13. Shekspir sonetlari.
Jahon she’riyatida XIII asrda paydo bo‘lgan sonet janri o‘tgan davrlar mobaynida yanada sayqal topib, turli shakllarga ega bo‘ldi. Aslida ilk sonetchilar qadim Provans o‘lkasida yashagan o‘rta asr trubadur (provanscha: trobador — topqir) shoirlar edi. XII asr oxirida Italiyaning Sitsiliya va Toskane viloyatlariga kelib qo‘nim topgan trubadurlar mahalliy shoirlar bilan ijodiy hamkorlikda yangicha she’riy janr — sonet (italyancha: sonetto — aniq qolipli jarangdor she’r)ni kashf qildilar. Keyinchalik ”yangi xushta’b uslub” (italyancha: dolice stil nuovo) deya nom qozongan bu she’riy janrda buyuk Dante sevgilisi Beatrichega bag‘ishlangan ishqiy misralarini bitadi. Uning izdoshi Petrarka ijodida sonet yanada yuksaklikka ko‘tarildi. Shoirning mahbubasi Lauraga bag‘ishlab yozgan sonetlari o‘z muallifi nomini jahon she’riyati shohsupasiga olib chiqdi. XVI asrda sonet Fransiyaga ko‘chib o‘tib, Pyer de Ronsar va dyu Belle singari gumanist shoirlar ijodida yetakchi o‘rin egalladi.
Nihoyat, XVI asr oxirida sonet ingliz she’riyatiga ham kirib keldi. Tomas Uayet, Filip Sidney va Edmund Spenser singari gumanist shoirlar o‘z ijodida sonet janrini yanada takomillashtirdilar. Buyuk shoir va dramaturg Uilyam Shekspir sonetning ”inglizcha shakli”ni yaratish bilan birga, uni ham mazmunan, ham badiiyan yuksak darajaga ko‘tardi. Masalan, Dante va Petrarka davridagi ”klassik sonet” shakli o‘n to‘rt misrali bo‘lib, u ikki qismga — aktava (sakkizlik) va sestata(oltilik)ga bo‘lingan. O‘z navbatida, aktava ikkita to‘rtlikka, sestata esa ikkita uchlik(terseta)ka ajratilgan. Sonetning Shekspir yaratgan yangi shakli ham o‘n to‘rt misra bo‘lsa-da, ko‘rinishi ”klassik sonet”dan birmuncha farq qiladi. Dastavval uchta to‘rtlik, oxirida esa xulosalovchi ikki misra alohida keladi. Qofiyalar o‘rni esa birinchi to‘rtlikda abab, ikkinchisida cdcd, uchinchisida efef va oxirgi ikkilikda gg ko‘rinishida bo‘ladi.
Sonet janri qoidasiga binoan, unda faqat bir syujet ifodalangan bo‘lishi zarur. Dastlabki misradayoq mazmun bayon qilinib, keyingi misralarda u rivojlantiriladi, obrazlar talqini, kontrast holatlar va ishqiy kechinmalar me’yoriga yetkazib ta’riflanadi. So‘nggi ikki misrada esa voqelikning yechimi qaror topadi. Sonet muallif tomonidan muayyan bir shaxsga: mahbuba yoki do‘stga yo‘llangan bo‘lib, o‘zida ishqiy yoxud axloqiy mazmun kasb etuvchi yaxlit ko‘rinishdagi asardir.
Shekspirning “Sonetlar” (Sonnets) kitobini ilk bor 1609 yili noshir Tomas Torp chop ettirgan. Shoir zamondoshi, adabiyotshunos Fransiz Merezning ta’kidlashicha, aslida Shekspir o‘z sonetlarini 1592—1598 yillar orasida yozib tugatgan. Bu to‘plamga shoirning 154 ta soneti jamlangan bo‘lib, asarlar mazmunidagi falsafiy teranlik, lirizm ustuvorligi, ko‘tarinki kayfiyat va musiqaviylik o‘quvchini o‘ziga rom etadi. Lirik qahramon, ya’ni shoir o‘zining alpjussa, xushsurat do‘sti janob W.H.ga sadoqatini va qorasoch, bug‘doyrangyuz xonim(the Dark Lady)ga muhabbatini oshkora bayon aylaydi. Qizig‘i shundaki, “Sonetlar” kitobining titul varag‘idagi “Ushbu sonetlarning yozilishi (begetter)ga asosiy sababchi bo‘lgan pinhoniy do‘stim, janob W.H.ga baxt-saodat va uzoq umr tilab qolaman”, degan jumla yechimi ustida shekspirshunoslar hozirga qadar bosh qotiradilar. Shoirning sir tutgan sadoqatli do‘sti kim bo‘lganu, ta’rifini keltirayotgan mahbubasi ”qorasoch, bug‘doyrangyuz xonim” kim edi? Hozirgacha Shekspir sonetlari haqida yuzlab maqola va tadqiqotlar yaratilgan, Gyote, Vordsvord, Oskar Uayld singari so‘z ustalari ularni tahlil qilib, yuqori baholaganlar. Biroq ulardan birortasi ham shoir o‘z sonetlarida pinhon tutgan qadrdon do‘sti W.H.ning yoxud ko‘ngli moyil bo‘lgan xonimning ismu sharifini aniq ayta olmagan.
