2.Bosim me'yorlari.
Atmosfera bosimini gigiyena me'yori bir atmosferaga teng bo`lib, dengiz sathida, 45o kenglikda 0oS haroratda 760 mm simob ustunini tenglashtiradi. Bu sharoitda atmosfera 1 sm2 yuzaga 1 kg og`irlik bilan bosadi. Atmosfera bosimini ozgina o`zgarishi sog`lom odamlarga unchalik ta'sir etmaydi, sog`liklari yomon odamlarga yomon ta'sir ko`rsatadi.
Past bosim. Yuqoriga ko`tarilish bilan atmosfera bosimi kamayadi shu bilan bir qatorda kislorodni partsial bosimi ham kamayadi. Kislorodning partsial bosimi kamayishi bilan birga gemoglobinni kislorodga to`yinishi kamayadi, odam tanasini kislorod bilan boyishi susayadi. Kamroq 1,5 3,5 km balandlikda kislorodni kamayishi, o`pka harakatini ortishi, yurak faoliyati, eritrotsitlarning samaradorligi hisobiga qoplanib ketadi. Agarda 4 km dan ortiq yuqoriga ko`tarilganda O2 kamayib qolib, gipoksiya holati rivojlanadi. Past bosim ta'siri tog` kasalligi ko`rinishida hosil bo`ladi: havo yetmaslik, yurak urishi, teri qavatlarini rangini oqarishi shilliq qavatlarning rangini oqarishi mushaklarni kuchini kamayishi, bosh aylanishi, ko`ngil aynishi, qusish holatlari kuzatiladi. Tog` kasalligining birinchi belgilari: markaziy asab tizimi faoliyatini buzilishi (xotirani susayishi, diqqat e'tiborni pasayishi), harakat analizatorining holatini susayishi (harakat koordinatsiyasining buzilishi).
Past atmosfera bosimiga moslashish jarayonida tanada ko`pchilik moslashish reaktsiyalari shakllanadi (eritrotsitlar soni oshadi, gemoglobin ko`payadi, tanada oksidlanish jarayonlari o`zgaradi). Yuqoridagi hamma reaktsiyalar odam hayot faoliyatini shu sharoitda me'yorida ta'minlab beradi. Tog` kasalligini oldini olishni asosiy ususllaridan biri tog` sharoitida yoki barokamerada mashq mashg`ulotlarini o`tkazishdir.
Yuqori atmosfera bosimi. Atmosfera bosimi 760 mm simob ustunidan yuqori bo`lgan holatlarga aytiladi. Ba'zi bir mutuxassisliklarda bu asosiy omil hisoblanadi. Masalan, suv ostidagi ishlarda va suv osti kemalarida. Yuqori atmosfera bosimi siqib turayotgan hissiyotni hosil qiladi. Quloqlarda og`riq, nafas chiqarish qiyinlashadi, yurak urishi tezlashadi. Atmosfera bosimi oshganda kislorodni partsial bosimi va azot miqdorini oshishi sodir bo`ladi. Bu odamni tanasiga zaharli ta'sir ko`rsatadi.
Havoning ionizatsiyasi. Havoning tarkibidagi ionizatsiya qiluvchi moddalar ta'siri natijasida gaz molekula va atomlari alohida ionlarga parchalanib ketadi. Natijada yengil (manfiy zaryadlangan, manfiy) va og`ir (musbat zaryadlangan, musbat) aeroionlar hosil bo`ladi. Havoda ionlarning miqdori doimiy bo`lmaydi, har vaqt o`zgarib turadi, chunki ionlar hosil bo`lish jarayoni bilan bir vaqtda ionlar yo`qolish jarayoni ham ketadi. Musbat va manfiy ionlarning qo`shilishi, har xil yuzalarga ionlarning adsorbtsiyasi (nafas olish yo`li, tana yuzasi, kiyim kechaklar va boshqalar), har xil buyumlarga tushishi, havoda osilib turishi (chang, tutun, tuman va boshqalar).
Havoning ionizatsiyalanishi tanadagi ko`pchilik fiziologik holatlarga bog`liq bo`ladi. Yengil ionlarning kontsentratsiyasini ozgina oshishi (3000-5000 1 sm3 havoda) odamni salomatligiga va o`zini ahvoliga yoqimli ta'sir ko`rsatadi. Atmosfera havosida musbat ionlarning sonini oshishi bosh og`rig`i, o`zini yomon his qilish, arterial qon bosimining oshishiga sabab bo`ladi. Aeroionlarning ta'siri natijasida manfiy aeroionlar soni ortsa, umumiy holat yaxshilanadi, uyqu tiniqlashadi, ishtaha ochiladi, vitamin va mineral moddalarning almashinuvi yaxshilanadi, tananing sovuqqa turg`unlik holati ortadi hamda jismoniy ish qobiliyati oshadi.
Do'stlaringiz bilan baham: |