1.2. Abu Muin Nasafiy rahmatullohi alayhning ilmiy faoliyati va qoldirgan ilmiy merosi. Asarlari Nasafiy bir necha yillik ilmiy safarlar va ulamolar suhbatidan hosil boʻlgan bilim va tajribalariga asoslangan holda bir qator fan sohalarida asarlar yozdi. Manbalarda alloma oʻzidan yuzdan ortiq ilmiy asar qoldirgani haqidagi maʼlumot mavjud. Ularni tafsir, hadis, kalom, fiqh va sheʼriyat kabi shartli besh guruhga boʻlish mumkin.
Tafsir ilmi boʻyicha olim „at-Taysir fi (ilm) at-tafsir“ („Tafsir ilmiga oid osonlashtirilgan kitob“) asarini yozgan. U toʻrt jilddan iborat boʻlib, unda Qur’on oyatlarining sharhi oʻziga xos tartibda berilgan.
Hadis ilmida olim muayyan mavqeni egallagan. Unga „al-Hofiz“ nomining nisbat berilishi fikrimiz dalilidir. Hofiz darajasiga erishgan muhaddislar kamida 20 ming, baʼzi kitoblarga koʻra 50 ming yoki 100 ming va undan ortiq hadislarni matn va isnodlari bilan toʻliq yod bilganlar.
Allomaning hadis ilmida peshqadam boʻlganini uning bu sohada yozgan asarlari ham tasdiqlaydi. Masalan, Nasafiy Imom Buxoriyning „al-Jomi as-sahih“ asarini sharhlab, oʻzining „an-Najoh fi sharh axbor kitob as-sihoh“ („Sahih kitobidagi xabarlarni sharhlash boʻyicha erishilgan yutuqlar“) nomli kitobini yozdi.
Hozirgi kunda Nasafiyning Oʻzbekiston Respublikasi Fanlar akademiyasi Abu Rayhon Beruniy nomli Sharqshunoslik institutida saqlanayotgan „Matla an-nujum va-majma al-ulum“ („Yulduzlarning chiqish joyi va ilmlarning tutashgan yeri“) nomli katta hajmdagi qomusiy nodir qoʻlyozma asarining bir qismi ham hadis ilmi hamda vaʼz-nasihatlarga bagʻishlangan.
Bundan tashqari, olim hadis ilmining turli janrlariga bagʻishlangan „Tatvil al-asfor li-tahsil al-axbor“ („Xabarlar talabidagi uzoq safarlar“) asarining ham muallifidir.
Kalom ilmida Nasafiy Imom Moturidiy anʼanalarini davom ettirdi. Masalan, Abu Ali al-Hasan ibn Abdulmalik al-Moturidiy, sahoba Abu Ayyub Xolid al-Ansoriy avlodi boʻlmish Abul Hasan Ali ibn al-Hasan al-Moturidiy kabi olimlar Nasafiyning ustozlari edilar. Nasafiy oʻzining bilvosita ustozi Imom Moturidiy taʼlimotini ixcham va qisqa shaklga keltirib, moturidiylik taʼlimotini keng yoyishga xizmat qildi. U yaratgan „Aqoid an-Nasafiy“ asari islom olamida keng tarqalgan boʻlib, unga koʻplab sharh va hoshiyalar yozilgan. Olim kalomga oid birgina shu asarni yozgan boʻlsa-da, uning ilohiyotchi sifatida shuhrat qozonishiga sabab uning juda qisqa holda islom aqidasini nazariy asoslab berganidir.
Fiqh ilmi boʻyicha Nasafiy oʻzidan soʻng hanafiy fiqhiga oid boy ilmiy meros qoldirdi. Manbalarda uning bu sohada yaratgan sakkizta asarining nomi keltiriladi.
Ulardan „Kitob ad-doir fi-l-fiqh“ („Fiqhga doir kitob“), „Mashori ash-shori“ („Qonunchining qonunlari“), „al-Hasoil fi-l-furu“ („Furu boʻyicha erishilgan yutuqlar“) yoki „al-Hasoil fi-l-masoil“ („Masalalar boʻyicha erishilgan yutuqlar“)ning nomlarigina bizga maʼlum xolos. Uning „al-Manzuma an-nasafiya fi-l-xilofiyot“ („Nasafiyning xilof ilmiga oid nazmiy kitobi“), „Tilbat at-talaba“ („Tolib istagan kitob“), „Sharh al-usul li-l-Karxiy“ ("al-Karxiyning „usul“iga sharh"), „Fatovo shayx al-islom as-Sugʻdiy“ („Shayxu-l-islom as-Sugʻdiy fatvolari“) asarlari bizgacha yetib kelgan.
Sheʼriyat sohasida ham olim samarali ijod etib, yozgan asarlarining koʻp qismini nazmga solgan. Jumladan, „Kitob al-qand“da keltirgan hadislaridan aksarini oʻz tili bilan sheʼriy uslubda ham sharhlab oʻtadi. Yuqorida nomi zikr etilgan fiqhga oid „Al-Manzuma an-nasafiya fi-l-xilofiyot“ asari esa toʻligʻicha nazmiy usulda yozilgan.
Nasafiy oʻzi asar yozish bilan birga boshqa olimlarning kitoblaridan ham dars bergan. Masalan, 1137-yilda Samarqanddagi „Ku-yi Muqotil“, „Ku-yi namdon-giron“ nomli masjidla¬rda va oʻz masjidida (masjid Abi Hafs Nasafiy) hamda „Tabgʻoch-xon“ madrasasida hadis ilmi toliblariga quyidagi asarlarni imlo qildi:
„Kitob at-tavorix va-l-ansob“ („Tarix va nasablar kitobi“);
„Tasmiyat ashob al-mukarrama alo tartib al-huruf al-mu’jama“ („Muhtaram yaqinlar ismlarining alifbo tartibidagi qomusi“);5 „Tarix al-xulafo al-qoimin baʼda-l-xulafo ar-roshidin“ („Xulafoi roshidindan keyin hukm surgan xalifalar tarixi“);
„Nasab mashohir aimmat ad-din va tavorixuhum“ („Din imomlaridan mashhurlarining nasab va tarixlari“);
„as-Sab’iyot as-sam’iyot“ („Tinglangan yettiliklar“; bu kitob oʻz ichiga 360 ta hadis matnini jam qilgan);
„Kitob al-xutab al-jiyod li-l-juma va-l-aʼyod“ („Jum’a va iyd uchun sara xutbalar“).
Nasafiyning baʼzi asarlari shuhrat qozonganini, ularga koʻplab sharhlar bitilganidan ham bilish mumkin. Olim asarlaridan bizgacha yetib kelganlarining soni oʻndan oshadi. Bu asarlar kelajakda Nasafiyning serqirra ijodining turli yoʻnalishlarini mufassal oʻrganishga yetarli asos boʻlib xizmat qila oladi.
Xulosa qilib aytish mumkinki, Nasafiy oʻz davrining taniqli olimi boʻlib, turli ilm sohalarida faoliyat yuritdi. U qoldirgan boy maʼnaviy meros asrlar osha Oʻrta Osiyo xalqlari maʼnaviyatini koʻtarishga xizmat qildi. Ayni kunda ham bu xazina oʻz qadr-qimmatini yoʻqotmadi, balki xalqlar, xususan, yoshlar orasida ilm-maʼrifat nurlarini sochib, tarix zarvaraqlarini yoritmoqda.[2]