5. Orttirma nisbat
Bu nisbat shaklida harakat grammatik subyekt (ega)ning boshqa bir subyekt yoki obyektga ta’siri, tazyiqi bilan bajariladi.
Masalan: Kampir nevarasiga xatni o‘qitdi gapida ikkita subyekt mavjud bo`lib, asosiy subyekt vositali to`ldiruvchi (nevarasiga), ikkinchi darajali subyekt esa ega (kampir) vazifasida qo`llangan bo`lib, o‘qitdi harakati subyektning subyektga ta’siri natijasida bajarilgan.
Shuningdek, orttirma nisbatdagi fe’lda faqat bir subyekt mavjud bo`ladi. Bunday holda harakat obyektga (to`ldiruvchiga) o`tadi. Masalan: U kitob keltirdi kabi.
Orttirma nisbat fe’l negiziga quyidagi affikslarni qo`shish bilan yasaladi:
1) fe’l negiziga –t affiksini qo`shish bilan: qisqart, boyit kabi;
2) fe’l negiziga –tir (-dir) affikslarini qo`shish bilan: keltir, chaqirtir, kuldir, buzdir kabi;
3) sh, ch, t undoshlari bilan tugagan fe’l negizlariga –ir affiksini qo`shish bilan: shoshir, ichir, botir kabi;
4) oxiri undosh bilan tugagan bir bo`g`inli fe’l negizlariga –ar affiksini qo`shish bilan: chiqar, qaytar kabi;
5) oxiri undosh bilan tugagan fe’l negizlariga -g`iz, -giz, -qaz, -g`az, -kaz, -qiz, -kiz affikslarini qo`shish bilan: turg`iz, egiz, o`tkaz, qutqaz, yutqiz, etkiz kabi;
6) oxiri m, q undoshlari bilan tugagan fe’l negizlariga –iz affiksini qo`shish bilan: tomiz, oqiz kabi;
7) fe’l negiziga –sat (-sa+-t qo`shma affiksi) affiksini qo`shish bilan: ko`rsat (faqat ko`r fe’l negiziga qo`shiladi) kabi.
Fe’l mayllari
Ish-harakatning voqelikka munosabatini ko`rsatuvchi grammatik kategoriyaga fe’l mayli deyiladi. Mayl kategoriyasi grammatik zamon (o`tgan, hozirgi, kelasi) va grammatik shaxs (bajaruvchi) bilan uzviy bog`langan bo`lib, hammasi birgalikda fe’lning tuslanish tizimiga kiradi. Fe’l mayllarida voqelik bilan bog`liq ravishda ish-harakatning bajarilish xususiyatlari turlicha bo`ladi. Masalan: 1) Havo sovuq, osmonda zahardek achchiq qor uchqunlari erinchoq kezadi (O`.Hoshimov). 2) YOshlikda zaxmat chekib, ilm o`rgansang, kasb-hunar egallasang, qariganda rohat topasan. (Koshifiy). 3) So`zlayotgan kishining o`ziga emas, so`ziga e’tibor qil (Montesьke. Tafakkur gulshani). Bu misollarning birinchisida kezadi fe’li ish-harakatning aniq bajarilishini, ikkinchisida o`rgansang, egallasang fe’llari ish-harakatning bajarilishi uchun shart qilib olingan harakat ma’nosini, uchinchi misolda esa e’tibor qil fe’li ish-harakatning bajarilishi haqidagi buyruq, maslahat ma’nosini anglatgan. Demak, fe’l anglatgan ish-harakat voqelikka munosabatiga ko`ra aniqlik, shart (istak), buyruq (istak) kabi qo`shimcha modal ma’nolarni ifodalaydi. Shunga ko`ra fe’llar, asosan, 3 fe’l mayli ko`rinishiga ega: 1) aniqlik mayli, 2) shart mayli, 3) buyruq-istak mayli.
Aniqlik mayl
Bu mayldagi fe’l ish-harakatning uch zamondan birida aniq (real) bajarilgan yoki bajarilmaganini ifodalaydi, ya’ni aniqlik maylidagi fe’l o`tgan zamon, hozirgi zamon, kelasi zamon fe’llarining barcha ma’no ko`rinishlarini o`z ichiga qamrab oladi: o`qidim, o`qimadim - yaqin o`tgan zamon fe’li; o`qiyapman - hozirgi zamon davom fe’li; o`qimoqchiman, o`qimoqchi emasman – kelasi zamon maqsad fe’li kabi. Masalan: Men unga mustaqil odam ekanligimni ko`rsatib qo`ymoqchiman (P.Q.) gapida ko`rsatib qo`ymoqchiman fe’li ish-harakatning kelasi zamonda (kelasi zamon maqsad fe’li) I shaxs tomonidan (-man shaxs-son affiksi) aniq bajarilishini anglatadi.
Aniqlik maylidagi fe’llar I-II guruh tuslovchi affikslar bilan tuslanadi.
Do'stlaringiz bilan baham: |