Hisob-kitob hujjatlarini rasmiylashtirish va ularni ijro qilish. Hisob-kitob hujjatlarida quyidagi rekvizitlar bo’lishi shart:
- tartib raqami;
- hujjatning sanasi;
- mablag’larni to’lovchining nomi;
- mablag’larni to’lovchi hisobvarag’ining raqami;
- mablag’larni to’lovchining - soliq to’lovchining identifikatsiya raqami;
- mablag’larni to’lovchi bankning nomi;
- mablag’larni to’lovchi bankning kodi;
- mablag’larni oluvchining nomi;
- mablag’larni oluvchi hisobvarag’ining raqami;
- mablag’larni oluvchi bankning nomi;
- mablag’larni oluvchi bankning kodi;
- to’lov summasi;
- to’lov maqsadi;
- imzolar namunalari va muhr izi qo’yilgan varaqchada ko’rsatilgan shaxsning(lar) familiyasi to’liqligicha, ismi va otasi ismining bosh harflari hamda ularning imzolari (chek bundan mustasno).
Chekda qo’shimcha ravishda quyidagi rekvizitlar bo’lishi kerak:
- chekning seriyasi va tartib raqami;
- jismoniy shaxsning shaxsini tasdiqlovchi hujjatining seriyasi va tartib raqami;
- chek amal qilish muddatining oxirgi sanasi.
Cheklarda mablag’larni to’lovchining - soliq to’lovchining identifikatsiya raqami va to’lov maqsadi ko’rsatilmaydi.
Akkreditivga arizada qo’shimcha ravishda quyidagi rekvizitlar bo’lishi kerak:
- akkreditivning amal qilish muddati;
- akkreditiv ochilayotgan shartnomaning tartib raqami va sanasi;
- buyurtmaning tartib raqami;
- buyurtma berilgan sana;
- tovarning (ish, xizmat) nomi;
- to’lovlarni amalga oshirish uchun asos bo’lgan hujjatning turi;
- qo’shimcha shartlar.
Agar ta’sis hujjatlarida nazarda tutilgan bo’lsa, hisob-kitob hujjatlarini to’ldirishda mablag’larni to’lovchi va mablag’larni oluvchining qisqartirilgan firma nomidan foydalanish mumkin.
Hisob-kitob hujjatlari texnik vositalardan foydalangan holda to’ldiriladi. Hisob-kitob hujjatlarini bo’yash, chizish va tuzatishga yo’l qo’yilmaydi.
Cheklar havo yoki qora rang pastasi bo’lgan sharikli ruchka bilan yoxud texnik vositalardan foydalangan holda to’ldirilishi mumkin.
Bank tomonidan hisob-kitob hujjatlari quyidagi hollarda ijroga qabul qilinadi:
- yuridik shaxslardan - hisob-kitob hujjatlaridagi imzolar va muhr izi imzolar namunalari va muhr izi qo’yilgan varaqchada ko’rsatilgan namunaga muvofiq (rahbarlik vazifalarini hamda buxgalteriya hisobi va moliyaviy boshqarish vazifalarini amalga oshiradigan shaxsning) bo’lganda;
- yakka tartibdagi tadbirkorlik va yuridik shaxs tashkil etmasdan turib dehqon xo’jaligi faoliyati bilan shug’ullanuvchi shaxslardan - hisob-kitob hujjatlaridagi imzo imzolar namunalari qo’yilgan varaqchada ko’rsatilgan namunaga muvofiq bo’lgan taqdirda, bank tomonidan ijroga qabul qilinadi.
Hisob-kitob hujjatlari imzolar namunalari va muhr izi qo’yilgan varaqchaga imzo qo’ygan shaxslar tomonidan imzolanishi shart. Hisob-kitob hujjatlarini faksimile usulida nusxa ko’chirish vositalaridan foydalangan holda imzolash ta’qiqlanadi.
Tadbirkorlik sub’ektlari tomonidan taqdim qilingan hisob-kitob hujjatlariga muhr qo’yish yoki hujjatlarni muhr bilan tasdiqlash talab etilmaydi.
Bank hisobvarag’i shartnomasida boshqacha tartib nazarda tutilmagan bo’lsa, hisob-kitob hujjatlari bank amaliyot kuni davomida bankning mijozlar bilan ishlash vaqtidan kelib chiqqan holda qabul qilinadi.
Mijozning hisobvarag’idan mablag’lar:
- hisob-kitob hujjatlarining asl nusxasi asosida;
- elektron to’lovlar tizimi orqali olingan elektron to’lov hujjatlari asosida;
- bank hisobvaraqlariga masofadan xizmat ko’rsatish tizimlaridan foydalanuvchilar uchun umumiy foydalanishdagi telekommunikatsiya tarmoqlari orqali olingan elektron to’lov hujjatlari asosida;
- BPKlardan foydalangan holda tuzilgan elektron hujjatlar asosida hisobdan chiqariladi.
Mijozning hisobvarag’iga mablag’lar:
- elektron to’lovlar tizimi orqali kelib tushadigan elektron to’lov hujjatlari asosida;
- chekning asl nusxasi asosida;
- BPKlardan foydalangan holda tuzilgan elektron hujjatlar asosida dasturiy yo’l bilan kirim qilinadi.
Hisob-kitob hujjatlarining nusxalari, shuningdek mablag’larni kirim qilish yoki hisobdan chiqarish amalga oshiriladigan hisob-kitob hujjatlarining elektron nusxalari mijozning hisobvarag’iga xizmat ko’rsatuvchi buxgalter tomonidan imzolanadi.
Mijozning hisobvarag’iga xizmat ko’rsatuvchi buxgalter tomonidan hisob-kitob hujjatini to’lovga qabul qilish va mablag’larni to’lash sanalarini ko’rsatgan holda o’ziga biriktirilgan bank shtampi bilan tasdiqlanishi shart.