chegarasidan chetga chiqishda sodir etilgan qilmish sifatida baholashda
alohida ahamiyat kasb etadi.
JK da oxirgi zarurat chegarasidan chetga chiqishda sodir etilgan
maxsus jinoyat tarkiblari yo‘qligini qayd etish lozim. Shuning uchun
bunday qilmishlarni tegishli qasddan yoki ehtiyotsizlik orqasidan jinoyat
uchun javobgarlikni ko‘zda tutgan moddalar bo‘yicha malakalab, u oxirgi
zarurat chegarasidan chetga chiqishda sodir etilganligini ko‘rsatish kerak,
bu esa qonun tomonidan yengillashtiruvchi holat sifatida hisobga olinadi
(JK 55-moddasi 1-qismi «e» bandi).
Oxirgi zarurat huquqi har bir insonga uning yoshi, layoqati, ijtimoiy
maqomi va boshqa omillaridan qat’i nazar tegishli bo‘ladi – qonunda bu
jihatdan biror-bir cheklash mavjud emas. Har kim ushbu subyekt
huquqidan ushbu ne’matlarni o‘z kuchi bilan himoya qilish uchun
foydalanishi mumkin, lekin uni amalga oshirmasligi ham mumkin. Ayni
paytda ba’zi shaxslar uchun xavfni bartaraf qilish kasbiy va xizmat burchi
bo‘ladi, masalan, ichki ishlar organlari, davlat xavfsizlik xizmati, yong‘in
xavfsizligi xizmati xodimlari va hokazo. Bu shaxslarga ularning xizmat
yoki kasbiy vazifalarini bajarganida oxirgi zarurat qoidalari taalluqli
bo‘lmaydi, ya’ni ular oxirgi zarurat tufayli, ya’ni bu holda ularning
huquqlari va manfaatlariga zarar yetkazilishi mumkinligi tufayli xavfni
bartaraf qilishdan bosh torta olmaydi, lekin xavfni bartaraf qilishda ichki
ishlar organlari, davlat xavfsizlik xizmati, yong‘in xavfsizligi xizmati
xodimlari va boshqalar uchinchi shaxslar huquqlari va manfaatlariga zarar
yetkazish kerak bo‘lgan vaziyatga duch kelishi mumkin (masalan, yong‘in
ichagini tortib o‘tkazish uchun avtomashina oynasini sindirish), bu holda
ularning harakatlari qaralayotgan moddaning qoidalariga muvofiq
baholanishi lozim.
Ayni paytda oxirgi zarurat chegarasidan chetga chiqish subyektlari
deb, tegishli jinoyat uchun jinoiy javobgarlik yoshiga yetgan va bunday
jinoyat subyektining barcha kerakli alomatlariga ega bo‘lgan layoqatli
jismoniy shaxslar tan olinishi mumkin.
Sud-tergov amaliyotida, ko‘pincha, u yoki bu qilmishni zaruriy
mudofaa holatida sodir etilgan deb malakalashda ma’lum qiyinchiliklar
412
kelib chiqadi. Ayni paytda to‘g‘ri malakalash yetkazilgan zararning
chegarasini aniqlashda katta ahamiyatga ega bo‘lib, jinoiy javobgarlikka
tortilayotgan shaxsning huquqiy maqomiga bevosita ta’sir etadi. Bundan
tashqari, sodir etilgan qilmishning to‘g‘ri malakalanishi JK vazifalariga
erishish, huquqni muhofaza qilish organlarining obro‘si va mavqei
ortishiga xizmat qiladi.
Shu sababli tergov va sud organlari zaruriy mudofaa va oxirgi zarurat
farqlariga e’tibor berishi lozim:
– zaruriy mudofaada shaxs qonun bilan qo‘riqlanadigan huquqlari va
manfaatlarini huquqqa qarshi tajovuzdan himoya qiladi. Oxirgi zaruratda
esa, shaxsning harakatlari faqat huquqqa qarshi tajovuzgina emas, xavf
yuzaga kelishining vaziyati, turli manbalari bilan belgilab beriladi
(masalan, tabiat kuchlari, fiziologik va patologik jarayonlar, mexanizmlar
nosozligi va hokazo);
– oxirgi zarurat holatida qonun bilan qo‘riqlanadigan huquqlar va
manfaatlarga zarar yetkazish tahdid solgan xavfni bartaraf etishning
yagona, oxirgi vositasi bo‘ladi. Zaruriy mudofaada himoya vositalari
mudofaalanuvchi tomonidan tanlanadi va tajovuzning xarakteri va xavfi
darajasiga mos kelishi kerak, bu zarar yetkazishni istisno etmaydi. Zaruriy
mudofaada himoya qilish tajovuzdan qochish mumkin bo‘lganda ham
qonuniy bo‘ladi;
– zarar yetkazilishi mumkin bo‘lgan shaxslar doirasi turlicha.
Jumladan, zaruriy mudofaada zarar faqat (haqiqiy yoki xayoliy)
tajovuzchiga yetkaziladi, oxirgi zaruratda esa faqat uchinchi shaxslar
manfaatlariga, ya’ni xavfni bartaraf etuvchi shaxs tomonidan shu xavfga
daxlsiz deb idrok etilganlarning manfaatlariga yetkaziladi;
– zaruriy mudofaa holatida zararning muvofiqligi yetkazilgan zarar
oldi olingan zarardan kamroq bo‘lishini talab etmaydi – u kamroq, teng
yoki ko‘proq bo‘lishi mumkin. Oxirgi zaruratda zarar yetkazilgan holda u,
albatta, oldi olingan zarardan kamroq bo‘lishi kerak;
– zaruriy mudofaada himoya qilish faqat faol harakatda ifodalanadi,
oxirgi zaruratda xavfni bartaraf etish ham harakat, ham harakatsizlik orqali
amalga oshirilishi mumkin.
413