3. Surxondaryo viloyatining asosiy ekologik muommolari.
O'zbekiston tomonidan ko'rilayotgan chora-tadbirlar bilangina umummintaqaviy ekologik muammolarni to'la yechib bo'lmaydi. Buning uchun Markaziy Osiyo davlatlarining barchasi birdek harakat qilmog'i talab etiladi. Kezi kelganda ta`kidlash lozimki, 36 yildan buyon qo'shni Tojikistondagi «Tojikiston alyuminiy kompaniyasi» davlat unitar korxonasining atmosfera havosiga zararli tashlanmalarining bevosita ta`sir doirasida Surxondaryo viloyatidagi bir milliondan ortiq aholi yashaydigan Sariosiyo, Uzun, Denov, Oltinsoy, Sho'rchi, Qumqo'rg'on tumanlari hududi aholisi endokrin va suyak-bo'g'in tizimi, nafas olish yo'llari, tug'ma nogironlik, flyuoroz va onkologik kasalliklardan borgan sari ko'proq aziyat chekmoqdalar. Chunki, bu tumanlarning aholisi sutkaning 18-19 soati davomida ekologik nuqtai nazardan zaharli – zavod mo'rilaridan tashlanayotgan, tarkibida inson salomatligi uchun xavfli bo'lgan ftorli vodorod va boshqa qo'shilmalar mavjud havodan nafas olishga majbur bo'lmoqdalar.
Alyuminiy olish jarayonida ftorli vodoroddan tashqari katta miqdordagi uglerod va oltingugurt oksidlari kabi zaharli gazlar ajralib chiqib, insonda yiringli bronxit, o'pka shamollashi, bosh aylanishi, migren, qon bosimining oshishi kabi kasalliklarni keltirib chiqarmoqda. Bunday zaxarli tashlanmalar, ayniqsa, bo'lajak onalar salomatligiga juda salbiy ta`sir ko'rsatmoqda. Oqibatda, ularning tug'ish davrida ekologik muammolar tufayli yuzaga kelgan turli darajadagi asoratlar sababli chaqaloqlar jarohatlangan miya, miya sholi kasalligi, turli xil bel-miya churrasi, yuqori va pastki jag'dagi nuqsonlar hamda boshqa jarohatli xastaliklar bilan dunyoga kelmoqda. Ushbu hududda yashovchi 6 yoshdagi bolalarni tibbiy ko'rikdan o'tkazish natijalari hududdagi maktabgacha yoshdagi bolalarning 36,5 foizi jismoniy va aqliy rivojlanishdan orqada qolayotganini ko'rsatmoqda. Ftorli vodorod va boshqa zaharli moddalar qishloq xo'jalik mahsulotlari tarkibida ham ko'plab uchrayotgani nihoyatda achinarlidir. Jumladan, bunday zaharli moddalar 1 kilogramm bug'doyda 13,2, no'xatda 57,4, kartoshkada 52,6, sabzida 55,7, sutda 37,2, olmada 57,3 milligrammni tashkil etayotir. Bu belgilangan me`yoriy miqdordan 3-5 marta ortiqdir. Surxon vohasida mazasi tilda qoladigan, shirinligi bilan mashhur, hovuchga sig'maydigan ekologik toza anorlar, shaftoli va o'riklar yetishtirilgan. Bugun esa ekologik ta`sir tufayli ularni yetishtirishning imkoni bo'lmayotir. Bog'lar yo'qotilmoqda. Borlarining ham mevasini iste`mol qilish xavfli. Qoramol va ushoq mollarning tishi to'kilib, ularning suti tarkibi o'zgarayapti. Surxondaryo viloyati iqlimi o'ta issiq bo'lib, ba`zan harorat 40-45 darajagacha ko'tariladi. Ma`lum bo'lishicha, ftor bunday haroratda juda faollashadi. U o'simlik va suvda to'planib, chorva mollarining suyagini yemiradi. Tadqiqotlar birinchi darajali flyuoroz bilan 36 foiz, ikkinchi darajalisi bilan 40 foiz, uchinchi darajalisi bilan esa 35 foiz chorva mollari kasallanganini tasdiqladi. Ilgari Sariosiyo tumanida yiliga 400 tonnagacha ipak yetishtirilar edi. Ekotizimning buzilgani oqibatida tumanda ushbu serdaromad soha bilan shug'ullanish imkoni bo'lmay qoldi. Chunki tut barglari ipak qurti uchun haqiqiy zahri qotilga aylandi. Vaholangki, atmosfera havosining transchegaraviy ifloslanishi oldini olish borasida 1994 yil 17 noyabrda Toshkent shahrida «O'zbekiston Respublikasi hukumati va Tojikiston Respublikasi hukumati o'rtasida Tojikiston alyuminiy zavodining salbiy ta`siri mintaqasidagi ekologik holatni yaxshilashda hamkorlik qilish to'g'risida»gi kelishuv imzolangan. Mazkur Kelishuvni rivojlantirish maqsadida 1994-1998 yillar davrida uni amalga oshirish bo'yicha chora-tadbirlar ishlab chiqilgan bo'lib, o'zaro harakatlar tartibini ishlab chiqish va ularni muvofiqlashtirish hamda kelishuv ijrosini nazorat qilish bo'yicha ishchi guruhlari tuzildi. O'zbekiston Respublikasining sohaga mas`ul xodimlari 1995 yilning iyun oyida Tojikiston alyuminiy zavodini ko'zdan kechirib chiqib, korxona rahbariyatiga ftorli vodorod moddasining atmosfera havosiga betartib va ko'p miqdorda tashlanishiga olib keluvchi alyuminiy ishlab chiqarish texnologiyasidagi bir qator qoidabuzarliklarni aniqlab ko'rsatib berishdi. 