Hissiy zo‘riqish
Hissiyotlarni ichki ehtiyojlarning paydo bo’lishi yoki tashqi ta’sirotlar, jumladan xotiradagi ma’lumotlarni eslash uyg’otadi. Hissiyotlar odam kayfiyatini o‘zgartirishdan tashqari, bir qator ichki a’zolar faoliyatiga sezilarli ta’sir ko‘rsatadi: qonda adrenalin miqdori ortadi, yurak faoliyati kuchayib, qon bosimi ko‘tariladi, gazlar, modda va energiya almashinuvi jadallashadi. Skelet muskullari faoliyati o‘zgaradi. Oddiy sharoitda muskullar birin-ketin ishga tushi rilsa, his-hayajon vaqtida hammasi birdan faol holatga kelishi mumkin. Muskullarda charchash jarayoni sekinlashadi. Bundan tashqari, ta’sirotlarga sezgirlik ortadi.
Demak, his-hayajon qo’zg‘alish organizmning foydalanilmagan imkoniyatlarini yuzaga chiqaradi va maqsadga erishishini yengillashtiradi.
Bir tomondan, ehtiyojning paydo bo‘lishi, ikkinchi tomondan bu ehtiyojni qondirish uchun zarur bo‘lgan omil va imkoniyatlarning yetishmovchiligi hissiy zo‘riqishga olib keladi. Maqsadga erishish uchun zarur bo‘lgan omillarni bilim, ko‘nikmalar, tajriba, energiya va vaqt tashkil qiladi. Bu omillardan biriga organizm yetarli miqdorda ega bo‘lmasa, zo‘riqish holati rivojlanadi. Ehtiyoj, maqsadning ahamiyati qanchalik katta bo‘lsa, omil yetishmovchiligi qanchalik ko‘p bo‘lsa, zo‘riqish darajasi shunchalik yuqori bo‘ladi.
Zo‘riqish ma’lum darajaga yetganda hissiyotni uyg‘otadi. Uning 4 darajasi tafovut qilinadi. Zo‘riqishning birinchi darajasi organizmning diqqat-e’tibori, ish qobiliyati ortishi bilan ifodalanadi. Odam oldida turgan vazifa yangi bo‘lsa, unga nisbatan qizihish ortadi, ruhiy va jismoniy imkoniyatlarini ishga soladi. Bunday holat organizmni chiniqtiradi, ish qobiliyatini oshiradi, foydali bo‘ladi.
Ehtiyojni qondirish, maqsadga erishish uchun birinchi darajadagi zo‘riqish holatida ishga solingan imkoniyatlar yetarli bo‘lmasa, zo‘riqishning ikkinchi darajasi rivojlanadi, manfiy hissiyot paydo bo‘ladi. Odam norozi bo‘ladi, jahli chiqadi. Ammo, u imkoniyatlarini iloji boricha ishga solib, oldida turgan masalani yechishga harakat qiladi.
Agar qondirilishi zarur bo‘lgan ehtiyoj omillarni organizm ega bo‘lganidan ko‘p miqdorda talab qilsa, organizmning imkoniyatlari turgan masalani yechish uchun yetarli bo‘lmasa, zo‘riqishning uchinchi darajasi rivojlanadi. Maqsadiga erishishga ko‘zi yetmagan odam siqilib, eziladi. Zo‘riqishning bu darajasida organizm a’zolari va tizimlarining faoliyati keskin salbiylashadi. Aqliy va jismoniy imkoniyatlari kamayadi, odam hech bir ishga qo‘l urgisi kelmaydi, zarar yetkazuvchi omillarga qarshiligi susayadi. Bunday holatning uzoq davom etishi organizmga ziyon qilib, turli kasalliklar rivojlanishiga olib keladi. Shu sababdan, zo‘riqishning uchinchi darajasini astenik zo‘riqish deydilar.
Zo‘riqishning uchinchi darajasini organizmning o’ziga xos himoya reaksiyasi desa bo‘ladi. Imkoniyatlari yetarli emasligini bilgan organizm maqsadga erishishdan voz kechishga majbur bo’ladi. Ammo, maqsadning ahamiyati, unga erishish zaruriyati saqlanib qolsa, organizm mushkul ahvolga tushadi, endi zo‘riqish to‘rtinchi darajaga o‘tadi. Bunda nevroz holat ro‘y berib, ba’zi boshqaruv mexanizmlarining shikastlanishiga olib keladi.
Zo‘riqish darajalarining biri ikkinchisiga osoyishta o‘tishi shart emas. Sharoitga qarab, birdan ikkinchi yoki uchinchi darajadagi zo‘riqish holati yuzaga chiqishi mumkin. Nerv tizimi birinchi galda organizm yechishi zarur bo‘lgan masalaning ahamiyati va murakkabligini, bu masalani hal qilish uchun zarur omillar miqdorini va shu vaqtda organizmda mavjud bo‘lgan omillar miqdorini belgilaydi. Zarur miqdor bilan bor bo‘lgan miqdorlar o‘rtasidagi munosiblik qancha kam bo‘lsa, taraqqiy etgan zo‘riqish darajasi shuncha yuqori bo‘ladi.
Zo‘riqishning bu 4 darajasi sof holda kam uchraydi. Ko‘pincha oraliq darajalar kuzatiladi. Masalan, ikkinchi va uchinchi darajalar oralig‘idagi bo‘lgan zo‘riqish holatida organizmning aqliy imkoniyatlari pasayib ketgan bir vaqtda, uning energetik imkoniyatlari saqlanib qoladi, ortib ketishi ham mumkin. Bunday aql-idrokni yo‘qotgan, vahimaga tushgan odam bema’ni ishlarni qilib qo‘yadi. Zo‘riqishning oraliq darajalari boshqa bir shaklda namoyon bulishi ham mumkin: odamning aql-idroki o‘zgarmaydi, o‘z holatini va tevarak atrofdagi xavfni to‘g‘ri baholash qobiliyati saqlanib qoladi, ammo energiya manbalari kamayib ketganidan o‘zini xavf-xatardan saqlashga kuchi yetmaydi.
Ma’lum sharoitda rivojlangan zo‘riqish darajasi past yoki yuqori bo‘lishi odamning hayotiy tajribasiga ham bog‘liq. O‘xshash sharoitni boshidan kechirgan tajribali odam unga iztirob chekmaydi. Qiyinchiliklarni yengishga o‘rganmagan, tajribasiz, kuchsiz odamlarda zo‘riqish juda kuchli bo‘ladi. Odam zo‘riqishlarni ishg‘ol qilish uchun zarur bo‘lgan omillarga – bilim, ko‘nikmalar, vaqt, energiyaga — yetarli miqdorda ega bo‘lishiga harakat qilishi kerak.
Do'stlaringiz bilan baham: |