Falsafa bashoratlash va loyihalash sifatida
Falsafa davr rivojlanish dinamikasini aks ettirib va nazariy tafakkur usulini qo‘llab, mavjud jarayonlarni shunchaki qayd qilib qo‘ya qolmaydi; u kelajakni «oldindan belgilash»ga intiladi va shu bilan bashoratlash, loyihalash va evristik vazifani amalga oshiradi.
Falsafaning bashoratlash vazifasi oldindan ko‘ra bilishni amalga oshirish bilan bog‘liq bo‘lib, loyihalash funksiyasi kelajakda bo‘lishi mumkin bo‘lgan voqyealar ketma-ketligini tuzish, «bo‘lishi mumkin bo‘lgan dunyolar»ni loyihalash; evristik vazifasi uning ilmiy kashfiyotlarda ishtirok etishi, oldindan ko‘ra bilish yo‘li bilan ilmiy bilimlarni orttirish bilan bog‘liqdir.
Falsafiy evristikaning imkoniyatlari fanning empirik bazisi va oldingi nazariyalarning tushuntirish imkoniyatining cheklanganligi, ilmiy ijod va ilmiy kashfiyot jarayonlarida noilmiy tarkibiy qismlarning muhim ahamiyati, yangi yondoshuv va nuqtai nazarlarni qidirishda ilmiy bilim o‘z chegarasidan chiqishi bilan bog‘liq ob'ektiv asoslarga ega. Falsafiy g‘oya va baxslarning fan rivoji uchun evristik qimmati misoli sifatida atomistik ta'limot, rivojlanish prinsiplari, dunyoning cheksizligi va birligi, rivojlanish jarayonida zarurat va tasodifning roli to‘g‘risidagi g‘oyalar va hokazolarni keltirish mumkin.
Falsafa «bo‘lishi mumkin bo‘lgan dunyolar»ni yaratib, inson hayotidagi erkinlik, jamiyatni demokratlashtirish va tolerantlik (chidam)ning muhim shartlaridan hisoblangan «muqobilchamalash», «polivariant» tafakkurning rivojlanishiga sabab bo‘ladi.
Falsafa mafkura sifatida
Falsafa o‘zining dunyoqarash vazifasini bajara borib, ya'ni insonning dunyoga nisbatan muayyan munosabati va qadriyatlarning muayyan tizimini shakllantirib hamda jamiyatshunoslikka bevosita daxldorligi bilan ham mafkura sifatida maydonga chiqadi. Odamlar mavhum - egasiz shaklda, muayyan-tarixiy sharoitdan tashqarida mavjud bo‘la olmaydi; ular ma'lum jamiyat, davlat, sinf, elat, jinsning vakili hisoblanadi, ma'lum tarixiy davr va vujudga kelgan tarixiy vaziyat mahsuloti hisoblanadi. Shunday qilib, dunyoga nisbatan falsafiy munosabat, albatta, mafkuraviy munosabatlar bilan bevosita ifodalanadi. Bularda esa ma'lum ijtimoiy guruh va institutlar vakili sifatida insonlarning manfaatlari qayd etiladi.
Mafkura - g‘oyalar , qarashlar, nazariyalar va ideallar tizimi va majmuidir. Bular tizimlashtirilgan shaklda ma'lum ijtimoiy manfaatlar nuqtai nazari orqali insonning atrof borliqqa (eng avvalo ijtimoiy hayot jarayonlariga) munosabatini aks ettiradi va yo‘naltirilgan holda shakllantiradi. Har qanday mafkura me'yoriy qadriyatlarni e'lon qiladi va asoslaydi. Umuman muayyan ijtimoiy guruh, jamiyatning bir qismi yoki uni to‘laligicha intilish va maqsadlarini ifodalaydi. Mafkura falsafiy, siyosiy, diniy, huquqiy, axloqiy (etik) va estetik qarashlar shaklida mavjud bo‘ladi.
Har qanday mafkura ma'lum ijtimoiy guruh, institutlar va umumiy birlashmalar, tuzilmalar (davlat, partiya, jamoat harakatlari, diniy, jinsiy, yoshga oid, etnik, irqiy va boshqalar) manfaatiga asoslanadi. Mafkura ma'lum ijtimoiy guruhlar manfaati bilan bog‘liqligi tufayli muayyan ijtimoiy munosabatlarning mustahkamlanishi yoki ularni o‘zgarishiga xizmat qilishi mumkin, bu esa falsafada ham o‘z ifodasini topadi. Masalan, Yangi davr yevropa falsafasida yangi sinf - burjuaziyaning va yangi ijtimoiy tuzum – kapitalizmning mafkuraviy maqsadlari ifodalangan edi. Kapitalizmning rivojlanishi ishlab chiqarish kuchlari, sanoatning rivojlanishini taqozo qilar edi, bu esa o‘z navbatida tabiiy fanlar, texnika va texnologiyaning rivojlanishini nazarda tutar edi. Yangi davr falsafasidagi mantiq va bilish nazariyasi masalalari, haqiqiy bilimga erishish yo‘llari va usullarining o‘rta asrdagi olamning diniy qurilishi to‘g‘risidagi sxolastik bahslarni orqaga surib qo‘yib, markaziy o‘rinni egallaganligi tasodif emas.
Falsafaning mafkura sifatida ma'lum ijtimoiy guruh yo‘nalishi va intilishlarini ifodalashi u yoki bu mafkura qat'iy bir xil falsafiy g‘oya va tushunchalardagina mavjud bo‘lishga majbur degan ma'noni bildirmaydi. Masalan, yangi sinf - burjuaziya va yangi tarixiy davr mafkurasi bo‘lgan Yangi davr falsafasi, sira ham yagona emas edi. Bundan tashqari biz unda to‘g‘ridan-to‘g‘ri qarama-qarshi yo‘nalishlar: monizm va plyuralizm, materializm va idealizm, dialektika va metafizika, empirizm va ratsionalizm va boshqalarning to‘qnashuvini uchratamiz.
Turli ijtimoiy qatlamlarning manfaatlari bir-biriga mos kelmasligi, ba'zan esa murosaga keltirib bo‘lmaydigan darajada qarama-qarshi bo‘lishi ham mumkin. Shu bilan birga bu manfaatlar tarixiy rivojlanish mantiqiga mos kelishi, ayrim hollarda esa taraqqiyotga qarshilik ko‘rsatishi ham mumkin. Bunday hollarda falsafiy konsepsiyalar ham muayyan-tarixiy davrga bog‘langan nisbiy qadriyatga ega bo‘lishi mumkin.
Do'stlaringiz bilan baham: |