Fe’l nisbatlari – ish-harakatning sub’ekti va ob’ekti munosabatlarini bildiradi.
Ravish – harakatning (holatning) belgisini ifodalovchi so’z turkumi.
Yasama ravishlar – boshqa so’z turkumlaridan turli vositalarda ravish yasalishidir.
Ravishning ma’no turlari – ravishning holat, payt, o’rin, daraja-miqdor, chegaralov, o’xshatish ma’nolarini ifodalashidir.
4-ilova
Fe’l aspektlari. Ayrim adabiyotlarda fe’l aspektlariga mumkinlik va nomumkinlik shakllarini ham kiritadilar. Aslida mumkinlik-nomumkinlikni hosil qiladigan grammatik shakllar (formalar) yo’q, balki bunday semantika qo’shma fe’llar orqali hosil qilinadi. Masalan, tarta alar – tarta almas.
Fe’lning bo’lishli va bo’lishsiz shakllari fe’l aspektlari kategoriyasini hosil qiladi, chunki bo’lishsizlik –ma//-mә affiksi orqali hosil qilinadi va bu affiksni olmagan so’z bilan oppozistiyaga kirishadi: barma, keltürmә va boshqalar.
O’timli va o’timsiz fe’llar haqida. O’zbek tilida uning tarixiy taraqqiyotidan qat’i nazar bunday morfologik kategoriya mavjud bo’lmagan, balki fe’lning tushum kelishigidagi so’z bilan bog’lana olishi qobiliyati uning semantik xususiyatidir. Demak, o’timlilik va o’timsizlik fe’l shakliga emas, balki u fe’lning semantik xususiyati bilan bog’lanadi.
Fe’llarning yasalishi. Fe’ldan boshqa turkumlardan so’z yasovchi affikslar orqali fe’l yasalishi mumkin:
-la/-lә affiksi. Bu affiks barcha davrlarda ham faol qo’llangan. Ot, sifat, son, ravish, ba’zan olmosh turkumlaridan fe’l yasagan. Turkiy va turkiy bo’lmagan so’zlarga ham qo’shilgan: Tөsh-tөshtin pïchaqlab, chapqulab pāraladïlar (Boburnoma). Bir kün namāzi peshinni guzarladï...(Nav. Nas.muh.).
-da/-dә affiksi. Bu affiks –la/-lә affiksining fonetik variantidir. Eski o’zbek tilida sonor undoshlardan so’ng qo’llangan: Pādshāh bu g’ulāmnï indәdi (Taf.). Yoldasa bu yolda Nizāmiy yolum// Qoldasa Xusrav bilә Jāmiy qolum (Xamsa).
-a/-ә affiksi. Ot turkumidagi so’zlardan fe’l yasagan: Tunәdi lәshkәr anda (SHN). Ashlarïni ashab va yashlarïnï yashab, atalarï keynidin ketdi (SH.tar.).
-y/-ay affiksi. Sifatdan fe’l yasagan: Ul faqïr qashïda ulg’ayïbdur (Navoiy). Barcha sag’aytlanïb atlandïlar (SHN).
-r/-ar/-әr affiksi. Sifatdan fe’l yasagan: Bu nav’ qara kün ichrә qarïb// Ya’niki qara künüm aqarïb (Navoiy). Kөkәrgәn yïg’achlarnïң barchasï (SH.tar.).
-qar/-kәr affiksi. Otdan fe’l yasagan: Tag’ tuznï tün-u kün bashqarïb// Xayalnï yol aqbasïdïn өtkәrib (Xamsa).
-q/-k,-ïq/-ik,-uq/-ük affiksi. Ot va boshqa turkumlardan fe’l yasagan: Libāsï rәңin bilmәn, yoluqsa, hayrattïn (Lut.). Kim yag’ïqsa shāhi SHayabāniyg’a (SHN).
-sa affiksi. Otdan fe’l yasagan: Dilrabā, ābi hayat erniң üchün jān susadï (Lut.).
-sïn affiksi. Ot va sifatdan fe’l yasagan: Yïg’lamsïnur –u kөzigә kelmәs yash (Navoiy).
