Ul o’zi sharmanda bo’libdur (E.V.)
(Eski o’zbek tiliga xos birliklar – ila, ul, "-dur".)
6.Differensiatsiya prinsipi (simvolik prinsip). Bu prinsip asosida tuzilgan imlo qoidalariga ko’ra, shakli bir xil bo’lgan so’zlar (omonimlar) yozuvda signalizatorlar (ishora belgilari), diakritik belgilar vositasida yoki bir harf o’rnida boshqa harf ishlatish orqali farqlanadi: atlás (mato) – átlas (geografik atlas), yangi (sifat) – yangi (ravish), taná (gavda) – ta’na (minnat), bandà (qul) – bànda (shayka), urish (urmoq) – urush («jang») kabi. Keltirilgan so’zlarda urg’u () va tutuq (‘) belgilari orfografiyaning differensiatsiya prinsipi talabiga ko’ra qo’llangan; urish va urush so’zlarida esa «i» va «u» harflarining ishlatilishi ham shu prinsipga asoslangan.
7.Shakliy-an’anaviy yozuv. Bu prinsip so’z boshida yoki oxirida ikki undosh qatorlashib kelgan leksik birliklarning imlosini qoidalashtirishga asos bo’ladi. Ma’lumki, o’tmishda turkiy tillarda so’z boshida ikki undosh qatorlashib kelmagan. Shuning uchun boshqa tillardan o’zlashtirilgan ayrim so’zlarning boshida ikki undoshning yonma-yon qo’llanishi uchrasa, ulardan oldin yoki shu ikki undosh orasida bir unlini orttirish odati bo’lgan. Bu odat hozirgi jonli so’zlashuvda ham uchrab turadi: shkaf>ishkop, staj>istaj, drap>dirap, plan>pilon kabi. Ba’zan so’z oxirida ham ikki undosh orasida bir unli orttiriladi yoki undoshlardan biri (so’nggisi) tushirib qoldiriladi: sabr>sabir, nasr>nasir, nashr>nashir, go’sht>go’sh, g’isht>g’ish kabi. Shakliy-an’anaviy yozuv prinsipiga ko’ra bunday paytlarda so’zlar talaffuzi asosida emas, o’zlarining asl shaklini saqlagan holda yoziladi: shkaf, staj, drap, plan, sabr, nasr, nashr, g’isht, go’sht kabi.
Bu prinsipning mohiyati Faxri Kamolov tomonidan «etimologik yoki grafik prinsip» deb nomlangan tamoyil mohiyatiga juda yaqin turadi.59
8.Semantik-uslubiy prinsip: a) semantik prinsip so’z yoki so’z shakllarining imlosini ularning ma’nolariga tayanib belgilaydi. Masalan, lola, po’lat (turdosh otlar) – Lola, Po’lat (atoqli otlar), ishchi («-chi» kasb oti yasovchi) – ish-chi? («-chi»- so’roq yuklamasi), senda («-da»- o’rin-payt kelishigi affiksi)- sen-da! («-da»- kuchaytiruv va ta’kid yuklamasi) kabi; b) uslubiy prinsip asosida tuzilgan imlo qoidalari so’z yoki grammatik shakllarning semantik tarkibidagi uslubiy semalarning nutqdagi faollashuvini yozuvda ifodalash uchun xizmat qiladi. Masalan,ota, ona, vatan, siz, o’zingiz kabi so’zlar yoki grammatik shakllar shu so’zlar (shakllar) orqali ifodalangan shaxslarga yoki tug’ilib-o’sgan yurtga, diyorga alohida hurmat-e’tibor bildirilganda bosh harf bilan yoziladi:Ota, Vatan,Ona,Siz,O’zingiz kabi.Shuningdek, gap ichida Tinchlik, Ozodlik, Mehnat, Baxt kabi so’zlarning ba’zan bosh harf bilan boshlanishi ham uslubiy printsip talablaridan kelib chiqadi. Masalan,Yashasin Ozodlik, Tinchlik kabi.
Og’zaki nutqda so’z ma’nosini kuchaytirish maqsadida so’z tarkibidagi ayrim undoshlarni qavatlantirish (geminatsiya) yoki unlilarni cho’zish kabi holatlar uchrab turadi. Ular yozuvda ham harflarni qavatlantirish orqali ifodalanadi: maza va mazza, yashamagur va yashshamagur, rosa va rossa, opa va opa-a kabi.Bunday holatlar negizida ham uslubiy maqsadlar yotadi.
Bob, abzas, gap boshidagi birinchi so’zning bosh harf bilan boshlanishi ko’proq sintaktik prinsipga tayanadi.
Orfografiyaning semantik-uslubiy prinsiplari V.F.Ivanovaning «принципы русской орфографии» monografiyasida maxsus yoritilgan,60 ammo o’zbek tilshunosligida bu masala hali etarli tadqiq etilmagan.
Amaldagi (kirillcha) o’zbek yozuvi imlo qoidalarining shakllantirilishida fonetik, fonematik va morfologik prinsiplarga ko’proq amal qilingan.
Do'stlaringiz bilan baham: |