Shekspirshunoslar shoir sonetlarini, odatda, ikki qismga bo‘lib talqin qilishadi. Birinchi qismga 1-dan to 120-ga qadar, ya’ni muallifning ”sirli do‘sti”ga bag‘ishlagan sonetlari, ikkinchi qismga esa 128-dan 152-gacha, ya’ni ”qorasoch, bug‘doyrangyuz”li xonimga bag‘ishlangan sonetlarini kiritadilar. Olimlarning ko‘pchiligi birinchi qismga mansub sonetlarida Shekspir qadrdon do‘sti va saroydagi panohi graf Sautgemptonni ta’riflagan deyishsa, boshqalar shoirning kenja zamondoshi graf Uilyam Herbert (W.H. — bu harflar inglizchada uning ism-sharifiga mos keladi — M.X.) tasvirlangan, deya isbotlashga urinadilar. Nima bo‘lganda ham sonetlarda tasvirlangan bu xushqomat mallasoch yigitning shoir ko‘ngliga yaqin bo‘lgani sezilib turadi. Sonetlarda ta’riflanganidek, shoir ma’lum vaqt navqiron do‘stidan yiroqlashib ”qorasoch, bug‘doyrangyuz”li xonimga ergashadi. Nihoyat mahbubasining bevafoligini anglagach, undan mehri soviydi, muhabbati so‘na boshlaydi. Shoir 139-sonetida rashk va iztirobini mahbubasiga tavoze bilan shunday bayon qiladi:
Fe’lingda pinhonki nohaqlik, yolg‘on —
Oqlamoqqa majbur qilmog‘ing bekor.
Undan ko‘ra sindir kuchni kuch bilan,
Makr ila sen meni etma yarador.
O‘zgani sev, ammo uchrashgan zamon
Ko‘zlaringni mendan olib qochma hech.
Ishqing saqlaguvchi ko‘ksim beqalqon
Kipriklaring garchi yalong‘och qilich.
Ko‘zlaring qudrati o‘zingga ayon.
Mendan nigohingni uzib, oqibat —
O‘zgalarning ko‘ksin olarsan nishon,
Ki menga ko‘rsatmoq bo‘larsan shafqat.
O, shafqatingni qo‘y! Nigohing mayli
O‘ldirsa o‘ldirsin ishqim tufayli.
(Ruschadan Yu.Shomansur tarjimasi.)
Oxir-oqibat shoir sevgisiga nomunosib bevafo va yengiltak xonimdan voz kechishga urinib, ishq azobida g‘amuhasrat chekadi (142—152-sonetlarda), qadrdon do‘stiga sadoqatini isbotlamoqchi bo‘ladi.
Xulosa qilib aytganda, Shekspir sonetlarining aksar qismi mazmunan lirik qahramonning muhabbat yo‘lidagi iqrorini, ta’bir joiz bo‘lsa, toat-ibodatini madh etadi. Lirik qahramon qalbida jo‘sh urayotgan ishq tuyg‘usi uning ma’naviy qiyofasi va o‘zi yashayotgan jamiyatga munosabati bilan uyg‘unlikda tasvirlanadi.
Endi Shekspir sonetlarining tarixiy taqdiri haqida ikki og‘iz so‘z. ”Sonetlar” kitobi shoir hayot davrida boshqa nashr qilinmaydi. Hatto 1623 yili chop qilingan Shekspir asarlarining to‘liq nashrida ham sonetlarga o‘rin berilmagandi. 1640 yilga kelibgina shoir Jon Benson Shekspir sonetlarini kitob holida qayta chop ettiradi. Bensonning yozishicha: ”Shoir sonetlari uning tragediya, komediya va xronikalari kabi kitobxonlar davrasida shuhrat qozonolmadi. Sababi, gumanistik kayfiyatdagi bu sonetlar Renessans g‘oyalarining inqirozga yuz tutayotgan yillarida birmuncha eskirgan, o‘quvchida yangicha kayfiyat uyg‘otayotgan shoir Jon Donning murakkab metaforalar talqinidagi lirikasiga o‘z o‘rnini berayotgan edi”.
