Nazorat savollari
Hozirgi kunda O‘zbekistonda xorijiy investorlarni himoya qilish maqsadida qanday ishlar amalga oshirilmoqda?
O‘zbekiston ishtirokchisi bo‘lgan qanday BIT va MITlarni bilasiz?
O‘zbekiston ishtirokchisi bo‘lgan BIT hamda MITlarni toping va ularda “adolatli va xolis munosabatda bo‘lish majburiyati” mavjud yoki mavjud emasligiga e’tibor qarating.
Foydalanilgan adabiyotlar
Georgiyev. G.S., “The Award in Saluka Investments vs Czech Republic”, in Alvarez. G.A & Reisman. W.M. (eds), The Reasons Requirement in International Investment Arbitration (2008), p. 149.
XII. Xalqaro investitsiya huquqi. Eng ko‘p qulaylik tug‘diruvchi rejimning mohiyati – Avgustin Maffezini ishi. 2000-yil 25-yanvar. (Emilio Augustin Maffezini v. The Kingdom of Spain (ICSID Case No. ARB/97/7. 25.01.2000)
(A.Xakimov)
Nizoning vujudga kelishi. 1989-yilda argentinalik investor Mr. Maffezini 70% hissaga ega bo‘lgan holda Ispaniya bilan hamkorlikda Ispaniya hududida kimyoviy mahsulotlar (EAMSA) ishlab chiqarishni yo‘lga qo‘yadi. Kompaniyaning qolgan 30% kapitali Ispaniya moliyaviy tashkiloti bo‘lmish SODIGAga tegishli edi. Shu vaqtdan boshlab ular birgalikda kimyoviy mahsulotlar ishlab chiqarish va ularni sotishda hamkorlik qila boshladi. 1992-yil kimyoviy zavod qurilishi va EAMSAning boshqa operatsiyalari kompaniyaning moliyaviy inqirozi tufayli to‘xtatib qo‘yiladi37. 1997-yilning 18-iyulida Maffezini yuqoridagi inqirozga SODIGA tomonidan olib borilgan noto‘g‘ri operatsiyalar sabab bo‘lganligini hamda SODIGAning amalga oshirgan harakatlari aslida Ispaniyaga tegishli ekanligini aytib, Argentina va Ispaniya o‘rtasidagi. BIT qoidalari buzilgan deb Investitsion nizolarlarni hal etish markazi (ICSID38)ga da’vo bilan murojaat qildi.
Maffezini Argentina va Ispaniya o‘rtasidagi BITning 10-moddasiga asosan ICSIDga da’vo bilan chiqdi. Ushbu modda, shartnoma taraflari bo‘lgan davlatlardan birining investori va ikkinchi shartnoma tarafi bo‘lgan davlat o‘rtasida nizo yuzaga kelgan paytda, nizo Xalqaro Arbitraj (ICSID yoki UNCITRAL)da ko‘rib chiqilishini belgilar edi. Biroq, xalqaro arbitrajga murojaat etishdan avvalgi shart sifatida, nizo bo‘yicha mezbon mamlakat sudida ish ko‘rib chiqilishi keltirilib, 18 oy ichida mezbon mamlakat sudi nizoga oid yakuniy qarorni chiqarmagan hollardagina investor xalqaro arbitraj sudiga murojaat qilishi mumkinligi qat’iy qoida sifatida o‘rnatilgan edi. Maffezini esa mezbon mamlakatning sudida ish ko‘rilmasdan avval ICSIDga da’vo arizasi bilan chiqqanligi bois Ispaniya ICSIDning mazkur ishga nisbatan yurisdiksiyasi mavjud emas degan qarshi da’vo bilan chiqadi. Ispaniyaning bunday da’vosiga nisbatan Maffezini quyidagilarni keltirib o‘tadi: avvalo, ko‘rib chiqilayotgan ishda qo‘llanilishi lozim bo‘lgan asosiy hujjat ikki davlat o‘rtasidagi BITning 4-moddasi 2-qismi “Eng ko‘p qulaylik tug‘diruvchi rejim”ni belgilab beradi. Ispaniya tomonidan uchinchi davlat bilan imzolangan, ya’ni, Ispaniya–Chili o‘rtasidagi ikkitomonlama investitsion shartnomaning arbitraj kelishuvi to‘g‘risidagi moddasiga asoslangan holda nizoni ICSID ko‘rib chiqish vakolatiga ega ekanligini va ish uning yurisdiksiyasiga topshirilishi lozimligini talab qildi. Demak, Ispaniya va Chili o‘rtasidagi shartnomaning arbitraj kelishuviga ko‘ra, investor to‘g‘ridan to‘g‘ri ICSIDga nizo bo‘yicha da’vo bilan chiqishi belgilangan edi. Maffezini esa, aynan mana shu qoida uchinchi davlat investoriga undan ko‘ra ko‘proq imkoniyat yaratib berayotganligini vaj qildi. Shu sababli ham, Ispaniya va Argentina o‘rtasida tuzilgan ikkitomonlama investitsion shartnomaning “Eng ko‘p qulaylik tug‘diruvchi rejim” to‘g‘risidagi moddasiga tayanib, Maffezini ham ichki sudlarga da’vo qilmasdan, to‘g‘ridan-to‘g‘ri ICSIDga chiqishi mumkinligini aytadi. Biroq Ispaniya Maffezinining ushbu da’vosiga qarshi Ispaniya va Argentina o‘rtasidagi BITning “Eng ko‘p qulaylik tug‘diruvchi rejim” to‘g‘risidagi moddasi faqatgina moddiy norma bo‘lib, u arbitraj kelishuvi kabi protsessual munosabatlarga nisbatan tatbiq etilmasligini keltiradi.
Ammo Xalqaro arbitraj ushbu nizo bo‘yicha o‘zining yurisdiksiyaga ega ekanligini belgiladi.
Do'stlaringiz bilan baham: |