Tirik organizmlar tanasida yashashga moslanishlar.
Bir organizmning
(parazit) boshqa organizm (xo‘jayin) hisobiga yashashi
parazitlik
deb yuritiladi.
Xo‘jayin organizm bilan o‘zaro munosabatiga ko‘ra parazitlikning ikki turi
farqlanadi:
ektoparazitlar
xo‘jayin organizm tanasining tashqi qismlarida
yashaydi (bit, burga, kana, to‘shak qandalasi); endoparazitlar xo‘jayin
organizmning tana bo‘shlig‘ida, ichki organ va to‘qimalarida, hujayralarida
yashaydi (bezgak plazmodiysi, askarida, qilbosh chuvalchang, tasmasimon
chuvalchanglar). Endoparazitlarda xo‘jayin organizmda yashash uchun bir
qancha: jumladan, tana o‘lchamining kichikligi, tana tuzilishining soddalashuvi,
himoya vositasiga ega tana qoplami, naslining ko‘pligi, hayot siklida xo‘jayin
organizmning boshqasi bilan almashinishi va hokazo moslanishlar yuzaga
kelgan.
Xo‘jayin organizm tanasida yashash uchun muhit qulay va optimal bo‘lgani
sababli parazitlar murakkab tana tuzilishiga va moslanish mexanizmlariga ega
emas. Shuning uchun ularning tana tuzilishi soddalashgan, ba’zi organlari
reduksiyaga uchragan. Masalan, parazit chuvalchanglarda harakat organlari
bo‘lmaydi. Ko‘pchilik vakillarida xo‘jayin tanasida mahkam o‘rnashib olish
uchun yopishuv a’zolari (ilmoqlar, so‘rg‘ichlar) mavjud.
Tirik organizmlarning ovqat hazm qilish sistemasida uchraydigan parazitlar
oson o‘zlashtiriladigan oziq bilan oziqlanishi natijasida parazitlarning hazm
qilish sistemasi soddalashgan. Jigar qurtida hazm qilish organlari sistemasi
soddalashgan bo‘lsa, qoramol tasmasimon chuvalchangida butunlay yo‘qol-
gan. Kislorodsiz muhitda yashash anaerob nafas olishga o‘tishga sabab
bo‘ldi. Parazitlarda energiya sarfi kamligi va o‘zlashtiriladigan oziqning
ko‘pligi sababli nafas olishning ushbu usuli o‘zini oqlaydi.
Tashqi muhit omillarining bevosita ta’siri ostida erkin hayot kechiruvchi
organizmlardan farq qilib, parazitlar tashqi muhit bilan bevosita munosabatda
bo‘lmaydi. Bu esa nerv sistemasining va sezgi organlarining soddalashuviga
sabab bo‘lgan. O‘zini dushmanlardan himoya qilishga qaratilgan moslanishlar-
ga ham ehtiyoj yo‘q.
Organizmning hazm yo‘llarida yashaydigan parazitlar xo‘jayin organizm
tomonidan ishlab chiqariladigan hazm fermentlari ta’siri ostida bo‘ladi.
Shuning uchun ularda hazm fermentlari ta’siridan himoya qiladigan maxsus
tana qoplami paydo bo‘lgan. Parazit organizmlarning yashash maydoni
cheklanganligi, tarqalish va rivojlanish siklining murakkabligiga qaramasdan
jinsiy sistemasining kuchli rivojlanganligi, serpushtligi ularning yashash
uchun kurash va tabiiy tanlanishda saqlanib qolish imkonini beradi.
Parazit organizmlar hayot siklida asosiy va oraliq xo‘jayin almashinadi. Bu
hodisa bir xo‘jayin organizmida parazitlar sonining haddan tashqari ko‘payib
ketishi va xo‘jayin organizmning nobud bo‘lishiga imkon bermaydi. Parazit
o‘simliklarning xo‘jayin o‘simlik shirasi bilan oziqlanishi natijasida ulardagi
fotosintez jarayoni mexanizmi va xlorofill pigmentlarining yo‘qolishiga olib
keladi. Shuningdek, parazit o‘simliklarda ildiz, barg kabi vegetativ organlar
tuzilishi soddalashgan yoki butunlay yo‘qolib ketgan.
Do'stlaringiz bilan baham: |