Mavzuga oid asosiy muammolar:
1.Ish qog’ozlari va hujjatlarni to’g’ri rasmiylashtirish muammosi haqida qanday yangi fikrlaringiz bor?.
2.Bayonning rasmiyligi, kitobiyligi, jiddiyligi, vazminligi, qoliplanganligi qaysi xolatlarda buziladi?
3.Rasmiy uslub leksikasi asosini umumuslubiy (betaraf) so’z va iboralar tashkil etadimi yoki qanday qo’shimcha fikrlaringiz bor?
1-savol bo’yicha dars maqsadi:
Talabalarga rasmiy uslub haqida tushuncha berish.
Ish qog’ozlari va boshqa hujjatlarni aniq va ixcham rasimylashtirishlariga erishish.
Identiv o’quv maqsadlari:
Rasmiy uslubni tasavvur qiladi va tushuntirib bera oladi.
Rasmiy-idoraviy hujjatlarni tayyor andozalar bo’yicha tuza oladi.
Misollar orqali izohlay oladi.
1-asosiy savolning bayoni:
Rasmiy uslub asosan huquqiy –ma’muriy munosabatlar sohasi uchun xizmat qiladi. U idoralar kishilar davlatlar o’rtasidagi munosabatlarni tartibga soladi.Farmon berish, da’vat etish va majburiylik ohangi kuchli bo’ladi.
Rasmiy-idoraviy hujjatlarning tayyor andozalari ishlab chiqilgan bo’ladi. Mazmuni aniq va ayon bo’lib,yozma nutq shaklida amal qilinadi.Ortiqcha izoh va takrorlar bo’lmaydi. Tasviriylik va majoziylikdan mahrum bo’ladi. Bu uslubda xolis baholash, qat’iy undash, buyurish ohangi ustuvor bo’ladi.
Diplomatik yozishmalarda, iqtisodiy, yuridik munosabatlar ifodasi bo’lgan hujjatlarda, davlat idoralari, sudlar, savdoga doir muomalalarda rasmiy uslub ishlatiladi. Rasmiy uslub ish yuritish hujjatlarida qo’llanadi. Bunga ariza, tushuntirish xati, e’lon, tarjimai hol, ishonch qog’ozi, tilxat, hisobot, notalar, buyruq va farmonlar, farmoyishlar, taklifnoma, rasmiy xatlar, tijorat yozishmalari kabilar kiradi. (Bu qog’ozlarning qanday yozilishi haqida M.Aminov, A.Madvaliev, N.Mahkamov, N.Mahmudovlarning «Ish yuritish» degan kitobidan har tomonlama ma’lumot olish mumkin).
Bu uslubda adabiy me’yorga qat’iy rioya qilinadi, shevaga xos so’zlar, jargonlar, har xil uslubiy bo’yoqqa ega bo’lgan so’zlar ishlatilmaydi. Bu uslub qisqa, aniq, lo’ndaligi bilan o’ziga xoslikni ko’rsatib turadi. Jumlalar ham inversiyasiz bo’lishi lozim. Gaplarda ta’sirchanlik bo’lmaydi. Rasmiy uslubda yoziladigan ayrim hujjatlar shtampga o’xshash maxsus tartib va shakl bilan yoziladi. Masalan, rasmiy xatlar, ariza, tushuntirish xati, bildirgi, ma’lumotnomalar, qarorlarni ko’rsatish mumkin.
Hujjatlar uslubida ot turkumiga oid so’zlar ko’p qo’llanadi. Hatto, fe’l so’zlar ishlatilganda, uning otga yaqin shakli harakat nomidan foydalaniladi. Masalan, qabul qilishingizni so’rayman, qarorning bajarilishi, stipendiya tayinlash, talabalar safiga tiklash kabilar.
Fe’llar majhul nisbatda va buyruq-istak mayli shaklida qo’llanadi. Bajarilsin, tayinlansin, amalga oshirilsin, qaror qilindi, ko’rib chiqildi, eshitildi kabilar. Agar pul, buyum miqdori ko’rsatilishi lozim bo’lsa, oldin raqam bilan qavs ichida harflar bilan yoziladi.
Hujjatlarda fikr aniq, lo’nda bayon qilinishi lozim. Bunda xatboshi (abzats) ning o’rni muhimdir. Har bir yangi, alohida fikr xatboshi bilan ajratilishi, bir xatboshi bilan ikkinchi xatboshi o’rtasidagi matn to’rt-besh jumladan oshmasligi me’yorga mosdir.
Hujjatchilikda imlo va tinish belgilariga alohida e’tibor berish kerak. Hujjatning nomi bosh harf bilan yoziladi. Agar bosma matn bo’lsa, hujjat nomining har bir harfi bosh harf bilan yozilishi mumkin. Hujjatning nomidan so’ng qo’yilmaydi.
Diplomatik hujjatlar shakliga va so’z qo’llanishi jihatidan o’ziga xos ko’rinishga ega. Ularni yozishda hujjatning qay shaklda bo’lishi muhimdir. Ma’lumki, diplomatik yozishmalar bir davlatdagi oddiy korxonalar yoki tashkilotlar orasida bo’lmaydi. Ular boshqa – boshqa davlatlar o’rtasida bo’lgani uchun hujjat yuborilayotgan mamlakat an’analari hisobga olinadi. U yoki bu davlatga hujjatning qaysi turi yuborilayotgan bo’lsa, xuddi shu turi bilan javob qaytariladi. Diplomatik hujjatlarga bayonot, nota, rasmiy xatlar, ilova xatlar, yarimrasmiy shaxsiy xatlar, diplomatik protokol qaydnomalar, memorandumlar va boshqalar kiradi.
Diplomatik yozishmalarda hujjat yuborilayotgan mamlakatning nomlanishida, shaxsning ismi-sharifi va lavozimini yozishda, unga qilinayotgan murojaat ifodalarida xatoga yo’l qo’yilishi mumkin emas. Chunki, xatolar bepisandlik, hurmatsizlik sanaladi. Bu hujjatlar tashqi ko’rinish jihatidan ham nuqsonsiz bo’lishi, fikr aniq, to’g’ri, mantiqiy, izchil, asosli va ikkinchi tomonning xususiyatlarini hisobga olgan holda bayon etilishi zarur.
Rasmiy uslubda fonetik xususiyatlar bo’lmaydi. Chunki unda talaffuzga xos belgilar uchramaydi, adabiy me’yorga qat’iy rioya qilinadi.
Do'stlaringiz bilan baham: |