86
Normurod uni to‘shakka yotqizdi-da, go‘dakka alla aytganday bir
amallab uxlatdi.
Normurodning ozgina irimkashligi ham bor. U ochilgan shishadagi
aroq oxirigacha ichilmasa, cho‘ntakdan baraka ko‘tariladi degan
gapga ishonadi. Shuning uchun yarimlab qolgan “yarimta”ni o‘zi
bo‘shatib qo‘yishga qaror qildi.
Xullas, ayvonda yolg‘iz o‘zi bazm qurib o‘tirgan edi. Kutilmaganda
mehmonxonadan uvullagan ovoz eshitilganday bo‘ldi. U avvaliga
qo‘shnimizning kuchugi uliyotgan bo‘lsa kerak degan xayolda
unchalik e’tibor bermadi. Ammo vahimali ovoz tobora zabtiga olib,
bir chekkada uxlab yotgan xotini ham uyg‘onib ketdi.
– Ichkarida bo‘ri uvullayaptimi?
Mehmonxonada jiyani yotgani esiga tushib, Normurodning kapalagi
uchib ketdi. Xontaxtaning tagida yumalab yotgan bo‘sh shishani
qo‘liga olib o‘sha yoqqa yugurdi. Eshikni sharaqlatib ochib,
mehmonxonaning chirog‘ini yoqdi. Xayriyat, uyda bo‘ri yo‘q ekan…
Unda vahimali ovoz qayerdan kelayotgan ekan? Qavat-qavat
ko‘rpachada yalpayib uxlab yotgan Mirzaboy uyqusida osmonga
qarab uv tortardi.
Odam bolasi chin dildan uvullasa, bo‘ri-yu shoqollar ham uyatdan yer
chizib qolarkan. Mirzaboy ham bu ishning juda hadisini olgan shekili,
cho‘zib-cho‘zib, ohangdor nola qilyapti. Ba’zan nafas olmasdan
biriga ikkinchisini ulab yuboradi. Ovozida cheksiz g‘am-g‘ussa,
hasrat bor. Eshitgan odamning ko‘ngli buzilib, ko‘ziga yosh keladi.
Normurod xotinining oldida juda izza bo‘ldi. Jiyanini turtkilab-
siltalab bir amallab uyg‘otdi.
– Nega uvullaysan? Yoki biron joying og‘riyaptimi? – deb so‘radi
undan.
Kayfi tarqab ulgurmagan Mirzaboy javob o‘rniga qontalash ko‘zlarini
xunuk olaytirib qo‘yib, yana o‘zini to‘shakka tashladi. Normurod bir
tekis yotsa ovozi o‘char degan umidda uning boshidan yostiqni olib
qo‘ydi. Lekin hayal o‘tmay jiyani yoqimsiz xonishini qolgan joyidan
87
davom ettirdi. Uning dastidan Normurod ertalabgacha mijja qoqmay
chiqdi.
Mirzaboy choshgohga yaqin hech narsa bo‘lmaganday bardam-
xushchaqchaq bo‘lib uyg‘ondi. Aftidan, oqshom uvullaganida
ichidagi g‘uborlari yuvilib ketgan bo‘lsa kerak. Lekin Normurodning
ahvoli maqtagulik emas edi. Uyqusizlikdan kallasi battar og‘irlashib,
qovoqlari do‘mbiraday shishib ketgan. Quloqlarining tagida
qovog‘arining g‘o‘ng‘illashiga o‘xshagan shovqin eshitiladi.
Nahorlikda bir-ikki piyola ichsam o‘zimga kelarman deb umid qilgan
edi. Lekin bu tadbir ham kor qilmadi. Mirzaboyning esa battar qulfi-
dili ochilib ketdi. U ancha vaqt bir nimalarni valdirab o‘tirdi, biroq
Normurodning qulog‘iga hech narsa kirgani yo‘q.
Nihoyat Mirzaboy tog‘asining dasturxoni enigayam-bo‘yigayam
kengayishini tilab duo qilib, o‘rnidan turdi.
– Bir-birimizdan uzoqlashib ketmaylik, tog‘a, – dedi u keta turib. –
Vaqt topib siz ham biznikiga yotadigan bo‘lib boring. Miriqib
gurunglashamiz.
– Nasib… – deya g‘o‘ldiradi Normurod yon tomonga qiyshaya
boshlagan kallasini qo‘li bilan to‘g‘rilab qo‘yib.
Mirzaboy u bilan quyuq xayrlashib, uyiga jo‘nadi. Normurod kun
bo‘yi jiyanining ahvolidan qayg‘urib yurdi.
– Odam haddini bilib ichmasa qiyin-da, – dedi u kechqurun xotiniga.
– Sho‘rtumshuq bu ketishda adoyi tamom bo‘ladi. Buguncha mehmon
deb izzatini qildim. Biron kun uyiga borib, yaxshilab nasihat qilib
kelmasam bo‘lmaydiganga o‘xshaydi. Jonday jiyanim, ichim achiydi-
da.
Ko‘p o‘tmay Normurod tog‘alik burchini ado etish uchun jiyaninikiga
yo‘l oldi. Shu ketganicha ertasi kuni shomga yaqin chayqala-chayqala
uyiga kirib keldi. Mirzaboynikida ham mehmondorchilik quyuq
bo‘lgani ko‘rinib turardi.
– Jiyanni rosa tuzladim, – dedi u xotiniga maqtanib. – Biznikida
qilgan bemazagarchiligini… ro‘y-rost betiga aytdim. Odam degan
Do'stlaringiz bilan baham: |