IV. Harbiy-professional tanlash 32. O‘zining psixofiziologik xususiyatlariga va sog‘lig‘iga ko‘ra harbiy mutaxassislikning zamonaviy talablariga javob beradigan, zobit kasbini egallashning sabab-asoslariga, yetakchilik fazilatlariga, ichki tuyg‘uga, mustahkam ma’naviy-axloqiy va intellektual salohiyatga ega bo‘lgan nomzodlarni aniqlash harbiy-professional tanlashning asosiy maqsadi hisoblanadi.
33. Quyidagilar harbiy-professional tanlashning asosiy vazifalari hisoblanadi:
taqdim etilgan hujjatlarni va nomzodni tavsiflovchi materiallarni o‘rganish;
nomzodning kompyuter texnikasini va axborot-kommunikatsiya texnologiyalarini egallab olganligi, orfografik va punktuatsion savodxonligi darajasini, sog‘lig‘ining holatini har tomonlama va xolisona baholash;
oliy harbiy ta’lim muassasasiga kiruvchi nomzodlarning psixofiziologik xususiyatlarini o‘rganish;
nomzodlarni test sinovlariga qo‘yish to‘g‘risida uzil-kesil qaror qabul qilish (yakka tartibdagi yakuniy suhbat natijalari bo‘yicha).
34. Harbiy-professional tanlash oliy harbiy ta’lim muassasasida o‘tkaziladi, tanlash davomida quyidagi tadbirlar tashkil etiladi va o‘tkaziladi:
hujjatlarni o‘rganish;
psixofiziologik o‘rganish;
tibbiy ko‘rikdan o‘tkazish;
yozma ish (diktant, bayon, insho);
kompyuter texnikasini va axborot-kommunikatsiya texnologiyalarini egallab olganlik darajasini tekshirish;
yakka tartibdagi yakuniy suhbat.
Oldingi tahrirga qarang. O‘zbekiston Respublikasi Mudofaa vazirligi oliy harbiy ta’lim muassasalariga harbiy-professional tanlashni o‘tkazishda yozma ish va yakka tartibdagi yakuniy suhbat o‘rniga umumta’lim fanlarini bilish bo‘yicha yozma imtihon o‘tkaziladi.
(34-band O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2019-yil 5-iyuldagi 562-sonli qaroriga asosan sakkizinchi xatboshi bilan to‘ldirilgan — Qonun hujjatlari ma’lumotlari milliy bazasi, 08.07.2019-y., 09/19/562/3387-son) Harbiy-professional tanlash tadbirlarini o‘tkazish tartibi mansubligi bo‘yicha vazirliklar va idoralar tomonidan belgilanadi.
35. Hujjatlarni o‘rganish nomzod to‘g‘risida taqdim etilgan hujjatlar va ma’lumotlarning belgilangan talablarga muvofiqligini tekshirish usuli bilan o‘tkaziladi.
36. Psixofiziologik o‘rganish oliy harbiy ta’lim muassasasining o‘ziga xosligi hisobga olingan holda, vazirliklar va idoralar tomonidan belgilangan metodika bo‘yicha, tegishli mutaxassislar tomonidan tashkil etiladi va o‘tkaziladi.
Psixofiziologik o‘rganish natijalari yakka tartibdagi yakuniy suhbat davomida qaror qabul qilishda hisobga olinadi.
37. Tibbiy ko‘rikdan o‘tkazish tegishli vazirlik, idoraning buyrug‘i bilan tasdiqlanadigan, tibbiyot mutaxassislaridan maxsus shakllantiriladigan harbiy-tibbiy komissiyalar tomonidan o‘tkaziladi.
Nomzodlarni tibbiy ko‘rikdan o‘tkazish Tibbiy ko‘rikdan o‘tkazish to‘g‘risidagi nizomga muvofiq o‘tkaziladi.
Tibbiy ko‘rikdan o‘tkazish natijalari bo‘yicha sog‘lig‘iga ko‘ra nomzodning oliy harbiy ta’lim muassasasida o‘qishga yaroqliligi darajasi to‘g‘risida xulosa chiqariladi.
Sog‘lig‘ining holatiga ko‘ra oliy harbiy ta’lim muassasasida o‘qishga yaroqsiz deb hisoblangan nomzodlar tanlashning keyingi tadbirlariga qo‘yilmaydi.
38. Yozma ish vazirliklar va idoralarning tegishli mutaxassislari jalb etilgan holda, diktant (bayon yoki insho) yozish yo‘li bilan nomzodning orfografik va punktuatsion savodxonligini baholash maqsadida amalga oshiriladi.
Yozma ishni o‘tkazish metodikasi vazirliklar va idoralar tomonidan ishlab chiqiladi.
Yozma ish natijalari yakka tartibdagi yakuniy suhbat davomida qaror qabul qilishda hisobga olinadi.
39. Kompyuter texnikasi va axborot-kommunikatsiya texnologiyalarini egallab olganlik darajasini tekshirish shaxsiy kompyuterdan foydalanuvchi darajasida, idora dasturiy ilovalari bilan, Internet tarmog‘ida, lokal va korporativ tarmoqlarda ishlash va tashkiliy texnikadan foydalanish bo‘yicha nomzodning ko‘nikmalarini baholash maqsadida o‘tkaziladi.
Kompyuter texnikasi va axborot-kommunikatsiya texnologiyalarini egallab olganlik darajasini tekshirish metodikasi vazirliklar va idoralar tomonidan ishlab chiqiladi.
Kompyuter texnikasi va axborot-kommunikatsiya texnologiyalarini egallab olganlik darajasini tekshirish natijalari yakka tartibdagi yakuniy suhbat davomida qaror qabul qilishda hisobga olinadi.
40. Yakka tartibdagi yakuniy suhbat nomzodning oliy harbiy ta’lim muassasasiga o‘qishga kirishi sababini, yetakchilik fazilatlarini, aqliy qobiliyatlari va boshqa muhim professional fazilatlarini aniqlash maqsadida yagona metodika bo‘yicha psixofiziologik o‘rganish, yozma ish natijalari, kompyuter texnikasi va axborot-kommunikatsiya texnologiyalarini egallab olganlik darajasini tekshirish natijalari asosida o‘tkaziladi.
Yakka tartibdagi yakuniy suhbat kollegial prinsip bo‘yicha, oliy harbiy ta’lim muassasalarining qabul komissiyalari tomonidan o‘tkaziladi.
Yakka tartibdagi yakuniy suhbatni o‘tkazish metodikasi oliy harbiy ta’lim muassasasida ta’lim yo‘nalishlarining o‘ziga xosligi hisobga olingan holda tegishli vazirliklar va idoralar tomonidan ishlab chiqiladi.
Yakka tartibdagi yakuniy suhbat natijalari bo‘yicha nomzodni O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasiga huzuridagi Davlat test markazi tomonidan o‘tkaziladigan test sinovlarini topshirishga qo‘yish to‘g‘risida uzil-kesil qaror qabul qilinadi.