Yo’nalishli turizm - turizmning barcha jihatlarini qamrab oladi, ya’ni u ham davolanish, ham sport va sog’lomlashtirish, ham ong va tafakkurni boyituvchi rekreatsion faoliyat xarakteriga ega bo’lishi mumkin. Yo’nalishli turizm “O’lkashunoslik” turizmi bilan uzviy bog’langan. Turizmning bu yo’nalishi o’lkamiz uchun juda qadimiydir. Chunki, butun dunyo mamlakatlari tan olgan “Buyuk Ipak yo’li” tarix sahnasida o’z mavqeiga ega. Qadimda bu hududda (Respublikamizning hozirgi kundagi hududida) yuzlab karvonsaroylar mavjud bo’lgan IX-X asrlarda Sharq uyg’onishining paydo bo’lishidagi bosh omil ham “Buyuk Ipak yo’li”ning aynan shu mintaqadan o’tganligidir.
Ba’zan, “O’lkashunoslik” bilan shug’ullanuvchi mutaxassislar, tadqiqotchilar, olimlar joyning tabiatini aks ettiruvchi sur’atlar oladi yoki o’quv-ommabop, ilmiy fil’mlarni suratga tushiradi. Har bir o’lkaning o’ziga xos tabiati doimo xorij sayyohlari yoki rekreantlarining diqqatini o’ziga tortadi. Masalan, kanadaliklar SHimoliy Kanadaga bo’rilarning uvillashini eshitish uchun maxsus borishar ekan.
Al’pinizm ham xuddi shunday rekreatsion sport mashg’ulotidir. Dam olishning bu turida ham yuqorida ta’kidlaganimizdek, xizmat ko’rsatuvchi mutaxassislar va qutqaruvchilar guruhlari talab etiladi.
Tog’ chang’i turizmi – rekreatsion faoliyat ichida o’ziga xos ahamiyat kasb etadi. Biroq, dam olishning bu turining o’ziga xos qaltisliklari ham mavjud. Jumladan, qor ko’chkisi chang’i halokati kabi hodisalar dam oluvchilarni cho’chitishi mumkin. Mazkur qaltisliklarni bartaraf etish uchun qutqaruv guruhlari, qor qalinligi va ob-havo o’zgarishlari haqida axborot berib turuvchi muassasalarning mavjudligi va ular faoliyatining namunali tashkil etilishi soha rivojiga samarali ta’sir ko’rsatadi. Hozirgi CHimyon chang’i majmuasi respublikamizda bu turdagi rekreatsion faoliyatning yagona maskanidir.
Tanishuv rekreatsiyasi – biror joyning tabiati, tarixi, madaniyati, an’analari, turmush tarzi bilan tanishish doimo dunyo xalqlarining diqqatini o’ziga jalb etib kelgan. Mamlakatlarning o’rta asrga xos yodgorliklari ularning o’sha davr tarixi, madaniyati, ilm-fanining rivojlanganlik darajasi, xo’jaligi, turmush tarzi haqida keng ma’lumotlar beradi.
Joyning tabiati esa har bir mamlakatda o’ziga xos va betakrordir. O’zbekiston Respublikasi hududida hozir 3700 ga yaqin yovvoyi o’simlik turi mavjud. Ular orasida o’ta noyob endemik turlari ham bor. Bunday turlarning soni 400 atrofida bo’lib, ular O’zbekiston florasining 10-12 foizini tashkil etadi. Shuningdek, sut emizuvchilarning 100 ga yaqin turi, sudralib yuruvchilarning 60 ga yaqin turi, qushlarning 400 dan ortiq turi, baliqlarning 40 dan ortiq turi bor.
Kongress turizmi mutaxassislar va olimlarning xalqaro ilmiy-texnik aloqalarini kengaytirish bilan bog’liq. Rekreatsion faoliyatning bu turi har ikki tomon rekreantni qabul qiluvchi tomon uchun ham rekreantni jo’natuvchi davlat uchun ham manfaatlidir. Rekreant uchun kundalik bir me’yordagi ish faoliyatidan chalg’ish, yangi bilim va malakalar orttirish, safardan so’ng yangi rejalarni tuzish, hamkorlik doirasini kengaytirish imkonini beradi. Shuningdek, bir sohadagi olimlarning o’zaro fikr almashinishi bilan birga shu sohaning dunyo miqyosidagi jamoasining shakllanishi imkonini beradi.
Rekreatsion faoliyatni tashkil etish harakat darajasiga ko’ra ham bo’linadi. Bu, doimiy va mavsumiy rekreatsion faoliyat turlaridir. Mavsumiy rekreatsion faoliyat tabiat qonuni bilan bog’liq bo’lganligi bois, kam rentabelli bo’ladi va rekreatsion jarayonlarga xizmat ko’rsatuvchilar uchun ko’plab ijtimoiy-iqtisodiy muammolarni keltirib chiqaradi.
Do'stlaringiz bilan baham: |