Xalq san’ati, xattotlik, kutubxonachilik va tibbiyot ilmi taraqqiyoti
Qo`qon xonligida hukmdorlarning bosqinchilik urushlari, hisobsiz soliqlar, boylarning zo`ravonligi mehnatkash xalq boshiga cheksiz azob- uqubat keltirgan. Zulm, istibdod zo`raygan sayin ommada fikr mushohada o`tkirlashgan, qat`iyat va g’urur kuchaygan. Bu davrda zulm va zo`ravonlikni fosh etuvchi xalq satirasi yetakchi o`ringa chiqdi. Mashhur qiziqchilarning ko`pchiligi xonlik poytaxti Qo`qonda to`planganligi sababli Qo`qon qiziqchilari truppasi eng mashhuri hisoblangan. Mazkur truppaga XVIII asr oxiri va XIX asrning birinchi yarmida yashab ijod etgan qiziqchi Bidiyorshum asos solgan. U kattagina truppa tuzib, uzoq vaqt unga rahbar bo`ldi. Qo`qon xoni Muhammad Alixon davrida o`tkazilgan katta sayilda ko`rsatgan qiziqchiligi uchun xon unga “sarpolar berib, iltifot qiladi”.
Qiziqchi Bidiyorshum ishini Qo`qon shahrida tashkil topgan Zokir Eshon boshchiligidagi qiziqchilar truppasi davom ettirgan. Mazkur truppada asosan Qo`qon, Marg’ilon shaharlari va ularning atroflaridan to`plangan Sa`di Maxsum, Mulla Hoshim, Usmon qiziq, Abdulhasan Qashg’ariy, Marasul qora, Rahimbek, Halimjon kabi yigirmadan ortiq qiziqchi bo`lgan.
Ma`lumki xon va beklar iste`dodli ashulachi, raqqos, sozanda, qiziqchilarni to`plashga intilgan. Xudoyorxon teatrdan quyidagicha foydalangan: qiziqchi, birinchidan unga huzur bag’ishlasin, uni kuldirsin, ikkinchidan, saltanati, shon-shavkatini bezasin, uchinchidan fe`liga yoqmaganlarni jazolashga yordam bersin, to`rtinchidan, barakasi uchayotgan xazinasini to`ldirishga yordam bersin. “Xudoyorxon masxarabozlarning o`yinlarini, ayiqbozlar va nayrangbozlar tomoshalarini daromad manbaiga aylantirdi” – deb yozadi o`z kitobida N.P.Ostroumov.
Saroyda xizmat qilgan Zokir Eshon truppasining san`ati xalqqa yaqin bo`lgan xalq manfaatlari uchun ijod qilgan. Zokir Eshon Rustam Mehtar o`g’li (1815 – 1892) – o`zbek xalq teatri namoyandalaridan. Bidiyorshumning shogirdi. XIX asrning ikkinchi yarmida Qo`qon o`zbek professional aktyorlar guruhi (“Kasabai sozanda” uyushmasi)ning korfarmoni. Xalq og’zaki komediyalari ijodkori. Uning “Xon hajvi”, “Zarkokil”, “Mozor”, “Avliyo”, “Sirkataroq”, “Hoji kampir”, “Farzand duosi”, “Qalandarlar”, “Darbozlik”, “Kelin tushurdi”, “Mardikor va novvoy”, “Attorlik” kabi komediyalarida kuchli ijtimoiy mavzu ko`tarilib, hayotning salbiy jihatlari fosh qilingan.
Zokir Eshonni XIX asr an`anaviy teatrining eng yirik va qobiliyatli korformoni (rejissyori) deyish mumkin. U eng yirik teatr truppasini tuzib, unga rahbarlik qilish bilan birga hajvkor ijrochi sifatida ham barcha qiziqchilarga namuna bo`ldi.
1871-yilda Xudoyorxonning o`g’li O`rmonbekning to`yi munosabati bilan xonlikda tanilgan barcha sozanda, hofiz, dorboz, raqqos, masxarabozlar to`yga jalb qilingan, jumladan, Zokir Eshon truppasi ham. Xon o`rdada xizmat qiluvchi bu guruhga alohida buyruq beradi: to`y davomida har kuni yangi tomosha ko`rsatish, bir ko`rsatilgan tanqid yoki muqallidni ikkinchi marta qaytarmaslik. Zokir eshon o`zining butun qobiliyati va aqlini ishga soladi. Hamkasblari bilan birga hayotiy hodisalar va ayrim shaxslarning fe`l-atvori zaminida bir qator taqlid, fars va pantomimalar ijod qiladi.
