HINDIY TILIDAGI RASMIY MATNLARDA INGLIZ TILIDAN O‘ZLASHGAN SO‘ZLAR SEMANTIKASI
(Bosh vazir Narendra Modining 2018 yil oktabr oyida Shavkat Mirziyoyev delegatsiyasi uchun so‘zlagan nutqi misolida)
Dadasheva Nurxon Burxon qizi
Toshkent davlat sharqshunoslik universiteti
Qiyosiy tilshunoslik va lingvistik tarjimashunoslik yo‘nalishi
1-kurs magistranti
Annotatsiya. Hindiy tilida chet tilidan, ayniqsa ingliz tilidan o’zlashgan so’zlarning faol qo’llanilishi kuzatiladi. Hozirgi kunda rasmiy doiralarda ham ingliz tilidagi so’zlar asl holida bemalol qo’llanilmoqda. Ularning hindiy tilidagi muqobili, qaysi o’rinlarda ishlatilishi, rasmiy holatlarda taxminan necha foiz ingliz so’zlari qo’llanilishi ushbu maqolada yoritib berilgan.
Kalit so’zlar. Hindiy, ingliz, rasmiy uslub, Hindiston, Narendra Modi, shartnoma, rasmiy uchrashuv.
Hindiy tilida boshqa chet tillaridan o‘zlashgan so‘zlar miqdori ancha ko‘p bo‘lib, ularga asosan arab, fors, portugal hamda ingliz tilidan o‘zlashgan so‘zlar kiradi. Ayniqsa, ingliz tili bugungi xalq tilida, shuningdek, rasmiy doirada ham keng qo‘llanilmoqda. Bunday so‘zlarni o‘zbek tilidagi tarjimada qay usulda berish kerak, sinonim qo‘llash zarurmi yoki yo‘q, ma’noni to‘g’ri bera olish kabi masalalar bugungi o‘zbek tarjimashunosligida ko‘ndalang turgan mavzulardan biridir.
Ushbu maqolada O‘zbekiston Respublikasi prezidenti Shavkat Mirziyoyevning 2018 yil oktabr oyidagi Hindistonga tashrifi chog’ida Bosh vazir Narendra Modining so‘zlagan nutqi misolida mavzu ko‘rib chiqiladi.
“Your Excellency” deb boshlaydi N.Modi o‘z nutqini. Ushbu so‘zni hindiy tilida “महानुभवों” so‘zi orqali ifodalanadi:
“महानुभवों,
हम सभी अफगानिस्तान के साथ गहरे ऐतिहासिक और सभ्यतागत संबंध भी साझा करते हैं”1
O‘zbek tiliga esa “Janobi Oliylari’ deya tarjima qilinadi.
Siyosiy faoliyatda Hindiston rasmiy doiralari tomonidan ingliz tiliga oid juda ko‘plab qo‘llanilmoqda. Narendra Modi ham o‘zi nutqi boshida prezidentimizga murojaat qilib: “यह आपकी भारत की पहली state visit है” deya ta’kidlaydi. Bu yerda “state visit” atamasi “davlat tashrifi” bo‘lib kelmoqda, bu ibora hindiy tilida “राज्य निरीक्षण” yoki “राज्य का दौरा” so‘z birikmalari bilan ifodalanadi.
“आपका और आपके परिवार तथा delegation का स्वागत करते हुए मुझे बहुत हर्ष हो रहा ह”2 (Siz, oilangiz hamda sizning delegatsiyangizni qutlash menga bag’oyatda mamnunlik bag’ishlaydi).
O‘zbek tilida delegatsiya so‘zi ingliz tilidagi kabi ifodalanmoqda. Shu tufayli, ushbu so‘zni tarjima qilish qiyinchilik tug’dirmaydi. Ba’zi o‘rinlarda hindiy tilida ushbu so‘zning hindcha variantidan foydalanilganligini ko‘ramiz. Ushbu so‘z प्रतिनिधि-मंडल so‘z birikmasi bilan ifodalanadi. Masalan: “सुरक्षा की मांग का लेकर जिला बार एसोसिएशन का प्रतिनिधि मंडल मंगलवार को आईजी सुनील कुमार से मिला।”3 (Seshanba kuni tuman advokatlar assotsiatsiyasi delegatsiyasi xavfsizlikni talab qilib, Sunil Kumar bilan uchrashdi.)
Ba’zi o‘rinlarda bir tugal jumlaning o‘zida bir qancha ingliz so‘zlarini ko‘rishimiz mumkin:
भारत और उज़्बेकिस्तान के ऐतिहासिक संबंधों को और गहरा बनाने, और हमारी strategic partnership को और मज़बूत करने के हमारे vision और plans को हमने साझा किया है।
(Hindiston va O‘zbekiston o‘rtasidagi tarixiy aloqalarni yana-da mustahkamlash, hamda strategik hamkorligimizni bundan ham kuchaytirish borasida o‘z fikrlarimiz hamda rejalarimizni kelishib oldik).
Ushbu jumlada “vision” (qarash, nazar) so‘zi ma’lum bir masalaga shaxsning o‘z qarashlarini nazarda tutmoqda. Shu jihatdan kelib chiqqan holda, “fikr” deya tarjima qilingan.
“हमारे पुराने दोस्ताना रिश्तों को आज के सन्दर्भ में और भी समृद्ध करने के लिए हमने long-term view लिया है”.4
“Biz eski do‘stlik aloqalarimizni bugungi sharoitda yanada rivojlantirish uchun uzoq muddatli istiqbolni ko‘zlaganmiz”.
Do'stlaringiz bilan baham: |