Ingliz burjua inqilobidan so‘ng, aniqrog‘i, 1660-yillarga kelib badiiy adabiyotda klassitsizm me’yorlari hukmronlikni qo‘lga oladi. Klassitsizm nazariyotchisi, dramaturg Jon Draydenning yozishicha, bu davrda Shekspir va Jon Don singari mumtoz shoirlar unutila boshlandi. Hatto ularni o‘z asarlarida ingliz adabiy tili me’yorlarini buzganlikda aybladilar. Xullas, mustabid monarx tuzumining g‘oyaviy quroliga aylangan klassitsizm adabiyotining qat’iy qolipga bo‘ysunuvchi qoidalari hur fikrli, erkin uslubda bitilgan Shekspir sonetlarini chetga surib qo‘ygan edi.
XVIII asrga kelib Shekspir dramaturgiyasiga qiziqish qayta uyg‘ongan bo‘lsa-da, uning sonetlari hamon kitobxon nazaridan chetda edi. Masalan, Shekspir ijodining targ‘ibotchilaridan biri Jorj Stivens 1793 yili adib asarlarini qayta nashr qildirarkan, to‘plamga yozgan so‘zboshisida: ”Biz bu nashrga Shekspir sonetlari va poemalarini kiritolmadik. Sababi kitobxonda ularga nisbatan qiziqish yo‘q”, degan fikrni bildiradi.
XIX asr boshida ingliz romantizmi shoirlari sa’y-harakati tufayli Shekspir sonetlari hayotga qaytdi, o‘z o‘quvchilarini topdi. Romantizm she’riyati yalovbardorlaridan bo‘lgan Semyuel Teylor Kolrij o‘zining Shekspir ijodi haqida o‘qigan ma’ruzalarida, uni, avvalo, shoir deb bilishni, ”xushta’b mazmunli” sonetlarini qayta-qayta o‘qib, mag‘zini chaqib, so‘ngra ularga haqqoniy baho berishni taklif etadi. Yana bir romantik shoir Jon Kits birodariga yo‘llagan maktubida: ”Men uch dona kitob xarid qilgandim. Ulardan biri Shekspir ”Sonetlar”i edi. Men oldin ham o‘zga shoirlar qalamiga mansub sonetlarni o‘qigandim. Biroq ulardan Shekspir sonetlaridagidek iliq taassurot olmagandim, zavqlanmagandim”, deb yozgandi. Xullas, so‘nggi ikki asr davomida Shekspir sonetlari Yevropa va o‘zga qit’alarda mashhur bo‘ldi, kitobxonning e’tiborini o‘ziga qaratdi.
O‘tgan asrda Shekspir sonetlarini rus tiliga B.Pasternak, S.Marshak, A.Finkel singari shoirlar maromiga yetkazib tarjima qildilar. Hatto Samuil Marshak Shekspir sonetlari tarjimasi uchun 1948 yili davlat mukofotiga sazovor bo‘ldi. Sonetlarni taniqli shoirlarimiz Maqsud Shayxzoda va Yusuf Shomansur ruscha tarjimalardan o‘zbek tiliga o‘girdilar. Buyuk so‘z ustasi Shekspir tavalludining 445 yilligini qarshi olarkanmiz, shoir sonetlaridagi xushta’blik, teran mushohada, muallif qalbini band etgan samimiy muhabbat va ezgu istaklarning bugun ham tirikligining, kitobxonni fikrlashga chorlayotganining shohidi bo‘lamiz. 27-sonet
Uyimga qaytaman tolg’in, xuddi mast,
Charchoqlarim olib ketsin deb kecha —
Ammo,tan uxlaydi-yu, fikr uxlamas,
Bari bir u orom topmas tonggacha.
Yana xayol seni ketadi izlab,
Yana xayol uchar sen tomon ilhaq —
Yana uyqu bilmas toliqqan ko’zlar,
Zulmatga tikilar so’qirday befarq.
Qalbim ko’zi bilan ko’raman seni,
U sendan o’zgani ko’rgisi kelmas.
Jamoling yoritar bu dam qalbimni,
Bunday dam o’lim ham battollik qilmas.
Bu hayot bizlarga bermas farog’at,
Fikr ham tunu kun topolmas rohat.
Do'stlaringiz bilan baham: |