5-ilova
Eski o’zbek tilida ham ravish kategoriyasi so’z o’zgartiruvchi affikslar qabul qilmasligi bilan xarakterlanadi. Bu hol ravish turkumining boshqa mustaqil so’z turkumlaridan farqlovchi o’ziga xos belgisini tashkil etadi. Gapda ravishlar boshqa so’zlar bilan bitishuv yo’li bilan bog’lanadi.Ayrim ravishlarning tarkibidagi kelishik affikslari esa o’zining grammatik xususiyatini yo’qotib, so’zning tarkibiy qismiga aylanib qolgan.
Eski o’zbek tilidagi ravishlarni ham ma’no jihatdan quyidagicha tasnif qilish mumkin:
Holat ravishlari: āhista, ravān, āsān, āgāh, türkchә, āshïqāna.
Payt ravishlari: tünlә, hargiz, nāgāh, hamisha, damādam, dambadam, har dam, har lahza, avval, hālā.
O’rin ravishlari: har sarï, bu yer, bunda, anda.
Daraja-miqdor ravishlari: az, kөp, bürgütchә, menchә, ulug’cha, g’āyat, bag’āyat.
Chegaralov ravishlari: haftag’acha, kөkkәchә, G’aznïg’acha, axshāmg’acha, xususan, bataxsis.
O’xshatish ravishlari: lāladek, burung’ïdek, ïnang’udek, yegütek, paritek.
Juft ravishlar. Eski o’zbek tilidagi juft ravishlarning ko’pchilik qismi ot turkumidagi so’zlarning ravishga ko’chishidan hosil bo’lgan: Yana tun-kun bardïlar (Tafsir). Qazar erdi arïg’nï kecha-kunduz (Navoiy,FSH).
6-ilova
Sifatdosh shakli hosil qiluvchi qo’shimchalarni sanang.
Ravishdoshning hozirgi o’zbek tilida qo’llanmaydigan qanday shakllari mavjud.
Mayl deb nimaga aytiladi?
Zamon tushunchasiga izoh bering.
Eski o’zbek tilidagi tuslovchilarning guruhlari va xususiyatlarini aytib bering.
Buyruq-istak maylida qaysi affikslar ishtiroketadi?
SHart mayli formalariga manbalardan misol keltiring.
O’tgan zamon fe’lining sodda formalari qanday hosil qilingan?
O’tgan zamon fe’lining analitik formalariga misollar keltiring.
Hozirgi zamon fe’llarining ifodalanishi jihatidan hozirgi o’zbek tili bilan eski o’zbek tili o’rtasida qanday tafovutlar bor?
Kelasi zamon fe’l formalariga misol keltiring.
Eron tillaridan o’zlashgan ravishlarga misol yozing.
Arab tilidan o’zlashgan ravishlarga misol yozing.
Ravish yasovchi qo’shimchalarni sanang.
Ravishning ma’no turlarini sanab bering va manbalardan misollar keltiring.
7-ilova
Uyga vazifa:
O’tilganlarni takrorlash. O’zbek tiliga doir yozma yodgorliklar tilini fonetik tuzilishini tahlil qilishga tayyorlanish.
O’zbek tili yozma manbalari tilining fonetik xususiyatlarini o’rganilish tarixiga doir izlanishlar olib borgan olimlarning ilmiy ishlari bilan tanishish. Konspektlashtirish.
ADABIYOTLAR RO‘YXATI
Abdurahmonov G‘. Qadimgi turkiy til. –Toshkent, 1992.
Rahmonov N. , Sodiqov Q. O‘zbek tili tarixi. –Toshkent, 2009.
Abdurahmonov G‘., Shukurov Sh., Qozoqboyev M. O‘zbek tilining tarixiy grammatikasi. –Toshkent, 2008.
Ashirboyev S., Azimov I. O‘zbek tilining tarixiy grammatikasi. Toshkent, 2002.
Tursunov U., O‘rinboev B., Aliev A. O‘zbek adabiy tili tarixi. - Toshkent, 1995.
Do'stlaringiz bilan baham: |