mag‘ziga singadi; obyektiv – hayot obrazlari ularni badiiy «bilish» va emotsional his qilish, xarakterlarni ma’naviy, axloqiy-psixologik pozitsiyadan tahlil qilish (baholash) jarayonida ochiladi.

Xuddi shuningdek, «Qutlug‘ qon» romanida tarixiy voqealik, xalq hayotini badiiy tadqiq etish (ularning ichki manzaralarini tasvirlash va «ma’nolari»ni ochish) da yozuvchi pozitsiyasi, ya’ni uning tasvir obektiga bo‘lgan, ma’naviy-ruhiy munosabati hal qiluvchi ahamiyatga ega bo‘ldi. Bu esa roman xarakterlarining talqinida o‘z badiiy aksini topdi.

Buni, avvalo, «Qutlug‘ qon» romanining bosh qahramoni Yo‘lchi obrazida yaqqol ko‘rish mumkin. Unda obektiv hayotning tarixiy rivojlanishi, ijtimoiy-ruhiy qarama-qarshiliklarning keskinlashishi natijasida ongning uyg‘onishi; milliy ozodlik harakati va qo‘zg‘olonining kelib chiqishi, xalq qahramonining yetilishi, ya’ni xalqning tarix yaratuvchiligi aks etibgina qolmadi, balki yozuvchining hayotiy va ijodiy pozitsiyasi – zehniyati va qalb faoliyatining ularga hamohang tepishi, intellektual, axloqiy va estetik dunyosining o‘ziga xos xususiyatlari ham obraz yaratishda muhim rol o‘ynaydi, «tasvir» bilan «ma’no»ning uzviy birikishiga faol ta’sir ko‘rsatdi.

Oybek Yo‘lchi obrazida romanning asosiy pafosini ifodaladi. Real tarixiy voqealar asosida u o‘zbek xalqi milliy shuurining uyg‘onishini badiiy aks ettirdi. U Yo‘lchining konkret sosial-tarixiy sharoitda kechgan hayot yo‘lini – har bir qadami, xatti-harakati, fe’li-atvori, kayfiyati, sevgi lahzalari – ahvoli ruhiyatini miridan sirigacha, bosqichma-bosqich ichdan kuzatib, g‘oyaviy, axloqiy, estetik jihatlardan «baholab», ruhiy tahlil bog‘lanishlarini haqqoniy aks ettirishga, xilma-xilliklar va qarama-qarshiliklarga to‘la hayot obrazini dialektik butunlikda «ko‘rish»ga asqotadi.

Yozuvchi tarixiy voqelikning ichki harakati va rivojiga Yo‘lchidan boshqa, O‘roz, Qoratoy, Shokir ota, Shoqosim va boshqa ishimizda tahlil etilgan xarakterlarda gavdalantirdi va har qaysi harakterning hatti-xarakati, xulq-atvori, ichki dunyosi, hayajonli xolatlarini yoritishda ruhiy tahlili u yoki bu darajada aks sadosini topdi. Ayrimlarning nayrangiga aldanib, xom xayol oruzlar bilan yashab, qizi Gulnor o‘ldirilganidan keyin moshday ochilgan batrak Yormat, Yo‘lchining or-nomusli qalin do‘sti, uning og‘irini yengil qilishga doim tayyor turgan, temirchilik mehnatida suyagi qotgan pahlavon Qoratoy; bechoralar taqdirini yumshatishga, g‘am-anduhlarini yupatishga madadkor keksa kosib Shokir ota; tabiatan mard, quvnoq O‘roz; baxtsizlikning hamma zahrini tortgan Shoqosim; ayollar huquqsizligining fojiyaviy qurboni bo‘lgan, muhabbati samimiy, ma’naviy-axloqiy pok Gulnor xarakterlarining ruhiyati rivojida buni yaqqol kuzatish mumkin.

