Dastlabki savdolar naqd tovarlar bilan amalga oshirilgan boʻlsa, soʻngra esa savdolar tovarlarni kelishilangan narxlarda kelajakdagi maʼlum bir sanada yetkazib berish boʻyicha ham amalga oshirila boshlandi. Chikago savdo palatasida roʻyxatga olingan birinchi forvard shartnomasi 1851 yil 13 martda qayd etilgan boʻlib, u 300 bushel (oʻlchov birligi, 1 bushel=35,2l) makkajoʻxorini yetkazib berishga tuzilgan.
Uzoq muddat davomida turli davlatlar fyucherslar va opsionlar bilan savdo qilishni cheklab va man etib kelganiga qaramay 1972 yili Chikago tovar birjasi (Chicago Mercantile Exchange - CME)da Xalqaro valyuta bozori (International Monetary Market - IMM) deb ataluvchi yangi boʻlinma tashkil etildi, bu esa ilk marotaba tashkil etilgan moliyaviy fyuchers shartnomalari - valyuta fyucherslari bilan savdo qiluvchi maxsus birja maydonchasi hisoblandi.
Bu paytgacha fyucherslarning baʼzaviy aktivi sifatida faqat tovarlardan foydalanib kelingan edi. Shu bilan birgalikda shu yili Chikago savdo palatasi aksiyalar boʻyicha fyuchers savdolari amalga oshirish uchun ruxsatnomasiga rad javobini oldi. Bunga javoban u 1973 yilda Chikago opsion birjasini (Chicago Board Options Exchange – CBOE) tashkil etdi. Shu bilan birgalikda aynan shu yili Fisher Blek va Mayron Shoulz oʻzlarining opsionlar narxini aniqlash formulasini eʼlon qilishdi.
70-yillarning oxiriga kelib esa moliyaviy fyucherslar ommaviy tarzda tan olindi va ular bilan savdolar dunyodagi barcha birjalarda amalga oshirila boshlandi.
XX asrda bozor rivojlanishi
XX asrning boshlarida bozor rivojlanishiga sabab boʻluvchi muhim voqea yuz berdi, yaʼni 1920 yilda muddatli birja savdolaridagi asosiy element hisoblanuvchi kliring palata tashkil etildi.
XX asrning oxiri 90-yillar va XXI asrning boshlarida muddatli savdolarning rivojlanishidagi asosiy tendensiyalardan biri bu birjalarning xalqaro miqyosda birlashuvi boʻldi. Jumladan, 1997 yili Germaniya va Shveysariya birjalari birlashtirilib, Eurex ittifoqi tashkil etildi. 2000 yil Parij, Amsterdam va Bryussel (keyinroq ittifoqqa Lissabon birjasi ham qoʻshildi) birjalari birlashtirilib, Euronext yagona yevropa birjasi tashkil etildi, soʻngra, yaʼni 2008 yil ushbu birja Nyu-York fond birjasi bilan birlashdi.
Shimoliy Amerikaning yirik muddatli birja bozori CME Group 2007 yil Chikago tovar birjasi (Chicago Mercantile Exchange – CME) va Chikago savdo palatasining (Chicago Board of Trade – CBOT) oʻzaro birlashuvi natijasida paydo boʻldi. Hozirgi paytda bu ittifoqqa yuqorida qayd etilganlardan tashqari Nyu-York tovar birjalari NYMEX (New York Mercantile Exchange) va COMEX (Commodity Exchange of New York) ham qoʻshilgan.
Hozirgi kunga kelib hosilaviy qimmatli qogʻozlar bozori fond bozorining alohida segmenti sifatida rivojlanib kelmoqda, ayniqsa ushbu moliyaviy instrumentlar aylanmasini birjadan tashqariga chiqishi sababli ular cheklanmagan miqdorda muomalada boʻlish va turli bazis aktivlar boʻyicha, jumladan fond indekslari va boshqa hisob koʻrsatkichlari boʻyicha ham muomalaga kiritilish imkoniyatiga ega boʻldi.
3. Forvard shartnomalari Forvard shartnomalari bu birjadan tashqarida tuziluvchi, kelajakda bazis aktivni yetkazib berish haqidagi tomonlarning kelishuvidir.
Shartnoma shartlari bitimni tuzish paytida kelishib olinadi. Shartnoma ana shu kelishib olingan shartlar boʻyicha belgilangan muddatlarda amalga oshiriladi.
Forvard shartnomasi kerakli aktivlarni haqiqatda sotish yoki sotib olishni amalga oshirish va xaridor hamda sotuvchi-larni narxlarni salbiy oʻzgarishlaridan sugʻurtalash maqsadida tuziladi.
Shartnomani tuzishda tomonlar bitim amalga oshiriladigan narxni kelishib olishlari lozim boʻladi. Ushbu narx yetkazib berish narxi deyiladi va forvard shartnomani amalga oshirish davrida oʻzgarishsiz qoladi.
Forvard shartnoma bilan aloqador forvard narx tushunchasi ham bordir. Maʼlum bir davr uchun bazis aktivning forvard narxi deb – forvard shartnomani tuzish davrida unda belgilab qoʻyilgan narx tushiniladi.