Ayniqsa, bu davrda boshqa hech bir millat ijodida uchramaydigan o`zbek askiya san`ati ham rivojlanib borgan. Askiya (arabcha zakiy – o`tkir zehnli, hozirjavob) – o`zbek xalq og’zaki ijodi turidir. U ikki yoki ziyod kishi o`rtasida sayil, to`y, bayramlarda, sahnalarda ijro etiladigan ma`lum mavzu bo`yicha badiiy so`z tortishuvidir.
Qo`qonda ijod qilgan Normat qiziq sulolasi Zokirjon qiziq guruhida katta qiziqchilardan ta`lim olgan. Keyinchalik o`zi guruh tuzib, unda Ro`zi gov, Ismoil xo`roz, Boymat qiziq, Shomat qiziq kabi ko`plab kulgi ustalari to`plangan edi. Normat qiziq ularga ham rahbarlik, ham ustozlik qilgan. Manbalarga ko`ra, Normat qiziq 360 ta qiziqchilik tomoshasini bilgan va bir yil davomida har kuni yangi tomosha ko`rsatish imkoniga ega bo`lgan.
Toshkentlik xalq qiziqchisi va taqlid ustasi bo`lgan Abdulla fonusning asosiy kasbi fonus yasab sotish bo`lgan. U turli yoshdagi kishilarga, qush va hayvonlarga taqlid qilgan. Taqlidlari ko`pincha achchiq kulgi va hajvdan iborat bo`lgan. Shu yo`l bilan u turmushdagi nohaqlik va qusurlarni qoralagan.
Qo`qonda xalqqa mashhur bo`lgan yana bir necha qiziqchi, bastakor, xonanda va sozandalar faoliyat ko`rsatgan. Bulardan Matxoliq qiziq 1860 – 1872-yillarda Qo`qonda Zokir Eshonning qiziqchilar truppasida ishlagan. Sa`di Maxsum – o`zbek an`anaviy teatrining atoqli namoyandasi, Ismoil naychi – xalq sozandasi, Ashurali Mahram – sozanda, xonanda, bastakor bo`lgan. Ushbu san`atkorlar juda ko`plab shogirdlarni tayyorladilar.
Bundan tashqari xoncaroyida xonning maxsus qo`shiqchilari bo`lib, xo qayerda sunnat to`yi bo`layotganidan xabar topsa, u yerga o`zining musiqachilarini yuborgan. Ularning har biri to`yda bittadan chopon olganlar. Musiqachilar xonga 2 tillodan 5 tillogacha to`lashlari shart bo`lgan.
Manbalarda aytilishicha, Xudoyorxon savdo karvonlari, savdogarlar, sotuvchi va xaridorlardan olinayotgan soliqlar kamlik qilganidek, o`z odamlari yordamida turli xil ayiq o`yinlari, masxarabozlar chiqishlarini tashkil etib, o`z xazinasini to`ldirar edi.
Ayol qiziqchilar (teatri) – o`zbek xotin-qizlari orasida tarqalgan xalq og’zaki san`atining bir turi. XIX asrlarda ko`pgina shahar va qishloqlarda bu san`at katta rol’ o`ynagan. Masalan, Qo`qonda Iqlim dodho ismli san`atkor rahbarligida ayol qiziqchilar guruhi bo`lgan. Ularning repertuari turli xil qiziqchiliklardan, kulgili hikoyalardan, hajviy qo`shiqlardan va yallalardan tashkil topgan. Keyingi davrda ham ayollar qiziqchiligi va uning an`analari davom etib keldi. Ayollar qiziqchiligi mazmuni badiiy vositalari bilan erkak masxaraboz va qiziqchilar tomoshalariga yaqin turgan. Farqi shundaki, ayollar qiziqchiligida ijodkor ham, ijrochi ham, tomoshabin ham ayollar bo’lib, erkaklar rolini ham ayollar o`ynagan.
Qo`g’irchoq o`yin – xalq og’zaki ijodiga hamda badihaga asoslangan ajoyib san`atdir. Uning yozma teksti bo`lmagan. Uzoq yillar kuzatish, mashq qilish, yodlash, malaka hosil qilish orqali muayyan vosita va uslublar bilan ustozdan shogirdga, otadan o`g’ilga, avloddan-avlodga o`tgan.
XIX asrning o`rtalariga kelib bu san`at turi faollashib bordi. Qo`g’irchoqbozlar hukmron tabaqalarga nisbatan o`z munosabatlarini va baholarini dadil hamda oshkora ifoda qila boshladilar.
Manbalarga qaraganda, xonning masxarabozlari ham bozorga kelib, o`z hunarlarini ko`rsatib, bundan yig’ilgan pullar xonning xazinasiga tushgan va oziq- ovqat uchun ishlatilgan.
Bundan tashqari xonning bir qancha o`rgatilgan ayiqlari va itlari bo`lib, bozor kunlari maxsus hayvon o`rgatuvchilar bozorda tomosha qo`ygani uchun ham har biri rastasidan1 tiyindan pul to`lashlari kerak bo`lgan.
