2-§. Elektron do‘kondan foydalanish 13. Elektron do‘kon ishtirokchilarning takliflaridan shakllantiriladi. Ishtirokchining elektron do‘konga qo‘yilgan taklifi buyurtmachilarga yuborilgan ommaviy ofertadir.
14. Qonunning 43-moddasi ikkinchi qismiga muvofiq elektron do‘konda quyidagi davlat xaridlari amalga oshirilishi mumkin:
Oldingi tahrirga qarang. bir shartnoma bo‘yicha bazaviy hisoblash miqdorining ikki yuz ellik baravaridan (budjet buyurtmachilari uchun bazaviy hisoblash miqdorining yigirma besh baravaridan) oshmaydigan, biroq bir yilda bir buyurtmachi uchun bazaviy hisoblash miqdorining ikki ming besh yuz baravari miqdordagi summadan ko‘p bo‘lmagan tovarlar;
bir buyurtmachi uchun bazaviy hisoblash miqdorining yigirma besh baravaridan oshmaydigan miqdordagi ishlar, xizmatlar.
(14-bandning ikkinchi va uchinchi xatboshilari O‘zbekiston Respublikasi moliya vazirining 2020-yil 24-fevraldagi 7-sonli buyrug‘i (ro‘yxat raqami 3016-3, 13.04.2020-y.) tahririda — Qonun hujjatlari ma’lumotlari milliy bazasi, 13.04.2020-y., 10/20/3016-3/0460-son) 15. Ishtirokchi elektron do‘konga joylashtirilgan o‘z taklifida quyidagilarni ko‘rsatadi:
taklif etilayotgan tovarning (ishning, xizmatning) nomi;
sotish narxi;
tovarning eng ko‘p va eng kam to‘pi;
tovarning rusumi va texnik parametrlari (texnik pasport yoki boshqa hujjat asosida);
tovarning fotosurati;
tovar yetkazib beriladigan (ish bajariladigan, xizmat ko‘rsatiladigan) hudud;
tovarni ishlab chiqaruvchi va tovar kelib chiqqan mamlakat to‘g‘risidagi axborot;
kafolat shartlari va muddati to‘g‘risidagi axborot;
tovar ishlab chiqarilgan yil;
tovarning yaroqlilik muddati;
ishni bajarish, xizmatni ko‘rsatish muddati;
zarur bo‘lganda, litsenziya, ruxsat etish xususiyatiga ega boshqa hujjat yoki sertifikat mavjudligi to‘g‘risidagi axborot.
16. Ishtirokchi elektron do‘konda joylashtirilgan axborotning ishonchliligi bo‘yicha to‘liq javobgar bo‘ladi.
17. Ishtirokchining ofertasi u elektron do‘konga joylashtirilgan paytdan boshlab o‘n besh kalendar kun mobaynida amal qiladi. Ushbu muddat tugaganidan so‘ng ishtirokchi uni yana o‘n besh kalendar kunga aktivlashtirishi mumkin.
18. Oferta buyurtmachi tomonidan akseptlangunga qadar ishtirokchi ofertani har qanday muddatda chaqirib olishi yoki unga tuzatishlar kiritishga haqli.
19. Buyurtmachi elektron do‘konda ishtirokchilarning ofertalarini o‘rganish yo‘li bilan o‘zi uchun zarur bo‘lgan tovarni (ishni, xizmatni) tanlaydi va tovar (ish, xizmat) tanlangach, xarajatlar moddasini belgilagan holda narxlar so‘rovi mexanizmidan foydalanadi.
Oldingi tahrirga qarang. 191. Davlat buyurtmachilari elektron do‘konning qo‘shimcha sahifasidan foydalangan holda, davlat xaridlarini hududlar (Qoraqalpog‘iston Respublikasi, viloyatlar va Toshkent shahri) kesimida mahalliy ishlab chiqaruvchilar (ish bajaruvchilar, xizmat ko‘rsatuvchilar) o‘rtasida amalga oshirishi mumkin.
