AMALIY MAShG’ULOTLARDA QO’LLANILIShI MUMKIN BO’LGAN METODLAR:
ILMIY MUNOZARA METODI
O’tiladigan dars yuzasidan ma’lum bir muammoni o’qituvchi talabalar e’tiboriga havola qiladi. Va bu masala yuzasidan shu kungacha aytilgan fikrlar mutlaq to’g’ri xulosalar emasligini, biryoqlama ekanligini, masala haligacha to’liq ochilmaganligini aytib o’tadi. Muzokara uchun vaqt va muzokarada ishtirok etuvchilar uchun reglament belgilanadi. Fikrlar xilma-xilligiga e’tibor beriladi. Bunda tanlangan masalaga turli tomondan yondashish mumkinligiga alohida e’tibor berish zarur.
Badiiy matnning lisoniy tahlili fanida ilmiy munozara asar tili bo’yicha jurnal va ilmiy to’plamlarda berilgan maqolalar bo’yicha o’tkaziladi. Bu metod talabalarning ilmiy mushohada malakasini oshirishga xizmat qiladi.
WORKSHOP METODI
Bu metod bugungi kunda dunyoning ko’plab davlatlarida keng qo’llanib kelinayotgan metodlaridan biri hisoblanadi. Mutaxassislarning fikricha, Rossiya, Amerika, Xitoy, Turkiya va Isroil davlat universitetlarida sinalgan va yuqori baholangan metod hisoblanadi.
Bu metodda ham talabaning erkinligi, har qanday quyma-qotma fikrlardan holi bo’lishi, shaxsiy fikrini tortinmay aytishi inobatga olinadi.
Workshop metodini qo’llashda oldin ishchi guruh tashkil qilinadi. Ishchi guruh 4 yoki 5 talabadan iborat bo’ladi. Ular darsda o’tilgan mavzu bo’yicha talabalarning o’zlashtirishini kuzatadilar va ularning munosabatini o’rganadilar. Ishchi guruh o’ziga biriktirilgan talabalar fikrini umumlashtiradi va muhokamaga olib chiqadi.
LINGVOPOETIST METODI
Bu metod ikki etapdan iborat. Birinchi etapda talabalarga badiiy asardan ma’lum bir parcha ifodali o’qib eshittiriladi. Asar muallifi va asar nomi haqida ma’lumot berilmaydi. Imkon qadar notanish yozuvchilarning asarlaridan parcha olinsa talabalarda sub’ektiv to’siqlar kam bo’ladi. Matndagi asosiy fikrni aniqlash va unga munosabat bildirish talab qilinadi. «Agar siz ushbu fikrni aytmoqchi bo’lsangiz uni qanday ifodalagan bo’lardingiz?» mazmunidagi savol o’rtaga tashlanadi. Har bir talaba o’z ifoda tarzini yozma tarzda bildiradi va o’qib eshittiradi. Muhokama asosida eng yaxshi ifoda aniqlanadi, tahlil qilinadi.
Ikkinchi etapda esa fikr o’qituvchi tomonidan aytiladi va shu asosda matn yaratish talab qilinadi. Fikr bir so’zdan iborat bo’lishi ham, so’z birikmasi yoki gap shaklida bo’lishi ham mumkin. Asosiy e’tibor talaba ongida berilagn so’z yoki gap qanday tasavvurni uyg’otgani va uning qanday ifodalanganligi hisoblanadi. Masalan: yomg’ir so’zi berildi. «Shu so’z sizga nimani xotirlatadi?» mazmunidagi savollar bilan talabaga ko’mak berish mumkin. Matn tuzish uchun ma’lum vaqt belgilab olinadi. O’qib eshittirilgan matnlar ichida eng yaxshilari aniqlanadi.
EPISTOL METODI
Buning uchun biror bir mashhur yozuvchining hikoyasi olinadi va talabalarga o’qib eshittiriladi. Hikoya haqidagi munosabatini talaba yozuvchiga maktub shaklida yozishi kerak. Bilamizki, o’z yaqinlariga, yoru birodarlariga maktub yozayotgan odam nisbatan erkin bo’ladi. Dilidagini, o’ylaganlarini ikkilanmay yoza oladi. Yuzma-yuz turib aytolmagan gaplarinini bemalol aytish imkoniga ega bo’ladi.
Maktubda talabalar asarning muvaffaqiyati, kamchiligi, qahramonlar nutqi va qiyofasi, lisoniy xususiyatlari kabi jihatlar haqida o’z munosabatlarini bildirishlari zarur. Har bir maktub o’qituvchi tomonidan e’tibor bilan o’qib unga shaxsiy fikr javob tarzida yoziladi.
Bu metod talabaning yozma nutqini shakllantirishga yordam berish bilan birga o’y-kechinmalarini tartibli ifodalash, o’z fikrini mustaqil bildirish malakasini rivojlantiradi.
Do'stlaringiz bilan baham: |