Kalkulyatsiya birligi – kalkulyatsiya ob’ekti o’lchovi.
Kalkulyatsiya moddalari - qiymatni tashkil etuvchi xarajat turlari. Xarajat turlari O’zR VMning 1999 yil 5 fevraldagi 54-sonli “Mahsulot (ishlar, xizmatlar)ni ishlab chiqarish va sotish xarajatlari tarkibi hamda moliyaviy natijalarni shakllantirish tartibi to’g’risidagi Nizom”da keltirilgan. Ushbu Nizomga ko’ra, mahsulot (ishlar, xizmatlar)ning ishlab chiqarish tannarxiga kiritiladigan xarajatlar tarkibi quyidagilardan iborat:
1) ishlab chiqarish bilan bog’liq moddiy xarajatlar;
2) ishlab chiqarish xususiyatiga ega bo’lgan mehnatga haq to’lash xarajatlari;
3) ishlab chiqarishga tegishli bo’lgan ijtimoiy sug’urtaga ajratmalar;
4) asosiy vositalar va ishlab chiqarish ahamiyatiga ega bo’lgan nomoddiy aktivlar amortizatsiyasi;
5) ishlab chiqarish tusidagi boshqa xarajatlar.
Kanban – qayta qurishga moslanuvchan va deyarli zahiralarsiz faoliyat yurituvchi uzluksiz ishlab chiqarishni tashkil etish mexanizmi. “Kanban” suzi tarjimada “kartochka” degan ma’noni bildiradi. “Kanban” tizimi - ma’lumotlarni yozishning vizual tizimidir. Kanban metall kartochkalarning tizim ichidagi aylanma harakatini bildiradi. Metall kartochkalar uchburchak, to’g’ri to’rtburchak yoki doira shaklida bo’lib, mahsulotni ishlab chiqarish buyurtmasi bilan bog’liq ma’lumotlarni o’zida jamlaydi. “Kanban” ma’lumotlar tizimi bo’lib, ishlab chiqarish va har bir bosqichida ishlab chiqarilayotgan mahsulot miqdorini tez-tez tartibga solib turilishini ta’minlaydi.
“Kanban” tizimi firma-zavodlarida, hamda mol etkazib beruvchi firmada ishlab chiqarishning har bir bosqichida kerakli hajmda va kerakli vaqtda zaruriy mahsulotning ishlab chiqarilishini ta’minlovchi axborotlar tizimidir.
Kassa kitobi - korxona kassiri kassa jarayonlari hisobini yurgizishiga mo’ljallangan hisob registrlari. Ushbu kitob varaqalari tartib raqamlariga ega bo’lishi lozim. Undagi yozuvlar kassa jarayonlarini hisobga olish haqidagi Nizomga asosan har bir kirim va chiqim hujjatlari bo’yicha olib boriladi. Kun oxirida kassir kirim va chiqim summalarini, keyingi kungi pul qoldig’ini aniqlaydi va yozuvda aks ettiradi. Kitobdagi yozuvlar ikki nusxada olib boriladi. Ikkinchi nusxasi har kuni yoki boshqa belgilangan muddatlarda kassa hisoboti sifatida buxgalteriyaga topshiriladi. Buxgalter kitobdagi yozuvlarning haqqoniyligi va to’g’riligini tekshirib hujjatni qabul qilinganligini tasdiqlaydi va imzo chekadi. Bosh hisobchi kassa kitobining to’g’ri yurgizilayotganligini muntazam ravishda nazorat qilib borishi lozim.
Kassa limiti - korxona kassasida doim bo’lishi mumkin bo’lgan pul mablag’larining summasi. Bu summa kunlik mayda xarajatlar uchun ishlatiladi. Uni bank korxona bilan kelishgan holda shu korxona sharoitini hisobga olib belgilaydi. Limitdan ortiq summadagi mehnat haqini to’lash uchun bankdan olingan kundan tashqari uch kungacha bo’lgan muddatda bo’lishi mumkin. Nazorat vaqtida kassada sababsiz limitdan ortiqcha pul mablag’i aniqlansa, 9390 – “Boshqa operatsion daromadlar” hisobvaraqning kreditiga yoziladi va kassir qoidani buzgan hisoblanadi.