Bunda, elektron do‘konning qo‘shimcha sahifasidan foydalanish quyidagi ketma-ketlikda amalga oshiriladi:
buyurtmachi elektron do‘konda “milliy do‘kon” yacheykasini tanlaydi;
elektron tizim buyurtmachi joylashgan hudud bo‘yicha mahalliy ishlab chiqaruvchilarning (ish bajaruvchilarning, xizmat ko‘rsatuvchilarning) takliflari joylashtirilgan qo‘shimcha sahifani ochadi.
“Milliy do‘kon” yacheykasining “qidiruv” tugmasidan foydalanilganda elektron tizim buyurtmachi joylashgan hududdagi mahalliy ishlab chiqaruvchilar (ish bajaruvchilar, xizmat ko‘rsatuvchilar) tomonidan yetkazib beriladigan tovarni (ishni, xizmatni) qidiradi.
Elektron do‘konning qo‘shimcha sahifasida xarid qilish tartib-taomili yakuniga ko‘ra tovar (ish, xizmat) mavjud emasligi sababli shartnoma tuzilmagan bo‘lsa, davlat buyurtmachisi elektron do‘konning asosiy sahifasidan foydalanmasdan mustaqil ravishda tanlangan yetkazib beruvchi bilan to‘g‘ridan to‘g‘ri shartnoma tuzishga haqli emas.
(191-band O‘zbekiston Respublikasi moliya vazirining 2020-yil 24-fevraldagi 7-sonli buyrug‘iga (ro‘yxat raqami 3016-3, 13.04.2020-y.) asosan kiritilgan — Qonun hujjatlari ma’lumotlari milliy bazasi, 13.04.2020-y., 10/20/3016-3/0460-son) Oldingi tahrirga qarang. 20. Portal avtomatik rejimda, narxlar so‘rovi mexanizmini amalga oshirgan holda ofertani taklif etgan ishtirokchiga hamda elektron do‘konda o‘xshash tovarlarni (ishlarni, xizmatlarni) taklif etayotgan barcha ishtirokchilarga xarid qilish tartib-taomilida ishtirok etish to‘g‘risida takliflar yuborilishini ta’minlashga majbur.
(20-band O‘zbekiston Respublikasi moliya vazirining 2019-yil 11-martdagi 36-son buyrug‘i (ro‘yxat raqami 3016-1, 22.04.2019-y.) tahririda — Qonun hujjatlari ma’lumotlari milliy bazasi, 22.04.2019-y., 10/19/3016-1/2984-son) Oldingi tahrirga qarang. 201. “Milliy do‘kon” orqali xaridlarni amalga oshirishda elektron tizim narxlar so‘rovi mexanizmini faqat buyurtmachi joylashgan hududdagi (Qoraqalpog‘iston Respublikasi, viloyatlar va Toshkent shahri) mahalliy ishlab chiqaruvchilar (ish bajaruvchilar, xizmat ko‘rsatuvchilar) orasida yuborilishini ta’minlaydi.
(201-band O‘zbekiston Respublikasi moliya vazirining 2020-yil 24-fevraldagi 7-sonli buyrug‘iga (ro‘yxat raqami 3016-3, 13.04.2020-y.) asosan kiritilgan — Qonun hujjatlari ma’lumotlari milliy bazasi, 13.04.2020-y., 10/20/3016-3/0460-son) 21. Narxlar so‘rovi mexanizmi, buyurtmachiga o‘xshash tovarlarni (ishlarni, xizmatlarni) taklif etayotgan ishtirokchilardan pastroq narxni so‘rash imkoniyatini taqdim etadigan elektron tizimning funksiyasidan iborat .
22. Ishtirokchilar narxlar so‘rovida ishtirok etish to‘g‘risidagi taklif portal tomonidan yuborilgan paytdan e’tiboran qirq sakkiz soat ichida o‘z takliflarini berishga haqli.