Romanda muallif dunyoqarashi real obrazlarning g‘oyaviy-emotsional ta’sirini oshiradi; o‘quvchi rag‘bati va muhabbatini (ba’zi personajlarga nisbatan nafrat va g‘azabini) qo‘zg‘atib boradi; har qaysi xarakterning mutallif va ziddiyatli xislatlarini, surat atvori bilan siyratini ichdan uyushtiradi, «tasviri» bilan «talqini»ni uyg‘unlashtiradi. Yozuvchi L.N.Tolstoy shunday yozgan edi: «San’atkorning maqsadi... hayotning behisob, lekin qachon ado qilib bo‘lmaydigan, hamma ko‘rinishlarini sevib qolishni singdirishdan iborat... basharti yozgan narsalarimni, hozirgi bola yoshidagilar 20 yildan so‘ng ham o‘qisalar, bunday romanga men butun umrimni va hamma kuchimni bag‘ishlar edim». Yozuvchi bu o‘rinda hayotni teran sevish tuyg‘usini singdirishda san’atkor g‘oyaviy maqsadining muhimligini asoslasa, boshqa bir o‘rinda ijodkor fikri badiiy muddaosining g‘oyat serqirra, serma’no, hatto ziddiyatli xarakterlarning ichki birligi ro‘yobga chiqarishdagi rolini, hayotni barcha qarama-qarshiliklari bilan atroflicha va keng qayta aks ettirgan asar (roman) butunligi, yaxlitligini ta’minlashdagi ahamiyatini alohida qayd qilib o‘tadi: «Har bir badiiy asarni toshmetinday bir butunga bog‘laydigan va shu sababli hayotni aks ettirish illyuziyasiday ta’sir qoldirgan nasra shaxslar va voqealarning birligi emas, balki avtorning predmetga bo‘lgan o‘ziga xos ma’naviy munosabati tufayli vujudga kelgan birlikdir». Muallifning dunyoqarashi, dunyoni «ko‘rishi» va his qilishi quruq bir g‘oyaning o‘zi emas, balki keng ma’noda tushunilgan g‘oyaviy, ma’naviy-estetik yo‘nalish bo‘lib, asarning har bir komponentida benihoya murakkab qirralari va ziddiyatlari bilan ifoda etiladi. V.G. Belinskiy aytganidek, «chinakam poetik asarlarda fikr dogmatik ravishda ifodalangan, mavhum tushuncha emas, balki xuddi billur ziyo yoyilib ketgani kabi, butun asarga sochilib ketgan uning jonidir. Fikr – poetik asarlarning pafosidir».

«Qutlug‘ qon» romanida tarixiy voqelikning rivojlanish jarayonini, o‘zbek xalqi hayotini qayta aks ettirish (realizm) prinsipi ijodga hayotni sevishni singdirish (avtor pozitsiyasi, uning g‘oyaviy-estetik nuqtayi nazari) bilan uzviy birlikda reallashadi. Tarixiy harakatni tushunish bevosita emas, balki bavosita – ya’ni obrazlar, xarakterlar, xatti-harakat, vaziyat va konkret manzaralarni tasvirlash yo‘li bilan ifodalanadi. Har qaysi xodisa, personajlarning o‘zaro munosabatlari, keskin to‘qnashuvlari tufayli tug‘ilgan fikr-mulohazalar, kechinmalar, ehtiroslar maishiy va ijtimoiy turmush majoralari, insonlar taqdiri mag‘ziga yedirildi va yozuvchining sodir bo‘layotgan voqealarni tushunishi, «talqin»iga jo‘rovoz bo‘ldi. Ijtimoiy-psixologik, oialaviy maishiy, shaxsiy va ommaviy harakat va kolliziyalar avtor «nigohi» va «ko‘rigi»dan o‘tadilar, uning ma’naviyati, axloqiy-estetik nuqtayi nazari yog‘dusi bilan yoritiladilar, «hayotiy mazmun»larini boyitadilar.

Asarda ruhiy talqin salbiy personajlar obrazida ham yorqin ifodasini topadi. «Romanda xalq namoyondalarining ma’naviyati qanchalik mehr-muhabbat bilan ko‘rsatilsa, boylar tabiatining razil va qabihligi, ma’naviy qashshoqligi, xudkomligi shunchalik g‘azab va nafrat bilan ochiladi.

