"SCA" tizimi (Strategic Cost Analysis ) – xarajatlarni strategik tahlil qilish tizimi bo’lib, uning asosiy tarkibiy qismi va markaziy ob’ekti iste’mol qiymatini shakllantirish zanjiri hisoblanadi.
Segmentlar bo’yicha hisobot tuzish tamoyillari – tushunarlilik, muhimlilik, ishonchlilik, tezkorlik, aniq manzillilik, ehtiyotkorlik, muvofiqlik, taqqoslanuvchanlik, xolislik va h.k.
Segment xarajatlari – bevosita segmentlar tarkibiga kiritiladigan xarajatlar yoki ularni korxona umumiy xarajatlarining bir qismi sifatida namoyon bo’lishi.
Servis - korxona marketing faoliyati tizimi bo’lib, transport, uskuna va boshqa sanoat mahsulotlarini sotish va ulardan foydalanish bilan bog’liq xizmatlar majmuini ta’minlaydi. Servis asosan, bepul amalga oshirilsa-da, servis bilan bog’liq holda rejalashtirilgan xarajat mahsulotning sotish bahosiga qo’shiladi. Servis sotish va sotishdan so’ngi turlarga bo’linadi.
Sertifikat - kredit muassasini pul mablag’larining deponentlashtirilganligi haqidagi yozma guvohnomasi bo’lib, jamg’aruvchiga deponent muddati tugagach pul mablag’ini va unga belgilangan foizni olish huquqini tasdiqlovchi hujjat hisoblanadi.
Shaxmat yozuvi - xo’jalik jarayonlarini hisob registrlarida shunday aks ettirishki, bu usulda bir marta yozilgan summa, tegishli hisobvaraqlarning debeti va kreditida aks ettirilgan bo’ladi. Shaxmat yozuvi buxgalteriya hisobvarag’ining jurnal-order shaklida keng qo’llaniladi. Bu usul buxgalteriya yozuvini kamaytirish bilan birga korrespondentsiyalangan ikkala hisobni bir joyda, bir vaqtda ko’rish imkonini beradi. Shu jihatlaridan ham shaxmat yozuvi to’g’ri (qator) yozuvdan afzal hisoblanadi.
Buxgalteriya hisobi qaysi xo’jalik tarmog’ida yurgizilishiga ko’ra, shu tarmoq xususiyatiga mos ravishda olib boriladi.
Shartnoma - ikki yoki bir nechta yuridik yoki jismoniy shaxslar o’rtasida ma’lum bir munosabatlarni o’rnatish, o’zgartirish yoki tugatish haqidagi kelishuv. Hozirgi bozor iqtisodiyoti sharoitida turli mulk shaklidagi, turli ishlab chiqarish hajmiga turli miqyosdagi xo’jalik faoliyatiga ega bo’lgan korxonalar, tashkilotlar, muassasalar, fermer xo’jaliklari, uyushmalar va hokazolar vujudga kelayapti va iqtisodiyotning asosini tashkil etmoqda. Tabiiyki, ular o’zaro bir-birlari bilan xo’jalik munosabatlariga kirishadilar. Bu holda shartnomaning ahamiyati kattadir, shuning uchun ishlab chiqarishning uzluksizligi, samarasini oshirish uchun shartnoma shartlarining bajarilishi va ular ustidan nazoratni yuqori darajada olib borish lozim. Shartnomada tomonlar nomi, manzili, hisob-kitobining raqamlari, bajariladigan ish (turi, hajmi, muddati va qiymati), oldi-sotdi ishlar (mahsulot, tovar nomi, turi, hajmi, bahosi va hokazo belgilari), ko’rsatiladigan xizmatlar va boshqalar to’liq ko’rsatiladi. Tomonlarning, imzolari muhrlari bilan tasdiqlanadi. Tomonlarning tuzilgan shartnomaning ba’zi yoki umumiy shartlariga rioya qilmasligi qonun tomonidan ta’qiqlanadi va javobgarlikka tortiladi.
Do'stlaringiz bilan baham: |