Tilning tuzilishi va tizim sifatidagi xususiyatlari
Tilning tuzilishi. Yer yuzidagi har qanday til tuzilish jihatidan quyidagi tarkibiy qismlardan iborat bo‘ladi:
1. Tovushlar tizimi.
2. Lug‘at tarkibi.
3. Grammatik qurilishi.
Dastlab til og‘zaki shaklda paydo bo‘lgan va bu tilning asosini nutq tovushlari tashkil etgan. Har qanday tilda muayyan miqdordagi nutq tovushlari mavjud bo‘lib, bu shu tilning tovush tizimini tashkil etadi. Shu tovushlarning turlicha birikishi orqali so‘zlar hosil bo‘ladi. Masalan, hozirgi o‘zbek tilida 30 ta nutq tovushi bor. Shulardan a, d, m, o tovushlarining turlicha joylashtirilishi natijasida odam, omad, moda kabi so‘zlarni hosil qilish mumkin.
Har qanday tilda mavjud bo‘lgan so‘zlar yig‘indisi shu tilning lug‘at tarkibi (ayrim darsliklarda leksika) deb yuritiliadi. Lug‘at tarkibi bir tilni boshqa tildan farqlantiradi. Leksika muayyan til paydo bo‘lgan paytdan boshlab shu tilning egasi bo‘lmish xalq tomonidan boyitib borilishi lozim, aks holda bu til iste’moldan chiqib, o‘lik tilga aylanadi.
Lug‘at tarkibidagi so‘zlar tarixiy jihatdan aynan shu tilga tegishli bo‘lmasligi mumkin, lekin bu so‘zlar shu tilda so‘zlashuvchi odamlar uchun o‘zaro muloqot vositasi bo‘lib kela olsa, ular mazkur tilning lug‘at tarkibiga mansub bo‘ladi. Masalan, kitob, maktab, a’lo so‘zlari aslan arabcha bo‘lib, o‘zbek tiliga taxminan VII-VIII asrlarda kirib kelgan. Hozirgi paytda bu so‘zlar o‘zbek millatiga mansub barcha odamlar uchun tushunarli va ular shu insonlar tomonidan o‘zbekcha so‘zlar sifatida qabul qilinadi. Hatto bu so‘zlar asosida kitobxon, maktabdosh, a’lochi kabi yangi so‘zlar ham yasalgan.
Tovushlar tizimi va leksikaning mavjudligi tilning muloqot vositasi darajasiga ko‘tarilishi uchun yetarli emas. Buning uchun so‘zlar o‘zaro birikib so‘z birikmasi va gaplar hosil qilinishi lozim. Buni esa tilning grammatik qurilishi belgilaydi. Demak, muayyan tilga mansub bo‘lgan so‘z, so‘z birikmasi va gaplarning qurilishi shu tilning grammatik qurilishi deb yuritiladi. ”Bizning fakultetimizda talabalar ko‘p to‘garaklarga qatnashadilar” gapini olib ko‘raylik. Avvalo, so‘zlarning qurilishini tekshiramiz: Biz-ning fakultet-imiz-da talaba-lar ko‘p to‘garak-lar-ga qatnash-a-di-lar”. Ko‘rinyaptiki, ko‘p so‘zidan boshqa barcha so‘zlar turli ma’noli qismlarga ajraladi. Endi so‘z birikmalarining qurilishini tekshiramiz: Bizning fakultetimizda, fakultetimizda qatnashadilar, ko‘p to‘garaklarga, to‘garaklarga qatnashadilar. Va, nihoyat, gap qurilishini tekshiramiz: ”Bizning (aniqlovchi) fakultetimizda (hol) talabalar (ega) ko‘p (aniqlovchi) to‘garaklarga (hol) qatnashadilar (kesim)”. Demak, tildagi har bir birlik o‘zining ichki qurilish qonuniyatlariga asosan tarkib topadi.
Do'stlaringiz bilan baham: |