«Qutlug‘ qon» romani o‘zbek xalqining tarixiy rivojlanish yo‘lini, xalq qo‘zg‘olonini keltirib chiqargan ijtimoyi-psixologik sabablarni tipik xarakterlar orqali tasvirlab, tarixiy taraqqiyot tendensiyasni ham chizib berdi, qahramonlarning keyingi tarixiy taqdiriga ham nazar tashladi. Yo‘lchi – muayyan sosial-psixologik munosabatlarning mahsuligina emas, tobora ularga ta’sir ko‘rsatuvchi qahramon hamdir. U adolat, haqiqat, xalq baxtiyorligi prinsiplariga asoslangan munosabatlarni ro‘yobga chiqarishga intilgan faol kurashchi hamdir. Romanning ma’naviy kuchi, g‘oyaviy-estetik qimmati xalqning ruhini, hayotni sevish, kurash va yaratish tuyg‘ularini singdiradi va o‘sdiradi.

«Qutlug‘ qon» romani til va badiiy mahorat jihatdan diqqatga sazovordir. Asarda adib xarakter yaratishda psixologik tahlil san’atidan, xalq tili boyliklaridan ustalik bilan foydalangan. Obraz xarakterini, personaj tilini tabiiy va jonli qilib tasvirlagan. Shunga ko‘ra romandagi har bir xarakterning o‘z ichki va tashqi dunyosi bor, o‘z xarakter va individual tili bor. Masalan, Abdushukur tilidan ishlatilgan «g‘olibo maqsad», «kaminaning g‘oyaviy hayoti», «e voh, zavoli Turkiston», «milliy sarmoya», «o‘z boylarimiz – musulmon boylarimiz» singari so‘z va iboralar individual tus bergan.

Romanda personajlar tili singari muallif nutqi ham katta mahorat bilan ishlangan. Asarda Oybek jonli xalq tili boyliklari: xalq maqollari, hikmatli so‘zlar va obrazli iboralardan, shuningdek o‘xshatish, sifatlash, jonlantirish, mubolag‘a, majoz kabi tasviriy vositalardan unumli foydalangan. Bundan tashqari, yozuvchi xalq maqol va hikmatli so‘zlar darajasida turuvchi «yer sotgan – er bo‘lmaydi, er – yer sotmaydi», «jabrning to‘qmog‘iga toqat yo‘q», «xalq o‘z ishini o‘zi biladi», «o‘tinsiz qozon qaynamaydi» singari sermazmun, chiroyli jumlalar va obrazli iboralar yaratgan.

«Qutlug‘ qon» romani syujet va kompozitsiya jihatdan ham tahsinga loyiqdir. Unda asar g‘oyasini va obrazlar xarakterini ochishga xizmat qilmaydigan tasvirlar, oshiqcha voqea va epizodlar yo‘q. Yozuvchi voqealar tasvirini ortiqcha cho‘zmaydi. Voqeadan voqea chiqarish va ularni tabiiy tarzda bir-biri bilan bog‘lash orqali asosiy syujet chizig‘ini vujudga keltiradi. Shu bilan birga, syujetni xarakter yaratish ishiga mohirona xizmat qildiradi.

Kezi kelganda shuni ham aytish kerakki, roman ayrim qusurlardan ham holi emas. Asarda o‘sha davr taqazosiga ko‘ra sosialistik realizm talabiga binoan rus inqilobchi Petrov obrazi sun’iy ravishda kiritilgan, uning Yo‘lchiga ko‘rsatgan ta’siri ideallashtirilgan. Jadid Abdushukur esa bir tomonlama tasvirlanib, o‘quvchida yoqimsiz taasurot qoldirishga urunilgan.

Roman asosida yotgan ziddiyat chizig‘i asosan Yo‘lchi bilan Mirzakarimboy o‘rtasida tortilib, boshqa personajlar bu har ikkala tevaragida guruhlasha boshlaydilar. Oybek go‘yo tog‘a bilan jiyan o‘rtasida boshlangan bu «xonaki» ziddiyatni shunday mahorat bilan tasvir etib va rivojlantirib boradiki, u pirovardida 1916-yil qo‘zg‘oloni voqealari bilan uzviy ravishda tutashib ketadi. Shu ma’noda romanning asosiy qahramonlari butun o‘zbek xalqi uchun ahamiyatli bo‘lgan katta ijtimoiy masalalarni olg‘a sura oluvchi kuchga aylanadilar.

