Mavzuning dolzarbligi Tilshunoslikda so’z yasalish hodisasi har doim ham dolzarb muammolardan biri hisoblanadi. So’z yasalishi tilda mavjud bo’lgan material va imkoniyatlar asosida yangi leksik birliklarni hosil qilishdan iborat. Bu jarayon til lug’at tarkibini muntazam boyib borishiga xizmat qiladi.
So’z yasalish masalalari tilshunoslikda fonetika, grammatika, lksikologiya sohalari bilan birga doimo maxsus o’rganib kelinadi. Tilshunoslik tarixiga nazar tashlasak, so’z yasalishi, u bilan bog’liq bo’lgan hodisalar, shuningdek, so’z yasalishi bahsning predmeti aniq bo’lsada, lekin bu soha tilshunoslikning boshqa bo’limlariga munosabati, uning tilshunoslikdagi o’rni masalasida bir fikrga kelinmagan edi. Ko’pchilik ilmiy asarlarda so’z yasalishi grammatikaning bir qismi sifatida talqin etilgan bo’lsa, ayrim adabiyotlarda u leksikologiya tarkibida berilgan, hatto, so’z yasalishining mutlaqo leksikologiyaga mansub emasligi ham ta’kidlanadi.
Ma’lumki, tilshunoslik sohasi keng qamrovli sohalardan bo’lib, unda mavjud bo’lgan har bir bo’lim chuqur ilmiy izlanishlarni talab qiladi. Bizga ayonki, umumiy tilshunoslikning o’rganish obyekti so’z va so’z yasalish hodisasi hisoblanadi. So’z yasalish masalasi muhim ahamiyatga egadir va u tilshunoslar tomonidan tan olingan, ammo turlicha talqin qilinadi. So’z yasalish hodisasida qo’shma so’zlarning o’rni beqiyosdir. Qo’shma so’zlarning umumiy klassifikatsiyasi bo’yicha bir qancha tadqiqot ishlari olib borilgan bo’lishiga qaramay, undagi juda ko’plab savollar haligacha o’z yechimini topa olgan emas. So’nggi yillarda esa, tilshunoslikda yangi uslub va yo’nalish sifatida kogntitiv tilshunoslik shiddat bilan kirib keldi. Kognitiv tilshunoslik jadal rivojlanib ketishiga qaramasdan, undagi ko’plab muammolar o’z yechimini kutmoqda. Jumladan, ingliz va o’zbek tillaridagi qo’shma so’zlarning kogntiv xususiyatlari eng zamonaviy va tilshunoslikdagi dolzarb muammolaridan biri bo’lmoqda.
Tadqiqotning maqsadi Shuni ta’kidlab o’tish joizki, dastlab ingliz va o’zbek tillaridagi qo’shma so’zlarning badiiy adabiyotlardagi kognitiv xususiyatlari ochib berish nazarda tutilgan bo’lsada, mavzuni o’rganilganlik darajasini aniqlash jarayonida shu ayon bo’ldiki, qiyoslanayotgan tillardagi qo’shma so’zlarning kognitiv xususiyatlari nafaqat badiiy adabiyotlar misolida, balki umuman kognitiv nuqtai-nazaridan tadqiqot obyekti va predmeti sifatida qiyosiy tahlil qilinmagan ekan.
Yuqoridgilarni inobatga olgan holda, tadqiqot maqsadi nafaqat badiiy adabiyotlardagi qo’shma so’zlarning kognitiv xususiyatlarini ochib berish, balki ingliz va o’zbek tillaridagi qo’shma so’zlarning kognitiv xususiyatlarini tahlil qilishda ularning o’xshash va farqli tomonlarini aniqlashdan iborat.
Do'stlaringiz bilan baham: |