2. Toshkent metropoliteni haqida ma’lumot bering.
Toshkent metropoliteni - Toshkent shahar yulovchilar transporti korxonalari uyushmasi tarkibida bo‘lib, uning qurilishi 1973 y.da boshlangan, birinchi (Chilonzor) liniyasining 9 stansiyadan iborat, uzunligi 12,2 km birinchi navbati («Sobir Rahimov», «Chilonzor», «Mirzo Ulug‘bek», «Hamza», «Yoshlik», «Xalqlar do‘stligi», «Paxtakor», «Mustakillik maydoni», «Markaziy xiyobon» bekatlari) 1977-yil 6-noyabrda, ikkinchi navbati («Hamid Olimjon», «Pushkin», «Buyuk ipak yo‘li» bekatlari, uzunligi 4,6 km) 1980 y. 18 avg .da foydalanishga topshirildi, bekatlar soni 12 taga etdi. Metropolitenning umumiy uzunligi 8 km bo‘lgan ikkinchi (O‘zbekiston) liniyasining birinchi navbati («Alisher Navoiy», «O‘zbekistan», «Kosmonavtlar», «Oybek», «Toshkent» bekatlari) 1984-y. noyabrda, ikkinchi navbati («Mashinasozlar», «Chkalov» bekatlari) 1987-y. noyabrda ishga tushdi. Shu liniyaning uchinchi navbati 1989 y. noyabrda («G‘afur G‘ulom», «Chorsu» bekatlari, uzungligi 2,2 km), to‘rtinchi navbati («Tinchlik» va «Beruniy» bekatlari, uzunligi 3,2 km) 1991-y. 30-aprelda ishga tushdi. Bu liniyaning umumiy uzunligi qariyb 15 km ga etdi Metropolitenning shahar markazini Yunusobod turar joy massivi bilan bog‘laydigan (umumiy uzunligi 14 km) uchinchi (Yunusobod) liniyasining birinchi navbati («Mingo‘rik», «Yunus Rajabiy», «Abdulla Qodiriy», «Minor», «Bodomzor», «Habib Abdullaev» bekatlari) 2001 y. 26 oktyabrda ishga tushdi. Metropolitenda qatnaydigan poyezdlarning o‘rtacha tezligi 39 km/soat, maksimal tezligi 65 km/soat. T.m.da sugkasiga o‘rtacha 270-300 ming yo‘lovchi tashiladi. Yo‘lovchilarga qulaylik yaratish uchun ba’zi bekatlarda eskalatorlar o‘rnatilgan. Metrodagi «Chilonzor», «Hamza» bekatlari gumbazsimon, «Mustaqillik maydoni» yig‘mamonolit konstruksiyali kolonna tipida, boshqa bekatlar esa kolonna tipida qurilgan. Har bir bekatning badiiy me’morlik hamda haykaltaroshlik nuqtai nazaridan bezatilishi ramziy ravishda shu bekat nomini aks etdiradi. Ularda madaniy, monumental dekorativ va amaliy san’atning milliy an’analari o‘z aksini topgan. Bekatlarga bezak berishda, asosan, O‘zRda chiqadigan qora, qizil, kulrang granitlar, turli xil marmar, keramika, stomalit, yog‘och, oyna, turli xil metall va b. foydalanilgan. Metropoliten. 9 balli zilzilaga bardosh beradi. Toshkent metropolitenining umumiy uzunligi 38,25 km, bekatlar soni 29 ta (2004). 2016-yildan boshlab Shavkat Mirziyoyev tashabbusi bilan 7,1 kilometr bo‘lgan Toshkent metropolitenining Sergeli liniyasi qurilishi olib borilmoqda. Mazkur qarorga ko‘ra, yangi liniyani 2020-yilga qadar qurib foydalanishga topshirish ko‘zda tutilgan. Sergeli metro liniyasi bugungi kungacha Markaziy Osiyoda qo‘llanilmagan butunlay yangicha estakada usulida bunyod etilmoqda. Ya’ni mazkur yo‘l ko‘priksimon tarzda quriladi, poyezdlar yer ustida harakatlanadi. Toshkent metropolitenining umumiy uzunligi bo‘yicha dunyoda 108-o‘rinda, sobiq SSSR davlatlari orasida 7-o‘rinda turadi.
Do'stlaringiz bilan baham: |