Fyucherslar Fyucherslar (futures) - kelishilgan miqdordagi qimmatliklarni ma'lum vaqt mobaynida bitim tuzish vaqtida belgilangan narxda etkazib berish to'g'risidagi shartnomalarpi o'zida namoyon qiladi. Fyuchers shartnomalari birjalarda sotiladigan qimmatli qog'ozlarga ham, tovarlarga ham taqdim etilishi mumkin.
Fyucherslarning asosiy belgisi - narxining aniqligi va ijro etishning majburiyligidir. Fyucherslar shartnoma bo'yicha sotib olinadigan qimmatlikka egalik qilish huquqining bir qo'ldan boshqa qo'lga zudlik bilan o'tkazilishini nazarda tutmaydi. Fyucherslar yordamida qonun bilan kafolatlangan majburiyat sotib olinadi, bu bitim sifatida rasmiylashtirilishi mumkin. Fyuchersning o'ziga xos belgisi shundan iboratki, ular mazkur qimmatliklar (sotuvchilarda yoki umuman) ayni vaqtda bormi yoki yo'qmi, undan qati nazar, sotilishi mumkin.
Fyucherslarning opsionlar bilan o'xshash tomoni shundaki, ularning ikkalasi ham fond boyliklarini kelajakda sotib olish imkonini beradi. Farqlarga kelsak, ular quyidagilardan iborat:
Fyucherslar oldi-sotdi hujjati sanalmaydi; fyuchers-fond boyliklarini etkazib berish qatiy majburiyatidir.
Fyuchers belgilangan muddat tugashi bilan majburiy hisob-kitobni talab qiladi.
Fyuchers bo'yicha xatar, opsionnikiga qaraganda ancha yuqori,
chunki fyuchers xaridori opsion xaridoridan farqli o'laroq, optsion bo'yicha yo'qotilgan mukofotga qaraganda ancha katta summani
yo'qotishi mumkin.
Fyuchers shartnomasining shartlari andozalidir. Fyuchers shartnomasining narxi birja kimoshdi savdolarida talab va taklif muvozanatining natijasi sifatida belgilanadi. Fyuchers bitimlari bo'yicha hisob-kitoblar, odatda, fyuchers bilan savdo qiluvchilar (sotuvchilar va xaridorlar)ning hisob-raqamlari ochilgan birjalarning kliring palatalari orqali amalga oshiriladi.
Hosila qimmatli qog'ozlarning ushbu turi bilan savdo-sotiq qilish o'zining xususiyatlariga ega. Aktsiyalar bilan fyuchers bitimlari fond birjalarida, obligasiyalar bilan fyuchers operatsiyalari esa, tovar birjalarida amalga oshiriladi.
Aktsiyalarning muayyan muddatda narx pasayishiga o'yini chog'ida sotilishi aktsiyalar bilan tuziladigan eng keng tarqalgan muddatli bitim hisoblanadi. Odatda, bunday holatda qimmatli qog'ozlar qoplashsiz sotiladi, ya'ni sotuvchining qo'lida bo'lmagan qimmatli qog'ozlarni sotish uchun shartnoma tuziladi. qimmatli qog'ozlarni bunday shartnoma bo'yicha etkazib berish uchun sarmoyador o'zining brokeridan unga, masalan, mazkur operasiya bo'yicha etkazib berishni mo'ljallagan aktsiyalar paketi qiymatining faqat 60 foizini bergan holda, etkazib berilishi lozim bo'lgan qimmatli qog'ozlarni qarzga oladi. So'ngra broker o'zidagi mavjud bo'lgan xuddi shunaqa aktsiyalarni sarmoyadorga o'tkazadi yoki unga chetdan sotib olingan xuddi shunday aktsiyalarni topshiradi. Bunda broker tomonidan beriladigan kreditning miqdori ushbu mamlakatda qimmatli qog'ozlar bozorini nazorat qiluvchi organ tomonidan belgilangan miqdordan oshmasligi kerak. Mazkur qimmatli qog'ozlar kontragentga etkazib berilganidan keyin sarmoyador brokerga aktsiyalarning xuddi shunday to'plamini etkazib berishi lozim bo'ladi. Bu shuni anglatadiki, bitim bo'yicha o'zining majburiyatlarini bajarish uchun sarmoyador aktsiyalar mazkur paketini kelajakdagi ma'lum sanada sotib olishi kerak bo'ladi.
Ushbu holatda sarmoyador, ta'kidlab o'tilganidek, kursning pasayishiga umid qiladi, bu uni mazkur qimmatli qog'ozlarni yanada past narxda xarid qilish va brokerga o'tkazishning boshlang'ich narxida etkazib berish imkonini beradi.
Agar aktsiyalar kursi ko'tarilsa, u holda sarmoyador ushbu aktsiyalarni xarid qilish chog'ida to'lashi zarur bo'lgan summa va ularni dastlabki qoplashsiz sotish chog'ida olgan summa o'rtasidagi farq miqdorida zarar ko'radi. qoplashsiz operasiyalarning asosiy maqsadi olibsotarlikdan iborat.
O'zbekistonning qonun hujjatlariga ko'ra, fyuchers – bu ma'lum qimmatli qog'ozlar va boshqa moliyaviy vositalarni shartnomada belgilangan narxda ma'lum kelajak sanada sotib olish yoki sotish uchun so'zsiz majburiyatni tasdiqlovchi qimmatli qog'oz (shartnoma)dir. Bazis aktivi birinchi marta muomalaga chiqarilayotgan qimmatli qog'oz bo'lgan fyucherslarni chiqarishga yo'l qo'yilmaydi. Fyucherslar fyuchers emitentining o'zi tomonidan yoki uchinchi shaxslar tomonidan chiqarilgan qimmatli qog'ozlarni xarid qilish yoki sotish majburiyatini tasdiqlaydi. Fyucherslar o'z huquqini amalga oshirishdan bosh tortishni nazarda tutuvchi opsionlardan yoki varrantlardan farqli ravishda, ijro etish uchun majburiydir. Fyuchers egasi yo qimmatli qog'ozlarni etkazib berishi yoki uni keyingi muomalada bo'lishi uchun kontragentga sotishi lozim.
Adabiyotlar:
"Qimmatli ќog'ozlar va fond birjasi to'g'risida" O'zbekiston Respublikasining qonuni. 1993 yil 2 sentyabr
"Birjalar va birja faoliyati to'g'risida" O'zbekiston Respublikasining qonuni. 2001 yil 29 avgust
Karimov I.A. "Iqtisodiyotni erkinlashtirish va islohotlarni chuqurlashtirish – eng muhim vazifamiz". – T. "O'zbekiston", 2000.
Karimov I.A. "O'zbekiston XXI asrga intilmoqda". – T. "O'zbekiston", 1999.