Shaxnoza Qayumova, Samarqand viloyati, Norpay tumani 57-umumta’lim maktabining boshlang‘ich sinflar o‘qituvchisi
Shaxnoza Qayumova — sifatida o‘z kasbiy-mutaxassislik faoliyatiga ijodiy yondashish, har bir o‘quvchining induvidual xususiyatlarini hisobga olib, ta’lim-tarbiya berish g‘oyasini ilgari suradi. AKT hamda Internet tarmog‘i imkoniyatlaridan keng foydalanib, dars o‘tishga intiluvchi iqtidorli o‘qituvchilardan.
Hech kimga sir emaski, bugungi kunda boshlang‘ich sinf o‘quvchilari ham AKT vositalaridan bemalol foydalana oladilar va kompyuterga oid savodxonlik doirasida bilimga ega bo‘lishlari ham mumkin. 1–2 sinf o‘quvchilari ham hatto telefon, planshet kabi ko‘plab zamonaviy vositalardan foydalanish, tovushli va video axborotlarni qabul qilish va uzatish, kompyuter ekranidagi imkoniyatlar bilan ishlash, fayllar tizimi, interaktiv majmualar bilan tanishishni o‘zlashtirib olgan bo‘lishlari ham ehtimoldan holi emas.
Shunday ekan, bunday zamonaviy bilimlarga ega bo‘lgan o‘quvchilarga dars o‘tuvchi o‘qituvchidan ham AKT vositalaridan keng foydalanish, dars jarayoniga tatbiq etish uchun turli loyiha va taqdimotlar tayyorlash hamda o‘quvchilar uchun darsni interaktiv va innovatsion texnologiyalar asosida yanada qiziqarli qilib, taqdim etish talab etiladi. O‘quvchi atrof-olamga oid bilimlar bilan bir qatorda, AKTga oid bilimlarning asosini ham aynan o‘qituvchidan olgani ma’qul deb hisoblayman. Shu bois, bugungi kunda o‘qituvchining AKTga oid va innovatsion texnologik malakalari darajasini muntazam oshirib borish zarurati yuzaga keladi.
Axborot-kommunikatsiya texnologiyalarini ta’lim jarayoniga joriy etishdan maqsad ham aynan o‘quvchilarni zamonaviy axborotlar, texnika vositalari bilan tanishtirish, bu sohada savodxonlik darajalarini oshirish, eng asosiysi, mazkur axborotlardan to‘g‘ri foydalanish malakalarini oshirishdan iboratdir. Boshlang‘ich ta’lim o‘qituvchisi sifatida shuni ta’kidlamoqchi edimki, boshlang‘ich ta’lim o‘quvchi hayotida har bir o‘zlashtirib boradigan bilim va malakalarining poydevori bo‘lib hisoblanadi, shu sababli ham o‘qitish sifati boshlang‘ich sinflar o‘qituvchisi zimmasiga katta mas’uliyat yuklanadi.
Ta’lim jarayoniga AKTning joriy etilishi o‘qituvchiga kasbiy-mutaxassislik faoliyatida rivojlanib, katta bilim va tajribaga ega bo‘lib borishida muhim ahamiyatga ega.
Boshlang‘ich sinflar o‘qituvchisini boshqa fanlar o‘qituvchilariga nisbatan ta’lim sohasining eng universal mutaxassisi deyish mumkin. Uning asosiy vazifalari qatoriga o‘quvchi-bolalarga o‘qish, yozish, matematik tushunchalar asoslari va atrof-olam haqidagi dastlabki bilimlarni berish, shuningdek, ularda umumiy ta’limga oid dunyoqarash va kommunikativ salohiyatlarini shakllantirishdek hayotiy muhim masalalar ham kiradi. Fanlarga oid yangi bilimlarni egallab borishda ham kompyuter va raqamli texnologiyalardan foydalanish katta imkoniyatlarni taqdim etadi. Raqamli ta’limiy resurslar yordamida o‘qituvchi o‘quv materialining ko‘rgazmaliligini, qiziqarliligi va samarasini oshirishi mumkin, ayniqsa, o‘quv materialining ko‘rgazmaliligidan foydalanish boshlang‘ich sinflar o‘qituvchisiga juda qo‘l keladi.
Bundan tashqari, AKTdan foydalanish turli tadbirlar o‘tkazishda ham muhim ahamiyat kasb etadi. Yaqinda ta’lim muassasamizda ham shunday tadbirlardan biri — «Sog‘lom ona va bola yili»ga bag‘ishlab, «Biz sog‘lom farzandlarmiz» nomli tadbir o‘tkazdik. Bayramona ruhda o‘tkazilgan tadbir mazmuni o‘quvchilarning turli fanlarga, shuningdek, AKTga oid bilimlari tanlovi bilan boyitilgandi. Unda o‘quvchilar zamonaviy AKT vositalarining yosh avlod ta’limi va tarbiyasiga ta’sir etuvchi foydali va zararli jihatlarini aks ettiruvchi chiqishlarni namoyish etdilar. Boshlang‘ich sinflar o‘qituvchilari tomonidan o‘tkazilgan mazkur tadbirni tayyorlashda AKT vositalaridan foydalanish uning yanada qiziqarli o‘tishini ta’minladi.
Xulosa qilib aytganda, AKT imkoniyatlarining joriy etilishi evaziga zamonaviy ta’lim jarayonining samaradorligi va qiziqarliligi yanada oshadi. O‘quvchilarning dunyoqarashini kengaytirishda muhim ahamiyatini ta’kidlagan holda ulardan foydalanish me’yorlarini unutmasligimiz zarur.
Do'stlaringiz bilan baham: |