Nominal quvvat va kanallar
Ozuqa blokini tanlayotganingizda uning maksimal quvvatiga emas, balki nominal quvvatiga e’tibor qaratishingiz kerak. Chunki ozuqa bloki nominalga teng bo‘lgan quvvatni barqaror ravishda uzoq vaqt zo‘riqmay hosil qilib berishi mumkin. Shuni ham e’tiborga olish kerakki, ona plataga ulangan qurilmalar ozuqa blokining bitta yoki bir nechta alohida kanallaridan tok iste’mol qiladi. Ozuqa bloki mana shunday kanallarda har xil kuchlanishda tok hosil qilib beradi. Blokning asosiy qismi +12V kuchlanishli kanallar uchun ishlaydi. Mana shunday kanallarga protsessor, videokarta, vinchester va shu kabi asosiy komponentlar ulanadi. Shuning uchun, ozuqa blokida +12V kuchlanish hosil qilib bera oladigan kanallarning soni va umumiy quvvati ko‘proq bo‘lgani yaxshi.
Bugungi kunda oddiy uy yoki ofis kompyuterlariga o‘rtacha 400-500W quvvatli ozuqa bloklari zarur. Uy sharoitida yuqori grafikali o‘yinlarni o‘ynash uchun esa 450-550W quvvatli ozuqa bloki kerak bo‘ladi. Ba’zi kompyuterlarda ikkitadan videokarta bo‘lib, ular professional geymerlar yoki grafikada ishlovchi mutaxassislar uchun mo‘ljallangan. Bunday kompyuterlarga 600-700W quvvatli ozuqa bloklarini o‘rnatish kerak.
Ozuqa bloklarining turlari
Liniya simlarining ulanish usullariga ko‘ra ozuqa bloklari uch turga bo‘linadi:
1) Standart ozuqa bloklari. Bu oddiy va arzon ozuqa bloki bo‘lib, barcha kabellar u bilan to‘g‘ridan-to‘g‘ri ulangan. Ya’ni, agar biror sabab bilan ozuqa blokini korpusdan yechib olsak, u bilan birga kabellar ham qo‘shilib chiqadi. Kabellarning to‘g‘ridan-to‘gri blokka ulanishi quvvat yo‘qotishlarining oldini oladi. Chunki, bilamizki, ikkita sim ulanganda, ulanish joyida kuchlanish kamayadi. Standart ozuqa bloklarida ana shunday ulanishlar bo‘lmaydi. Kamchiligi esa, kabellar tizim blokida chuvalashib ketadi, tartibsizlik hosil bo‘ladi. Bu esa havo aylanishiga xalaqit beradi.
2) Modulli ozuqa bloklari. Bunday bloklarda kabellar u bilan maxsus standart razyomlar orqali ulanadi. Ya’ni, kabellar alohida, blok alohida ajraladi. Bunday ozuqa blokidan foydalanilganida keraksiz kabellar kamayadi. Chunki, standart ozuqa bloklaridan chiqadigan hamma kabellar bir vaqtda ishlayvermaydi. Modulli bloklarning kamchiligi – kabellar blok bilan razyom orqali ulangani uchun, quvvatning bir qismi yo‘qotiladi.
3) Gibrid ozuqa bloklari. O‘z nomi bilan aytib turibdiki, u gibrid, ya’ni, unda standart va modulli ozuqa bloklarining foydali jihatlari jamlangan. Gibrid ozuqa bloklarida eng kerakli kabellar unga to‘g‘ridan-to‘g‘ri ulangan, qo‘shimcha, keyinchalik ulanishi mumkin bo‘lgan kabellar esa razyom orqali ulanishi mumkin.
Oxirgi so‘zimiz: ozuqa blokining umrini uzaytirish uchun barqaror energiyani ta’minlovchi stabilizator – UPS qurilmalaridan foydalaning.
Do'stlaringiz bilan baham: |