V. Test sinovlari
Oldingi tahrirga qarang.
41. Oliy harbiy ta’lim muassasalarida test sinovlari O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasiga huzuridagi Davlat test markazi tomonidan har yili 5-iyulda o‘tkaziladi.
(41-bandining birinchi xatboshisi O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2016-yil 16-iyundagi 209-sonli qarori tahririda — O‘R QHT, 2016-y., 25-son, 306-modda)
Oldingi tahrirga qarang.
(41-bandning ikkinchi xatboshisi O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2019-yil 5-iyuldagi 562-sonli qaroriga asosan chiqarilgan — Qonun hujjatlari ma’lumotlari milliy bazasi, 08.07.2019-y., 09/19/562/3387-son)
Oliy harbiy ta’lim muassasalarida test sinovlarini o‘tkazish tartibi O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi huzuridagi Davlat test markazi tomonidan belgilanadi.
Zarur shart-sharoitlar yaratish, test sinovlarini tashkil etish uchun javobgarlik, joylarda ularni belgilangan qoidalarga qat’iy rioya qilgan holda adolatli o‘tkazish mahalliy davlat hokimiyati organlariga, oliy harbiy ta’lim muassasalari boshliqlariga, O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi huzuridagi Davlat test markazining vakillariga, qabul komissiyalarining raislariga va ular tomonidan tayinlangan auditoriyalar rahbarlariga yuklanadi.
Oliy harbiy ta’lim muassasasida test sinovi o‘tkaziladigan kunda auditoriyaning rahbari va kuzatuvchisiga vazirliklar va idoralarning budjetdan tashqari mablag‘lari hisobiga, belgilangan tartibda, pul mablag‘lari to‘lanadi.
42. Nomzod umumta’lim muassasalarida chet tili sifatida ingliz, nemis yoki fransuz tillarini o‘rgangan taqdirda chet tili bo‘yicha test sinovlari topshiradi.
Umumta’lim muassasalarida boshqa chet tili (ispan, arab, fors, dari, hind, urdu, xitoy, koreys, uyg‘ur va boshqa tillar) bo‘yicha o‘qigan taqdirda nomzod test sinovlari o‘rniga ushbu Nizomga 3-ilovada nazarda tutilgan tartibda oliy harbiy ta’lim muassasalarida yagona ko‘p balli imtihon tizimi bo‘yicha chet tilidan imtihon topshiradi.
Nomzod oliy harbiy ta’lim muassasasiga o‘qishga kirish uchun berilgan arizada (bildirgida) qaysi chet tilidan imtihon topshirishini ko‘rsatadi.
43. Chet tillari bo‘yicha imtihonni baholash mezonlari oliy harbiy ta’lim muassasasi tomonidan ishlab chiqiladi hamda mansubligi bo‘yicha vazirlik, idora tomonidan tasdiqlanadi.
44. Test sinovlari bloklari oliy harbiy ta’lim muassasalarining ta’lim yo‘nalishlari ro‘yxatiga muvofiq O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasiga huzuridagi Davlat test markazi tomonidan O‘zbekiston Respublikasi Oliy va o‘rta maxsus ta’lim vazirligi hamda manfaatdor vazirliklar, idoralar bilan birgalikda ishlab chiqiladi va O‘zbekiston Respublikasi ta’lim muassasalariga qabul qilish bo‘yicha Davlat komissiyasi tomonidan tasdiqlanadi.
Test topshiriqlari umumiy o‘rta, o‘rta maxsus, kasb-hunar ta’limi umumta’lim fanlarining o‘quv dasturlariga muvofiq ishlab chiqiladi.
45. Test topshiriqlari bo‘yicha savollar kitobiga ta’lim yo‘nalishlariga muvofiq belgilangan fanlar bo‘yicha savollar kiritiladi.
Test topshiriqlarini echish vaqti 36 ta savolga 1 soat hisobidan ajratiladi.
Test sinovlari boshlangunga qadar nomzodlar 30 daqiqa mobaynida javoblar varaqalarini to‘ldirish qoidalari bilan tanishtiriladi va ular tomonidan tegishli bo‘limga o‘zi to‘g‘risidagi shaxsiy ma’lumotlar kiritiladi. Ushbu vaqt test sinovlarini echish uchun ajratilgan vaqtning umumiy hajmiga kirmaydi.
Auditoriyada test sinovlari to‘g‘ri tashkil etilishini, adolatli o‘tkazilishini, uni o‘tkazish talablariga so‘zsiz rioya qilinishini ta’minlash yuzasidan shaxsiy javobgarlik auditoriyalarning rahbarlari va kuzatuvchilariga yuklanadi.
Nomzodlar test sinovlarini topshirish uchun soat 8.30 gacha auditoriyaga qo‘yiladilar, test sinovlari soat 9.00 da boshlanadi.
Javoblar varaqasi nomzodlar tomonidan ko‘k rangli sharikli ruchka bilan to‘ldiriladi. Javoblar varaqasini to‘ldirish uchun qo‘shimcha ravishda 20 daqiqa vaqt ajratiladi.
Javoblar varaqasi to‘ldirilganligining to‘g‘riligi uchun shaxsan nomzod javob beradi. Javoblar varaqasida tegishli doiralarni noto‘g‘ri belgilagan nomzodlarning e’tirozlari ko‘rib chiqilmaydi.
Nomzodlarning uyali telefonlarni va boshqa aloqa vositalarini o‘zi bilan olib kirishi va ulardan foydalanishi qat’iyan taqiqlanadi.
Nomzod tomonidan test sinovlariga mikrokalkulyatorlar, lug‘at, jadvallar, kitoblar, uyali telefon, kompyuter, telekommunikatsiya vositalari va shpargalkalar olib kirilishi, test sinovi paytida test materiallarini boshqa nomzodga berish, savollar kitobi varaqlarini yaroqsiz holga keltirish test sinovlarini o‘tkazish tartibini buzish deb hisoblanadi, bu haqda tegishli dalolatnoma tuziladi va nomzod test sinovlaridan chetlashtiriladi.
46. Nomzodlarning o‘tkazilgan test sinovlari natijalari O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi huzuridagi Davlat test markazi tomonidan O‘zbekiston Respublikasi ta’lim muassasalariga o‘qishga qabul qilish bo‘yicha Davlat komissiyasiga va tegishli oliy harbiy ta’lim muassasasining qabul komissiyasiga taqdim etiladi.
Oldingi tahrirga qarang.
(46-bandning ikkinchi xatboshisi O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2019-yil 5-iyuldagi 562-sonli qaroriga asosan chiqarilgan — Qonun hujjatlari ma’lumotlari milliy bazasi, 08.07.2019-y., 09/19/562/3387-son)
Belgilangan vaqtda test sinoviga kelmagan nomzodlar uchun qo‘shimcha test sinovlari o‘tkazilmaydi.
Do'stlaringiz bilan baham: |