Erkin savdo (fritrederlik) siyosati protektsionizm siyosatining aksi boʻlib, tashqi savdoni erkinlashtirishga qaratilgan. Bu siyosat xalqaro savdo hajmlarini oʻsishiga olib keluvchi turli tarif va kvotalarni qisqartirish, milliy iqtisodiyotning ochiqligini yanada kuchaytirishga xizmat qiladi.
Xalqaro savdoni tartibga solish xalqaro va milliy darajalarda amalga oshadi.
Milliy darajadagi tartibga solish eksport va importni tartiblash orqali namoyon boʻladi. Eksportni tartiblash tashkiliy va kredit-moliyaviy usullar yordamida uni ragʻbatlantirishga yoʻnaltirilgan. Eksportni ragʻbatlantirishning tashkiliy usullarigaquyidagilarni kiritish mumkin:
- eksport qiluvchilarga axborot va maslahat berish xizmatlarini koʻrsatish uchun maxsus boʻlinmalarni tashkil etish;
- savdo bitimlarini tuzishda davlat idoralarining ishtirok etishi;
- tashqi savdo uchun malakali kadrlarni tayyorlashga koʻmaklashuv;
- xorijiy mamlakatlarda koʻrgazmalar tashkil etishda yordam koʻrsatish;
- milliy kompaniyalarni diplomatik jihatdan qoʻllab-quvvatlash va h.k.
Eksportni ragʻbatlantirishning kredit-moliyaviy usullari quyidagilardan iborat:
- eksportga tovarlar yetkazib berishni subsidiyalash;
- eksport qiluvchilar uchun davlat kreditlarini berish va xususiy kreditlar berilishini ragʻbatlantirish;
- xorijda amalga oshiriluvchi savdo bitimlarini davlat tomonidan sugʻurtalash;
- eksportdan olinuvchi foydadan soliq toʻlashdan ozod etish va h.k.
Importni tartibga solish asosan uni tarifli va tarifsiz vositalar orqali cheklashdan iborat. Asosiy tarifli toʻsiq sifatida bojxona bojlarini keltirish mumkin.
Oʻzbekistonning 2009-2012 yillarga moʻljallangan Inqirozga qarshi choralar dasturida joriy kon’yunktura keskin yomonlashib borayotgan hozirgi sharoitda eksportga mahsulot chiqaradigan korxonalarning tashqi bozorlarda raqobatdosh boʻlishini qoʻllab-quvvatlash boʻyicha konkret chora-tadbirlarni amalga oshirish va eksportni ragʻbatlantirish uchun qoʻshimcha omillar yaratish belgilab berilgan. Xususan:
- aylanma mablagʻlarini toʻldirish uchun korxonalarga Markaziy bank qayta moliyalash stavkasining 70 foizidan ortiq boʻlmagan stavkalarda 12 oygacha boʻlgan muddatga imtiyozli kreditlar berish;
- tayyor mahsulot ishlab chiqarishga ixtisoslashgan, xorijiy investitsiya ishtirokida tashkil etilgan korxonalarni budjetga barcha turdagi soliq va toʻlovlardan – qoʻshimcha qiymat soligʻi bundan mustasno – ozod qilish muddatini 2012 yilgacha uzaytirish;
- banklar kreditlari boʻyicha toʻlov muddati oʻtgan va joriy qarzlar miqdorini qayta koʻrib chiqish, budjetga toʻlanadigan toʻlovlarning penyasidan kechish va boshqa muhim imtiyoz va preferentsiyalar berish3.