Bolalarning intizomli bo`lishida sinf rahbarining xizmati katta. U darsda va darsdan tashqari vaqtlarda turli tarbiyaviy usullardan foydalanib, bolalarda intizomni tarbiyalab boradi, sinfda aniq rejim va ichki tartib o`rnatishga kirishadi; jihozlash, tozalik va tartibni joriy etib boradi. O`quvchilarni bilish faolligini takomillashtirish uchun to`garak, fakultativ mashg`ulotlari jarayonida kengroq foydalanish lozim. Sinf rahbari o`z o`quvchilarining qiziqishi, moyilligi, uy sharoiti haqida ma`lumotlar bilan fan o`qituvchilarini tanishtiradi, bolaga qanday munosabatda bo`lish kerakligi haqida maslahatlar beradi. Hatto, shunday ham bo`ladiki, biror fandan o`zlashtirmayotgan o`quvchi bilan sinf rahbarining o`zi bevosita ish olib boradi. «Ikkalamiz bu topshiriqni bajarmasdan qo`ymaymiz», deb dalda beradi shogirdiga. Kerak bo`lganda, a`lochi o`quvchilarni yoki ushbu fan o`qituvchisini ham ko`makka chaqiradi. Bundan o`quvchini ko`ngli tog`dek ko`tariladi, yolg`iz emas ekanligini tushunadi, topshiriqni o`zlashtirishga harakat, havas uyg`onadi Bolalarda o`quv mehnatiga javobgarlik va mas`ullik hissini tarbiyalash juda muhimdir. Mas`ullikni sezmagan o`quvchi pala-partish o`qiydi. Mas`ullik kishini sergak torttiradi, o`quv faoliyatiga alohida javobgarlik hissi bilan qarashga undaydi Ma`lumki, ongli intizom va mas`uliyat hissini sezish maktabda olib boriladigan tarbiyaviy ishlar tizimining samarasi hisoblanadi.
Sinfning o`zlashtirish masalasi atrofida jamoatchilik fikrining shakllanishi, bu borada sinf devoriy gazetasi imkoniyatlaridan foydalanish yaxshi natijalar beradi.
O`quvchilarni bilimga bo`lgan qiziqishlarini oshirishda ularning nazariy bilimlarini mustaqil ravishda qo`llay bilishlarini hisobga olish ayniqsa muhimdir. Bu tajriba juda ko`p maktablarda muvaffaqiyatli qo`llanilib kelinmoqda. O`quvchilarga biror bir fan bo`yicha ko`rgazmali qurol yoki biror jihoz yasab kelish buyuriladi. Bunda «Agar tirishsang, bu sening qo`lingdan keladi» degan gapni uning qulog`iga quyish kerak. Buni o`quvchi nafaqat oddiy topshiriq, balki o`qituvchining ishonchi sifatida ham qabul qiladi. To`g`risini aytganda, bunday narsalarni yasash uchun o`quvchi yetarli nazariy bilimga ega bo`lishi kerak. O`quvchi topshiriqni puxta qilib bajarishi uchun u yoki bu fan asoslarini o`rganishga, o`z bilimini chuqurlashtirishga harakat qiladi, o`zi yasayotgan o`quv quroliga, ushbu fanga nihoyatda qiziqib qoladi. Shu bilan birgalikda har bir yasalgan narsa zamirida mehnat yotganligini his qiladi, sinf va maktab jihozlarini avaylashga o`rganadi.
Do'stlaringiz bilan baham: |