O‘q skeleti. O‘q suyaklari – parrandalarda ham bo‘yin, ko‘krak, bel, dumg‘aza va dum bo‘limlaridan iborat. Bo‘yin umurtqalari tovuqlarda 13 – 14, urdaklarda 14 – 15, g‘ozlarda 17 – 18, strauslarda 18 – 20, oq qushlarda 23 – 25 ta bo‘ladi.
Ko‘krak bo‘limi tovuqlarda 7 ta, urdaklarda 9 ta umurtqadan iborat bo‘lib, 1- va 2-umurtqa oralig‘i egarsimon bo‘gimli, 6-ko‘krak umurtqasi va 5-, 7-umurtqalar bilan harakatchan birikkan. 7-ko‘krak umurtqasi 1-bel umurtqasi bilan birikib ketgan.
To‘sh suyagi – sternum, plastinkasimon bo‘lib, yaxshi rivojlangan. To‘sh suyagi ko‘krak qafasining pastki qismida joylashib, ichki yuzasi qayrilgan, tashqi yuzasi qavariq bo‘ladi.
Ko‘krak qafasi parrandalarda konussimon bo‘lib, orqa tomonga kengaygan.
Bel – dumg‘aza bo‘limi bir – biriga chambarchas birikkan, soni 2 – 14 tagacha, umurtqalar birlashib bel – dumg‘aza suyagi – os.lumbosacrale ni hosil qiladi
Dum umurtqalari – tovuqlarda 5 ta, urdak va g‘ozlarda 7 ta, harakatchan birikib lemex shaklida yuqoriga ko‘tarilgan bo‘ladi.
Bosh suyagi - parrandalarda kichik va engil miya suyaklari bir – biriga sezilarsiz qo‘shilib ketgan, urdak va g‘ozlar jujasining ensa oblastida ikkita miya bo‘laklari aniq ko‘rinib turadi. Miya bo‘lim suyaklariga: ensa, ponasimon, tepa, chakka, peshona, ko‘z yoshi, panjarasimon suyaklar kiradi.
Oyoq suyaklari. Oyoq suyaklaridan kamar suyaklari tuzilishida juda katta farq mavjud. Yelka kamar suyaklarida reptiliyalarnikiga o‘xshash uchta: kurak, umrov va korakoid suyaklar bor.
Kurak suyagi – scapula, uzun plastinka shaklida, umurtqalar yonida joylashadi. Uning oldingi qismi o‘mrov va korakoid suyaklar bilan birlashadi.
Korakoid suyak – os. coracoideum, parrandalar yelka kamar suyaklarining eng yaxshi rivojlangani hisoblanadi. U yuqori tomondan yelka, kurak suyaklari bilan mahkam bog‘langan.
O‘mrov suyagi – os.claviculae juft suyak bo‘lib pastki tomondan bir – biri bilan birlashib ayri hosil qiladi, u yuqoridan yelka, karakoid va kurak suyaklari bilan birlashadi.
Elka oldi suyaklari – os.antebrachi - tirsak suyagi – os.ulna ancha yaxshi rivojlangan, bilak suyagi – os.radius yupqa va tug‘ri bo‘ladi, suyaklararo bo‘shliq – spatium inberossium bor. Bilakuzuk suyaklari – ossa carpi bir qator suyak bo‘lib, unda uchta suyak bo‘ladi.
Kaft suyagi – ossa metacarpi kaftda uchta (2, 3, 4) suyak bo‘lib, hammasi bir – biriga qo‘shilgan. Barmoq suyaklari qisqarib ketgan, faqat 3-barmoqda ikkita falangda suyaklari bo‘ladi. 2 – 4 barmoqlarda esa bittadan falang bo‘ladi.
Tos kamar suyaklaridagi farq shundan iboratki, o‘tirg‘ich va qovuq suyaklarining pastki qismi ochiq qolgan. Bu esa urg‘ochilari tuxum qo‘yishida (tug‘ishda) katta ahamiyatga ega.
Keyingi oyoqning erkin suyaklaridan son suyagi – os.femoris, qisqa va biroz egilgan, yuqori qismida boshi va bitta dumdog‘i bo‘ladi.
Katta boldir suyagi – os.tibia, yaxshi rivojlangan bo‘lib, uning pastki qismiga tovon suyagi birlashib, katta boldir tovon suyagi – os.tibiatarsi ni hosil qiladi.
Tovon suyaklari alohida bo‘lmaydi. Boldirdan keyin keladigan suyak tovon – uzangi suyagi yoki sevka deyiladi. U suyak yaxshi rivojlangan bo‘lib, 2, 3 va 4 suyaklari birlashib ketgan bo‘ladi.
Parrandalarning keyingi oyog‘ida to‘rtta barmog‘i bo‘ladi. 1–barmoq yuqoriroqda orqada joylashgan bo‘lib, ikkita falang; 2–barmoq uchta falang; 3 – barmoq to‘rtta falang va 4- barmoq beshta falangdan iborat.
Do'stlaringiz bilan baham: |