23. Ishtirokchilarning manziliga yuborilayotgan narxlar so‘rovida ishtirok etish to‘g‘risidagi taklif buyurtmachi tomonidan tanlangan ishtirokchining ofertasiga havolani o‘z ichiga oladi.
Ishtirokchilar narxlar so‘rovida ishtirok etish haqidagi taklifni olgan vaqtdan boshlab buyurtmachi tomonidan tanlangan oferta narxidan pastroq narx bo‘yicha taklif kiritishga haqli.
Oldingi tahrirga qarang. 24. Korporativ buyurtmachilar va ishtirokchilar xaridlarni elektron do‘konda tartib-taomili orqali amalga oshirishdan oldin HKKPdagi shaxsiy hisobvarag‘iga ishtirokchi oferta qiymatining 3 foizi miqdoridagi zakalatni joylashtiradi.
(24-band O‘zbekiston Respublikasi moliya vazirining 2019-yil 11-martdagi 36-son buyrug‘i (ro‘yxat raqami 3016-1, 22.04.2019-y.) tahririda — Qonun hujjatlari ma’lumotlari milliy bazasi, 22.04.2019-y., 10/19/3016-1/2984-son) 25. Agar narx so‘rovi mobaynida ishtirokchi tomonidan taklif qilingan narx buyurtmachi tomonidan tanlangan narxdan 15 va undan ortiq foizga past bo‘lsa, ishtirokchi buyurtmachi tomonidan tanlangan ofertaning narxi va o‘zi tomonidan taklif etilgan narxning farqi miqdoridagi qo‘shimcha zakalatni xarid predmetining har bir birligi uchun oldindan kiritishi shart.
Qo‘shimcha zakalat mavjud bo‘lmagan taqdirda ushbu takliflar elektron tizim tomonidan avtomatik ravishda rad etiladi.
26. Ishtirokchilar tomonidan berilgan narx bo‘yicha takliflarni taqqoslash portal tomonidan avtomatik rejimda amalga oshiriladi.
27. Ishtirokchilar to‘g‘risidagi ma’lumotlardan buyurtmachi yoki ishtirokchilar yakuniy natijalar e’lon qilinguniga qadar foydalana olmaydi. Ijrochining nomi va uning taklif qilgan narxi g‘olib aniqlangan paytda portalda aks ettiriladi.
28. Portal shartnomani buyurtmachi tomonidan tanlangan ishtirokchining ofertasida bayon etilgan shartlarga muvofiq hamda ishtirokchilar tomonidan taklif etilgan eng past narxda shakllantiradi.
29. Portal tuzilgan bitimni ro‘yxatga oladi, buyurtmachi va ishtirokchining shaxsiy hisobvarag‘idan operatorning vositachilik haqini yechib oladi. Bitimni ro‘yxatga olish elektron tizim tomonidan shartnomani shakllantirish va unga o‘ziga xos raqam berish bilan amalga oshiriladi.
30. Portalda ro‘yxatdan o‘tkazilgan ishtirokchilarning hech biri dastlabki taklifdan pastroq narxni taklif qilmasa, portal buyurtmachi va ijrochi o‘rtasidagi bitimni ro‘yxatdan o‘tkazadi.
31. Xarid qilish tartib-taomili yakuniga ko‘ra elektron do‘konda tovar (ish, xizmat) mavjud emasligi sababli shartnoma tuzilmagan bo‘lsa, buyurtmachi mustaqil ravishda tanlangan yetkazib beruvchi bilan shartnoma tuzish orqali to‘g‘ridan to‘g‘ri xaridni amalga oshirishga haqli. Bunda ushbu Nizomning 14-bandida belgilangan davlat xaridlarining summalarga oid mezonlari amal qiladi.
32. To‘g‘ridan-to‘g‘ri xarid natijasida tuzilgan shartnoma u tuzilgan sanadan e’tiboran uch kundan kechiktirmay portalga joylashtirilishi lozim. To‘g‘ridan-to‘g‘ri xarid uchun javobgarlik buyurtmachining zimmasida bo‘ladi.