Eklektik metodi ham qadimgi yunon falsafasida paydo bo`lib, O`rta asr va yangi zamon falsafasida keng qo`llangan. Eklektika (yunoncha-tanlayman) turli qarama- qarshi tomonlarni, nazariyalarni, qarashlarni aralash-quralash qilib yuboruvchi uslubdir. Eklektikada narsa va hodisalarning asosiy va asosiy bo`lmagan xususiyatlari, ular o`rtasidagi bog`lanishlar mexanik ravishda qorishtirilib ifodalanadi. Eklektika olam, narsa va hodisalarning bir butunligini, umumiy asoslarini parchalab tashlash uslubiga tayanadi.
Dialektikaga qarama- qarshi deb talqin qilinadigan uslublardan yana biri metafizik uslubdir. «Metafizika»-yunoncha fizikadan keyin degan ma'noni anglatadi. Metafizik usul dastlab tabiatshunoslik zaminida tarkib topa boshladi. Tabiat predmetlarini mukammal o`rganish, ularning mohiyatini chuqurroq ochib berishga intilish- metafizik tafakkur uslubining ijobiy tomonini tashkil etadi. Uning ulkan tarixiy haqiqatligi ham shundadir. Metafizik tafakkur uslubidan faqat tabiatshunoslargina emas, balki XVII- XIXasr faylasuflari ham unumli foydalanganlar. Metafizika olamdagi narsa va hodisalarni o`rganishda ularning muayyan vaqt davomida nisbatan o`zgarmasdan, alohida turgan holatiga diqqatini ko`proq qaratadigan usuldir.
Metafizika Dogmatik (ya'ni metafizik) tafakkur uslubining asosiy kamchiligi shundan iboratki, tabiatdagi narsa va hodisalarni o`zaro bog`liqlikda, ularning doimo o`zgarish va rivojlanishida ekanligini ko`ra bilmasligidadir. Dogmatik tafakkur rivojlanishning miqdoriy tomonlarini tan olib, sifat o`zgarishlarini inkor etadi. Metafizik tafakkur, siyosatda juda xavflidir. U sub'ektivizmga, amaliyotdan uzilishga, ijodiy jarayonlarni to`xtatishga, ijodiy g`oyalar, nazariya va ta'limotlardan voz kechishga, yangiliklarni o`z vaqtida payqamaslikka, istiqbolni oldindan ko`rishga to`sqinlik qiladi. Dialektik tafakkur uslubi metafizikaga qarshi o‘laroq narsa va hodisalarni doimo o`zaro aloqada,bog`liqlikda, harakatda, o`zgarishda va rivojlanishda deb ta'lim beradi.
Hozirgi zamon fanida sinergetika metodi keng qo`llanilmoqda. Sinergetika so`zi yunoncha («Sinergetika») bo`lib, kelishuv, hamkorlik, o`zaro ta'sir kabi ma'nolarni anglatadi. Sinergetika- olamning o`z- o`zini tashkil etishi makon va zamonda narsa va voqealarning azaliy ketma- ketligi, o`zaro aloqadorligi, ularning muayyan tizimlardan iborat sababiy bog`lanishlar asosida mavjudligini e'tirof etishga asoslangan ilmiy qarashlar majmuidir. Bu ta'limotni dialektika asosida shakllangan va uni to`ldiradigan ilmiy qarashlar majmuasi deydiganlar ham bor. Ularga qarshi o`laroq, dialektika endi eskirdi, uni sinergetika bilan almashtirish lozim, deb hisoblovchilar ham yo`q emas. Sinergetikani hozirgi zamon tabiiy fanlarining falsafa sohasiga kiritayotgan eng katta yutuqlaridan biri sifatida baholash mumkin. Ammo bu senergetika dialektikani falsafadan butunlay siqib chiqaradi degani emas. Dialektikaning falsafadagi ahamiyatiga kelganda esa, uning ijtimoiy bilimlar sohasidagi o`rni, qadr qimmati nihoyatda katta va u falsafaning asosiy metodlaridan biri bo`lib qolaveradi.
Falsafa tarixidan sizlarga ma'lumki, olamdagi narsa va hodisalarning harakat o`zgarishi, bir holatdan ikkinchi holatga o`tib turishi, rivojlanishi, ular o`rtasidagi aloqadorlik va o`zaro ta'sir, takrorlanish jarayonlari kabi masalalar olimlar, faylasuflar o`rtasida turli bahs va munozaralarga sabab bo`lgan. Chunki, ular to`g`risida aniq bilimga ega bo`lmasdan turib, olam va uning taraqqiyoti, rivojlanish manbai, harakatlantiruvchi kuchlari to`g`risida, eng muhimi kelajak haqida ilmiy tasavvurga ega bo`lish qiyin.
Sizlar o`tgan ma'ruzalardan bilasizlarki, tevarak atrofimizdagi jamiki narsalar, eng mayda zarrachalardan tortib to oy, yer, quyosh, cheksiz koinotgacha barchasi, shu jumladan kishilik jamiyati ham, doimo harakat, rivojlanish va o`zgarishdadir. Ular o`rtasidagi abadiy o`zaro bog`liqlik, o`zaro ta'sir va aloqadorlik mavjud. Biz narsa va hodisalarning harakati, o`zgarishi va rivojlanishiga ular o`rtasidagi bog`lanish va aloqadorlik, ta'sir va aks ta'sir asos bo`ladi deymiz. Albatta, olamdagi har qanday bog`lanish ham rivojlanishga sabab bo`lavermaydi. Chunki bu bog`lanishlarning ko`lami, mohiyati, ta'sir kuchi va doirasi turlicha. Bog`lanishlarning ana shu tashqi bevosita va bilvosita, muhim va muhim bo`lmagan va hokazo bog`lanishlarga ajratish mumkin. Shuningdek, olamda boshqa voqea yoki hodisalardan alohida, ular bilan bog‘liq, o‘zaro aloqadorlikda va ta‘sirda bo‘lmagan birorta ham voqea yoki hodisa mavjud emas. Demak, o‘zaro bog‘lanish va ta‘sir natijasida narsa-hodisalarda o‘zgarish sodir bo‘ladi. Lekin, barcha o‘zgarishni har doim ham birdaniga, yaqqol sezish mumkin emas. Chunki olamning namoyon bo‘lishi turli darajada bo‘lganligi sababli, o‘zgarishlar ham turlichadir.
O‘zgarishlarning shunday bir shakli borki, uni falsafada rivojlanish deb ataladi. Rivojlanish bu-muayyan sistemaning muayyan vaqt va fazodagi yaxlit, kompleks, orqaga qaytmaydigan, ilgarilanma yo‘nalishga ega bo‘lgan, miqdoriy va sifatiy o‘zgarishidir. Rivojlanish jarayoni ham ikki turda bo‘ladi. Birinchi turdagi rivojlanish bo‘yicha, jismda har qanday sifatiy o‘zgarish ro‘y berishiga qaramasdan, uni tashkil etgan materiyaning sifatiy tuzilish darajasi o‘zgarmasdan qolaveradi.
Do'stlaringiz bilan baham: |