O`zbekistonda iqtisodiy xavfsizlikni ta`minlashning ustuvor yo`nalishlari
Bozor munosabatlariga o`tishga qaratilgan iqtisodiy islohotlar sharoitida davlat xo`jalik sub`ektlari faoliyatining iqtisodiy xavfsizligini ta`minlash va fuqarolarga ziyon keltirilishiga yo`l qo`ymasligi kerak.
Iqtisodiy xavfsizlikni ta`minlash uchun davlat quyidagilarni ko`zda tutishi lozim:
ijtimoiy institutlar strategiyasini bir-biriga yaqinlashtirish, ularning faoliyatini muvofiqlashtirishga imkon beradigan institutsional o`zgarishlarni amalga oshirish;
xo`jalik jarayonlarining barcha ishtirokchilari uchun lobbizmni qonuniy cheklash, qonunchilikni maksimal unifikatsiyalash (ya`ni imtiyozlari va turli preferentslarni qisqartirish va yo`qotish) uchun iqtisodiy va ijtimoiy xatti-harakatlarning umumiy tamoyillarini ishlab chiqish hamda qabul qilish;
iqtisodiyot sub`ektlari va davlat boshqaruv organlari tomonidan qonunlarga, faoliyat tartib-qoidalariga rioya qilinishini nazorat qilish;
iqtisodiy munosabatlar sohasida vujudga keladigan munozara va ziddiyatlarni hal qilish mexanizmini yaratish;
kadrlarni korxonalar xo`jalik faoliyatini tahlil qilish va investitsiya loyihalarini baholashning zamonaviy usullariga o`qitishni tashkil qilish;
jamiyatda iqtisodiy barqarorlikni oshirish va ijtimoiy keskinlikning o`sishiga yo`l qo`ymaslik;
mamlakat iqtisodiy manfaatlarini hisobga olgan holda yaqin va uzoq xorijiy mamlakatlar bilan iqtisodiy, siyosiy munosabatlarni har tomonlama rivojlantirish.
SHunga muvofiq ravishda sobiq totalitar tizimdan bozor iqtisodiyotiga o`tayotgan mamlakatlar yaqin istiqbolda quyidagi vazifalarni amalga oshirishlari lozim bo`ladi:
samarali va raqobatbardosh ishlab chiqarishni qo`llab-quvvatlash va istiqboli yo`q, eskirgan ishlab chiqarishni to`xtatib qo`yish;
tarkibiy o`zgartirishlarni amalga oshirish uchun zarur bo`lgan iqtisodiyot infratuzilmalarini rivojlantirish;
iqtisodiy resurslardan samarali foydalanishni ta`minlash;
mavjud ilmiy texnika salohiyatining eng qimmatli elementlarini saqlash;
iqtisodiyot tarkibining deformatsiyalashuviga barham berishda chuqur tarkibiy o`zgarishlarni amalga oshirish, ishlab chiqarish tarkibini to`lovga qodir talab bilan uyg’unlashtirish;
korxonalarning bozor sharoitlariga moslashuvini tezlashtirish;
eksport salohiyatini diversifikatsiyalash;
ekologik xavfsizlikni oshirishni ta`minlash.
Makroiqtisodiyot darajasida tarkibiy siyosatni amalga oshirish jarayonlarida quyidagi vazifalar hal qilinishi zarur:
jami talabni oshirish;
jamg’arish normasini o`stirish va uni investitsiyaga aylanishini ta`minlash;
rivojlanishdan to`xtab qolgan sektorlardagi barcha turdagi resurslarning rivojlanayotgan sektorlarga oqib o`tishini rag’batlantirish;
yalpi investitsiyalarni ko`paytirish;
eksportni rag’batlantirish;
umum qabul qilingan tartib-qoidalar doirasida milliy ishlab chiqaruvchilarni himoya qilish maqsadida importni tartibga solish.
Mikroiqtisodiyot darajasida tarkibiy siyosatni amalga oshirish jarayonlarida quyidagi vazifalarni bajarish zarur bo`ladi:
iqtisodiy nuqtai nazardan samarali korxona va ishlab chiqarishlarning rivojlanishini rag’batlantirish hamda qo`llab-quvvatlash;
samarasiz ishlab chiqarishlar va korxonalarni tugatish yoki reorganizatsiya, ya`ni qayta tashkil etish;
yangi monopolistik tuzilmalarning paydo bo`lishiga yo`l qo`ymaslik;
tarmoqlararo kapital oquvchanligini ta`minlash maqsadida fond bozorining rivojlanishini tartibga solish va rag’batlantirish;
narx o`sishini to`xtatish chora-tadbirlarini ko`rish;
iqtisodiy sub`ektlar xatti-harakatining bozorga xos normalarini joriy qilishni rag’batlantirish.
Asosiy tayanch tushunchalar
Iqtisodiy xavfsizlik kontseptsiyasi, strategiyasi, institutlar, institutsional muhit, transaktsion xarajatlar, davlatning iqtisodiyotga aralashuv dastaklari, samarali va raqobatbardosh ishlab chiqarish, tarkibiy siyosat, ilmiy-texnikaviy salohiyat.
Do'stlaringiz bilan baham: |