Masxaraboz va qiziqchilar ham boshqa san`atkorlar qatorida xalqning madaniy hayotida muhim rol` o`ynab kelgan. XIX asrda masxarabozlarning to`y, bayram, sayil munosabati bilan o`tkaziladigan namoyishkorona yurishlari odat tusiga kirgan. Bu yurishlar xonliklarda har xil tashkil etilgan bo`lsa-da, ularda quyidagi umumiy xususiyatlar mavjudligini ko`rish mumkin: gullar bilan bezatilgan “muqaddas” daraxt, Rustam va xotinining qiyofasi, ajdar qiyofasi, bir guruh “kemachi” o`yinchilar, yog’och otlarga minib olgan bir to`da masxarabozlar, bu o`yinlar bugungi kungacha ham saqlanib qolgan.
Tomoshalar ma`lum tartib bilan birin ketin o`tkazilgan. Keng maydonlarda uyushtiriladigan kunduzgi tomoshalar odatda uloq chopish bilan boshlangan. Ko`pkari qosh qorayguncha davom etgan. Keyin davra kichraytirilib kurash o`tkazilgan, sozanda va raqqoslarning chiqishlari bo`lgan, undan keyin masxarabozlarning ayrim harakatchan, yirik muqallid o`yinlari namoyish qilingan.
Umuman olganda, xonlikdagi masxaraboz va qiziqchilar san`ati xalqchilligi bilan ahamiyatlidir. Ular o`sha davrda xonlikda bo`layotgan voqea-hodisalarga o`z tomoshalari orqali munosabatini bildirganlar. Xalqqa qilinayotgan adolatsizlik va zulmni qattiq tanqid ostiga olganlar.
Xonlik madaniy tarixida qo`shiqchilik san`ati ham alohida o`rin egallaydi. Agar Temur va temuriylar davrida qo`shiqchilik san`ati gurkirab rivojlangan markaz Samarqand bo`lgan bo`lsa, XIX asrda Buxoro va Qo`qon ham shunday markazga aylangan edi.
O`rta Osiyoning xonliklarga bo`linib ketishi bir tomondan, ushbu san`at turidagi umumiylik, birlik va yaxlitlikka putur etkazgan bo`lsa-da, ammo, ikkinchi tomondan, bunday holat qo`shiqchilik san`atida yangicha usul va yo`llar, o`ziga xos yo`nalishlar paydo bo`lishiga olib keldi.
O`rta Osiyoning Turkiya, Afg’oniston, Eron, Xitoy, Moskva davlati, Qozon xonligi kabi davlatlar bilan madaniy-musiqiy, qo`shiqchilik aloqalari ham mustahkam bo`lgan. Davlatlar o`rtasidagi aloqalarda musiqa sozlarini bir-biriga sovg’a qilish ham ancha rivojlangan. Xonliklar boshqa davlatlarga asosan «tulunbas»lar, ya`ni harbiy barabanlar jo`natar edi. Ularning tillolar bilan bezatilganligi, haddan tashqari go`zalligi hamda amaliy foydaliligi boshqa davlatlar tomonidan tan olingandi.
Xulosa sifatida shuni qayd qilishimiz mumkinki, Qo`qon xonligida siyosiy vaziyat og’ir bo`lishiga qaramay madaniy hayotda dorbozlik, qiziqchilik va bastakorlik ravnaq topganini ko`ramiz. Xonlikda turli o`yinlar, xalq tomoshalari, askiya, uloq shuningdek, “Navro`z” va musulmon bayramlari kunlaridagi sayillar aholi kayfiyatiga ijobiy ta`sir ko`rsatgan. Xalq tomoshalarida o`sha davrdagi og’ir turmush tarzi va hukmronlarning o`tkazgan zulmlarini oshkor qilish odat tusiga kirgan. XIX asrning birinchi yarmida Qo`qon xattotlik maktabi rivojlanib borgan bo`lsa, XIX asrning ikkinchi yarmiga kelib, Toshkentda matbaachilik yetakchi o`rinlarni egalladi. Xonlik davrida eng boy va qimmatbaho saroy kutubxonalari vujudga keldi va Sharq kitoblari bilan boyidi. Saroy atrofida olimlar, shoirlar, san`atkorlar bilan bir qatorda yirik xattotlar va madrasalarda esa katta kutubxonalar vujudga kela boshladi. Umarxon, Muhammad Alixon va Xudoyorxon davrida eng katta va qimmatbaho saroy kutubxonalari vujudga keldi va ularda yangi kitoblar ko`payib bordi. Xonlik kutubxonalari nafaqat mahalliy kitoblar balki, Sharq mamlakatlaridan keltirilgan kitoblar bilan ham boyidi.
Do'stlaringiz bilan baham: |