1-usul. Frontal holda so‘rash. Barcha o‘quvchilarning o‘tilgan dars mavzusini qanday o‘zlashtirgani aniqlanadi. Ularga beriladigan savollar ketma-ket so‘rab boriladi va hamma o‘quvchilarning fikri shunga qaratiladi. Frontal savol-javobda qisqa tanaffusam bo‘lmay, bir savolni bilmagan o‘quvchi to‘xtalib, ikkinchi o‘quvchidan so‘raladi. Savol-javobda butun sinf o‘quvchilari faol ishtirok etadilar.
2-usul.Individual holda so‘rash. O‘quvchilarning ayrimlaridan o‘tilgan fan mavzusini qanchalik chuqur o‘zlashtirgani turli savollar yozilgan yoki rasmlar chizilgan kartochkalar, tarqatma materiallar, test savollaridan foydalanish orqali aniqlanadi. Bunda o‘qituvchi o‘quvchi bilan yakkama-yakka ishlab, uning javobini eshitadi, muhokama qiladi va bilimini baholaydi.
3-usul. Guruhlarga bo‘lgan holda so‘rash. Alohida, har bir qatorda o‘tirgan o‘quvchilar uchun doskaga variant bo‘yicha misol yozib berilib, kim tez, aniq, birinchi bo‘lib javob tayyorlash topshirig‘i beriladi. Ularni dars jarayonida faol fikrlashga o‘rgatadi.
1-misol. Reaksiyani tenglashtiring va turini ayting (7-sinf uchun).
1-qator. Al + O2 = Al2O3 2-qator. Cu(OH)2 = CuO+H2O 3-qator. SaCl2 + NaOH = Ca(OH)2 + NaCl 4-qator. H2SO4 + Zn = ZnSO4 + H2 2-misol. 1-qator. Tartib raqami 26 bo‘lgan elementda proton, elektron va neytron soni nechtaga teng?
2-qator. Protonlar soni 18 bo‘lgan elementning tartib raqami nechchi va bu qaysi element bo‘ladi?
3-qator. Neytronlar soni 14 bo‘lgan element qaysi, undagi proton va elektronlar soni qancha?
4-qator. Elektronlar soni 29 bo‘lgan elementning nomi nima va uning atom og‘irligi nechaga teng?
4-usul. Sinov sistemasini qo‘llash. Bu usulni bir bob yakunidan so‘ng qo‘llash maqsadida muvofiqdir. Bunda o‘qituvchiga yordam berish maqsadida sinf o‘quvchilaridan 4 nafar assistent tayyorlanadi. Ular yordamida butun sinf o‘quvchilaridan so‘rab ulgurilishi kerak.
8-sinf uchun. O‘tilgan materialni o‘quvchilar qanday o‘zlashtirganligini quyidagicha bilib olish mumkin. Assistentlar o‘quvchilarga quyidagi savollar asosida savol-javob qiladilar.
1-savol. Oltingugurt (S)ning davriy sistemadagi o‘rni va tabiatda qanday holatda uchrashini tushuntirib bering?
2-savol. Oltingugurt (S)ning oksidlari haqida nima bilasiz?
3-savol. Konsentrlangan sulfat kislota H2SO4ning Znbilan reaksiyasini oxiriga yetkazing va tushuntirib bering.
4-savol. Sulfat kislota (H2SO4)ning tuzlariga misol keltiring va nima maqsadda ishlatilishini tushuntiring?
Savol-javobdan so‘ng assistentlar o‘qituvchi bilan birgalikda o‘quvchilar bilimini baholashadi. Har bir assistent o‘ziga javob bergan o‘quvchining javobini izohlaydi va qo‘ygan bahosini eshittiradi. Agar o‘quvchi qo‘yilgan bahodan qanoatlanmasa unga qo‘shimcha savol beriladi va baholanadi.