1995-1996 yillarda O'zbekiston Respublikasi va Tojikiston Respublikasi o'rtasidagi mazkur hujjat ijrosini nazorat qiluvchi hukumatlararo organning ikkita yig'ilishi o'tkazildi. Kelishuvga binoan ishlarni amalga oshirish uchun tomonlarning ekolog-olim va mutaxassislaridan iborat guruhlar tuzildi. Ular tomonidan to'rtta ilmiytadqiqot dasturlari ishlab chiqildi. Ammo Tojikiston hukumatining sustkashligi oqibatida dastur amalga oshirilmay qolib ketdi. Xo'sh, Tojikiston hukumatining 1979 yilda qabul qilingan BMT Yevropa iqtisodiy komissiyasining (YeIK) Atmosfera havosining uzoq masofalarida transchegaraviy ifloslanishi to'g'risidagi konvensiyasi talablariga zid ravishdagi xatti-harakatlarini qanday baholash mumkin? Yoxud 1992 yil 8 fevralda MDH davlat rahbarlari imzolagan bitimga muvofiq tuzilgan MDH mamalakatlari Davlatlararo ekologiya kengashining nizom va dasturlariga amal qilmaslik, o'z manfaatlarini o'ylab, o'zining hamda qo'shni davlat aholisi sog'ligi va salomatligini hamda o'simlik va hayvonot dunyosini zaharlayotganini qanday izohlash mumkin? 2010 yil 4 oktyabr kuni Vengriyaning Ayka shahridagi alyuminiy zavodi uchun xomashyo tayyorlab beruvchi korxonada kuchli portlash yuz berishi oqibatida zaharli chiqindi, «qizil shlam-quyqa» saqlanadigan rezervuar yorilib ketishi natijasida bir million kubometrga yaqin toksin moddalar tevarak-atrofga yoyildi. Bu esa inson salomatligiga, atrof tabiiy muhitga salbiy ta`sir ko'rsatishi bilan birga transchegaraviy daryolardan biri bo'lgan Dunay daryosi suvlarining ifloslanishiga olib keldi. Mazkur holatdan Tojikiston hukumati ham tegishli xulosa chiqarib olsa o'zi uchun foydadan xoli bo'lmas edi.
Atrof-muhit, aholi salomatligini muhofaza qilish va ekologik vaziyatni sog'- lomlashtirishda keng jamoatchilikning faol ishtirokini ta`minlash, atrof-muhit holatining inson salomatligi bilan o'zaro munosabati yuzasidan O'zbekiston ekologik harakati keng jamoatchilik, o'zini-o'zi boshqarish organlari ishtirokida qator tadbirlar o'tkazib kelmoqda. Ayniqsa, Ekoharakat faollarining «Tojikiston alyuminiy kompaniyasi» davlat unitar korxonasi faoliyatining atrof-muhitga va inson salomatligiga zararli ta`siriga qarshi Surxondaryo viloyatida o'tkazgan ommaviy tadbirlari O'zbekiston ekologik harakatining o'z maqsad va vazifalariga erishish yo'lidagi amaliy sa`y-harakatlarining yorqin isbotidir. O'zbekiston ekologik harakati vakillari 2011 yilning 6 sentyabr kuni Surxondaryo viloyati aholisining «Tojikiston alyuminiy kompaniyasi» davlat unitar koxonasi faoliyati natijasida aholi salomatligiga va atrof-muhitga yetkazilayotgan salbiy ta`sirga qarshi jamoatchilik noroziligi aks etgan murojaatni Birlashgan Millatlar Tashkiloti Taraqqiyot Dasturining O'zbekistondagi vakolatxonasiga topshirdilar. Xulosa o'rnida aytish joizki, bir mintaqada, bir daryodan suv ichib, bir havodan nafas olayotgan davlatlarning ekologik muammolari ham birdir. Uni yechishda ham birlik, hamjihatlik muhim ahamiyatga ega. Shu nuqtai nazardan, vujudga kelgan ekologik vaziyatni hisobga olgan holda, transchegaraviy ifloslanish masalalari, ekologik, ijtimoiy va iqtisodiy muammolarni hal etish asnosida bajariladigan yagona tizim va xolis yondashuv O'zbekiston Respublikasi bilan birga Tojikiston Respublikasi uchun ham dolzarb ahamiyat kasb etadi. Bundan tashqari, «Tojikiston alyuminiy kompaniyasi» davlat unitar korxonasi tashlamalarining salbiy ta`siriga duchor bo'lgan hududning ekologik holatini yaxshilash bo'yicha samarali chora-tadbirlar ishlab chiqilishi lozim. Bu kabi chora-tadbirlarni amalga oshirayotganda va tegishli hujjat hamda materiallarni tayyorlayotganda o'zaro manfaatli, mingyillik qo'shnichilik va samarali hamkorlik doirasida xolis, vazmin yondashuvni namoyon etish zarur bo'ladi. Qolaversa, atrof-muhit muhofazasini yaxshilash, ekologik barqarorlikni ta`minlashga ustuvor vazifa sifatida qarab, nafaqat bugungi, balki kelajak avlodlarimiz taqdiri uchun ham mas`ul ekanimizni unutmasligimiz kerak.
Foydalinilgan resurslar:
https://revolution.allbest.ru/
http://12.rospotrebnadzor.ru/
https://hozir.org/
https://parliament.gov.uz/
Do'stlaringiz bilan baham: |