Oybek asar qahramonlari obrazini yaratishda ruhiy tasvirning o‘ziga xos yo‘lidan borgan. U Yo‘lchi va Gulnor obrazlari mohiyatini ochishda ular hatti-harakatlari tasviriga e’tiborini qaratgan bo‘lsa, Mirzakarimboy o‘zining insoniy mohiyatini o‘z so‘zlari bilan ochadi. Bu so‘nggi tasvir usuli Yormat obrazini yaratishda yozuvchiga yordamga keladi.

Asarning tili va uslubi, xarakterlar ruhiyatini belgilashda Oybek Abdulla Qodiriy izidan emas, ko‘proq yozuvchi Cho‘lpon orqasidan borgan ko‘rinadi. Yozuvchining tasvir uslubida ritm muhim rol o‘ynaydi. Oybek, Cho‘lponning «Kecha va kunduz» romanida bo‘lgani kabi, asar muqaddimasi (ekspozitsiyasi) ga katta o‘rin ajratadi; voqealar g‘oyat sust rivojlanib boradi. Ammo qahramonlar obrazi yorqinlashib, kurash maydoni bir qadar yorishgach, harakat keskin rivojlanib ketadi. Bunday o‘rinlarda tasviriy tafsillar ham, peyzaj ham qahramonlarning nutqlari ham nihoyatda qisqaradi. Kitobxon asarni o‘qir ekan, Oybekning iste’dodlik yozuvchi, xassos shoir ekanligini aslo unutmaydi.

Xulosa qilib aytganda, Oybekning «Qutlug‘ qon» romani xarakterlari ruhiyatidagi kechinmalar, tuyg‘ular asar badiiy pafosini ochib berishga ximat etgan. Asar bugungi adabiyotshunoslikda yetakchi tahlil yo‘nalishlaridan bo‘lgan ruhiy tahlil uchun manba bo‘lib xizmat eta olishi, undagi xarakterlar ruhiyatini ochib beruvchi badiiy-psixologik detallar talqinidan yaqqol ko‘zga tashlanadi.


Download 253,5 Kb.

Do'stlaringiz bilan baham:
1   ...   9   10   11   12   13   14   15   16   17




Ma'lumotlar bazasi mualliflik huquqi bilan himoyalangan ©hozir.org 2024
ma'muriyatiga murojaat qiling

kiriting | ro'yxatdan o'tish
    Bosh sahifa
юртда тантана
Боғда битган
Бугун юртда
Эшитганлар жилманглар
Эшитмадим деманглар
битган бодомлар
Yangiariq tumani
qitish marakazi
Raqamli texnologiyalar
ilishida muhokamadan
tasdiqqa tavsiya
tavsiya etilgan
iqtisodiyot kafedrasi
steiermarkischen landesregierung
asarlaringizni yuboring
o'zingizning asarlaringizni
Iltimos faqat
faqat o'zingizning
steierm rkischen
landesregierung fachabteilung
rkischen landesregierung
hamshira loyihasi
loyihasi mavsum
faolyatining oqibatlari
asosiy adabiyotlar
fakulteti ahborot
ahborot havfsizligi
havfsizligi kafedrasi
fanidan bo’yicha
fakulteti iqtisodiyot
boshqaruv fakulteti
chiqarishda boshqaruv
ishlab chiqarishda
iqtisodiyot fakultet
multiservis tarmoqlari
fanidan asosiy
Uzbek fanidan
mavzulari potok
asosidagi multiservis
'aliyyil a'ziym
billahil 'aliyyil
illaa billahil
quvvata illaa
falah' deganida
Kompyuter savodxonligi
bo’yicha mustaqil
'alal falah'
Hayya 'alal
'alas soloh
Hayya 'alas
mavsum boyicha


yuklab olish